Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Osiyo kubogi U23. Qatar endi xatarli emas, O‘zbekiston arablardan o‘tsa, «oson raqib» bilan o‘ynaydi

Osiyo kubogi U23. Qatar endi xatarli emas, O‘zbekiston arablardan o‘tsa, «oson raqib» bilan o‘ynaydi

Foto: AFC

Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogi U23 chorak final bahslarining birinchi kunida Qatar Yaponiyaga, Indoneziya Janubiy Koreyaga qarshi to‘p surib, yarim finalning dastlabki ikki jamoasi nomi aniqlandi.

«Ar-Rayyan» stadionidagi o‘yinda 41-daqiqadayoq maydonda 10 kishi bo‘lib qolgan Qatar olimpiyachilari iroda ko‘rsatib, o‘yin oxiriga 2:2 hisobi bilan yetib borishdi. Qo‘shimcha taymlarda qizil kartochka omili baribir o‘zini ko‘rsatdi: kuchsizlanib qolgan qatarliklar darvozasiga yaponlar ikkita gol urib, dastlabki yarim finalchiga aylanishdi – 4:2.

Yaponiya yarim finalda 29-aprel kuni Iroq – Vetnam juftligi g‘olibi bilan to‘qnashadi.

«Abdulla bin Xalifa»dagi Indoneziya – Janubiy Koreya o‘yinida g‘olibni aniqlash uchun 90 daqiqa tugul, ekstrataymlar ham kamlik qildi. Penaltilar seriyasida tomoshabinlar gollarning sanog‘ini yo‘qotishdi.

Qizig‘i, bu o‘yinda ham qizil kartochka! Janubiy Koreya futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatilgan 70-daqiqada kamiga koreyslar 1:2 hisobida ortda borishayotgandi. Ammo kurashishdan to‘xtashmadi va 84-daqiqada Chon Sanning goli muvozanatni tikladi. Keyin qo‘shimcha taymlar. So‘ngra uzoq cho‘zilgan penaltilar seriyasi. Va nihoyat indoneziyaliklarning omadi chopdi. Koreyslar Parijga bormaydi. Qizig‘i, indoneziyaliklarning ustozi Shin The Yon — janubiy koreyalik.

Agar ertaga, 26-aprel kuni O‘zbekiston futbolchilari Saudiya Arabistoni to‘sig‘idan o‘tsa, raqibi indoneziyaliklar bo‘ladi. Sarlavhadagi «oson raqib» jumlasiga chalg‘imaymiz — balki indoneziyaliklar ham bizni Saudiyaga nisbatan «oson raqib», deb bilishar. Ammo biz ko‘proq «Timur va uning komandasi» Qatardan chempion bo‘lib qaytishiga ishonamiz.  

OSIYO KUBOGI U23. CHORAK FINAL

Qatar U23 – Yaponiya U23 – 2:4

Gollar: Ahmad Ar-Ravi 24, Jassim Abdulsalom 49 — Fuki Yamada 2, Kimura 67, Hosoya 101, Uchino, 112.

Chetlatish: Yusuf Baliade 41 (Qatar).

Janubiy Koreya – Indoneziya – 2:2

Penaltilar seriyasi — 10:11.

Gollar: Teguh (45, avtogol), Chon San (84) — Struik (15, 45+3).

Chetlatish: Li Yon Jun (70).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring