Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Magnus Karlsen jahon chempionatini mojaroli tarzda tark etdi

Magnus Karlsen jahon chempionatini mojaroli tarzda tark etdi

Jahon shaxmati yulduzi Magnus Karlsenning Nyu-Yorkda davom etayotgan rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatini tark etdi. U  bu ikki yo‘nalish bo‘yicha amaldagi jahon chempioni edi.

Kecha tunda o‘tkazilgan ikkinchi kungi bahslarda norvegiyalik shaxmatchi dress-kod, ya’ni kiyim bilan bog‘liq muammo sabab 9-turga qo‘yilmagandi. Bundan jahli chiqqan Magnus jahon chempionatida qatnashmaslikka qaror qildi va Nyu-Yorkni ham tark etdi.

FIDE Magnus Karlsen bilan bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatlari uchun FIDE reglamenti, jumladan kiyinish qoidalari, barcha ishtirokchilar o‘rtasida professionallik va adolatni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Bugun janob Magnus Karlsen uzoq yillik qoidalarga binoan taqiqlangan jinsi shim kiyib, kiyinish qoidalarini buzdi. Bosh hakam Karlsenni bu holatdan xabardor qilib, 200 dollar jarima solgan holda kiyimini almashtirishni so‘radi. Afsuski, Karlsen rad javobini bergani uchun u to‘qqizinchi turga qo‘yilmadi. Ushbu qaror xolisona qabul qilindi va barcha o‘yinchilarga birdek tatbiq etiladi.

Avvalroq, yana bir ishtirokchi – janob Yan Nepomnyashiy ham sport poyabzali kiyib, kiyinish qoidalarini buzganligi uchun jarimaga tortildi. Biroq u darhol bu qoidalarga bo‘ysunib, ruxsat etilgan kiyimga o‘tdi va turnirdagi ishtirokini davom ettirdi.

Kiyinish qoidalari FIDE Sportchilar komissiyasi a’zolari – professional o‘yinchilar hamda mutaxassislar tomonidan tayyorlangan. Bu qoidalar bir necha yillardan buyon amal qilib keladi va barcha ishtirokchilar ularni yaxshi bilishadi. Shuningdek, har bir musobaqa oldidan bu talablar ularga qayta e’lon qilinadi. FIDE ishtirokchilarning yashash joyi o‘yin zalidan uncha uzoq bo‘lmagan hududda bo‘lishini ham ta’minlab, qoidalarga rioya qilishni osonlashtirgan.

FIDE shaxmatni va uning qadriyatlarini, xususan, barcha ishtirokchilar qabul qiladigan qoidalarga hurmatni targ‘ib qilishga sodiq bo‘lib qoladi», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Jahon chempionatining ikkinchi kunidan keyin hamyurtlarimiz — Nodirbek va Javohir kuchli o‘nlikda bormoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring