Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubiy Koreya Shimolga javob hozirlamoqda

Janubiy Koreya Shimolga javob hozirlamoqda

Janubiy Koreya va AQSh 2022 yil 20 dekabr kuni o‘tkazgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotdan lavha.

Foto: AP

Janubiy Koreya hamda AQSh yadro mashg‘ulotlari o‘tkazmoqchi. Seul shu tariqa Shimoliy Koreyaning kuchayib borayotgan tahdidlariga javob hozirlamoqda.

Yonhap axborot agentligi xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol Oq uy bilan AQSh yadro vositalarini ishga solgan holda qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazish yuzasidan muzokara olib bormoqda.

Ikki ittifoqchi davlat axborot almashuvini kengaytirish va favqulodda holatlarda harakatlar rejasi bo‘yicha ham o‘zaro kengashmoqda.  

Tahlilchilar Shimoliy Koreyaning siyosiy provokatsiyalari real harbiy tahdidga aylanayotganidan xavotir bildirmoqda.

Avval xabar berganimizdek, yaqinda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yadroviy taktik qurollarni ommaviy ishlab chiqarish, jangovar yadro kallaklari sonini ko‘paytirish talabini qo‘ygan edi.

Shuningdek, u 600 mm kalibrli raketa tizimlari (MLRS) yaratilishini e’lon qildi. Bu esa butun Janubiy Koreya hududiga zarba berish imkoni paydo bo‘ladi deganidir.

Yangi yilning ilk kuni ham Pxenyan kichik masofaga uchuvchi ballistik raketalarni sinab ko‘rdi. Umuman, 2022 yil davomida Kim Chen In ma’muriyati 50 dan ziyod raketa sinovi o‘tkazgan. 

Oktyabr oyida Shimoliy Koreya besh yil ichida birinchi marta Yaponiya ustidan raketa uchirdi.

Dekabrning so‘nggi kunlarida esa Shimolning uchuvchisiz uchoqlari Janubiy Koreya bilan chegarani kesib o‘tdi. Seul bunga javoban qiruvchi samolyotlar va hujum vertolyotlarini havoga ko‘tardi.

Kecha, 2 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi Shimoliy Koreya  rahbariyatini raketa va dron uchirish kabi jangovar taranglikni keltirib chiqarayotgan xatti-harakatlardan tiyilishga chaqirdi. Bryusselga ko‘ra, rasmiy Pxenyanning BMT Xavfsizlik kengashi hujjatlariga zid siyosati Shimoliy Koreya xalqiga manfaat keltirmasligi aniq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring