Bir kishiga nechta karta? Markaziy bank axborot berdi
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bitta jismoniy shaxsga bitta bank kartasi berilishi bo‘yicha me’yorlar o‘rnatilayotganligi to‘g‘risida axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini hamda bu borada noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilayotganligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JShShIRga) kartalar sonini (virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bunda ushbu talab chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97 foizida (22 mln.ta) 5 tagacha, 3 foiz (770 mingta) jismoniy shaxsda 5-20 gacha hamda 0,03 foizda yoki 7 mingta jismoniy shaxsda 20 tadan oshiq kartalar rasmiylashtirilgan.
Jismoniy shaxslar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, ushbu bank kartalarining bir qismidan (aksariyat holatlarda karta egasining xabari yo‘q) firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangan.
Muhokama qilinayotgan me’yorlar aholining bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar keltirib chiqarmaydi va ushbu talablar tijorat banklarining bank kartalarini emissiya qilish faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.
O‘z navbatida, Markaziy bank bu borada vaziyatni muntazam kuzatib borishini ma’lum qiladi.
Shuningdek, ushbu talablar to‘liq tayyor bo‘lgandan keyin jurnalistlar va keng jamoatchilik muhokamasiga havola qilinadi, deyiladi axborotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter