Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasida favqulodda hodisa

Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasida favqulodda hodisa

Janubiy Koreya politsiyasi o‘g‘irlangan avtobusda mamlakat chegarasini kesib o‘tgan holda Shimoliy Koreyaga qochishga uringan shaxsni qo‘lga oldi.

Tahlilchilar buni favqulodda hodisa deb baholamoqda. Negaki qochishga uringan shaxs aslli shimollik bo‘lib, 10 yilcha avval Janubiy Koreyaga qochib o‘tib boshpana olgandi.

Ismi oshkor etilmagan shaxs Shimoliy va Janubiy Koreyani ajratib turuvchi «Birlashuv» ko‘prigida hibsga olingan. U chegarachining to‘xtash haqidagi buyrug‘iga quloq solmagan va to‘siqqa borib urilgan.

30 yoshli shaxs politsiyaga Janubiy Koreyada qiyinchiliklarga duch kelgani, to‘lanmagan jarimalari ko‘payib ketgani, shu sabab uyiga – Shimolga qaytishga qaror qilganini aytgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, u Paju shahridagi garajdan avtobusni o‘g‘irlab qochgan. Chegarada qo‘lga olingan vaqtda u giyohvandlik moddalari va mast qiluvchi ichimliklar ta’sirida bo‘lmagan.

Yagona Koreya ikki davlatga ajralganidan buyon o‘tgan 70 yil mobaynida Shimoldan Janubga 34 mingga yaqin kishi qochib o‘tgan. Seul hukumati shimollik qochoqlarga avtomatik ravishda fuqarolik beradi.

Qochoqlarning Shimoliy Koreyaga qaytishi o‘ta kamyob hodisadir. Chunki Pxenyan hukumati Janubga qochganlarni qamoq yoki mehnat tutqungohlariga yuboradi.

Janubiy Koreyadan boshpana olgan shimolliklar daromadli ish topish va ro‘zg‘or tebratishda qiyinchiliklarga duch kelishi aytiladi.

Shimoliy Koreyadan Janubga nafaqat oddiy fuqarolar, yuqori martabali mulozimlar ham qochib o‘tgani ma’lum.

Bir muddat avval Shimoliy Koreya razvedkasida yuqori lavozimda faoliyat yuritgan, keyinroq Seulga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan polkovnik KXDR rahbari Kim Chen Inga oid maxfiy ma’lumotlarni ochiqlagandi.

Shimoliy Koreyaning sir pardasi bilan o‘ralgan hayoti haqida ancha-muncha tafsilotlarni so‘zlab bergan polkovnik Kim ma’muriyati jinoyatlari haqida ochiq gapirgani sababini bunday izohlagandi: «Bo‘ynimdagi so‘nggi qarz bu! Men Shimoldagi birodarlarim ham diktaturadan xalos bo‘lib, ozodlik havosidan nafas olsa deyman».

Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948 yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948-1994, Kim Chen Ir 1994-2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni esa 2011 yilda Kim Chen In egallagan.

Dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri sanalgan Shimoliy Koreyaning kommunist rahbariyati turli cheklov va taqiqlarni joriy etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring