Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iqtisodchi: AQShni Rossiya bosib olgandek...

Iqtisodchi: AQShni Rossiya bosib olgandek...

Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida faoliyatga kirishganidan keyin amalga oshirayotgan o‘zgarishlar tahlilchilar tomonidan turlicha baholanmoqda.

Bir muddat avval Harvard universitetida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan vatandoshimiz Botir Qobilov Oq uy ma’muriyati qo‘l urayotgan o‘zgarishlarga munosabat bildirib, go‘yo AQShni Rossiya bosib olgandek taassurot uyg‘onayotganini ta’kidladi.

«Bu administratsiyadan chiqayotgan kundalik yangiliklarni ko‘rib AQShni tashqi dushman bosib olib ichkaridan hamma narsani buzishni boshlagandek. Boshqachasiga talqin qilib bo‘lmaydi. Aytaylik, misol uchun Rossiya AQShni bosib olganda u nima qilgan bo‘lar edi?

- AQSh iqtisodiyotini cho‘ktiradigan barcha harakatlar, shu jumladan, tariflarni oshirardi (Meksika va Kanadaga ahmoqona tariflar), arzon ishchi kuchlarini mamlakat ish bozoridan quvib chiqarardi (immigrantlar), davlat xizmatlarini va ijtimoiy nafaqani qisqartirgan bo‘lar edi (DOGE qilayotgan ishlar).

 - Do‘stona mamlakatlar bilan orani uzar edi, Yevropadan uzoqlashar edi.

 - Rossiyaga AQSh qo‘ygan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilar edi (bugungi yangiliklarga ko‘ra AQSh shu sanksiyalarni bekor qilish harakatida – mutlaqo absurd yangilik).

 - AQShni BMT, NATO va boshqa xalqaro tashkilotlardan chiqarib tashlar edi (jarayonda).

 - Ukraina o‘zi urushni boshladi deb yolg‘on tarqatar, uning prezidentini kamsitishga urinar va Ukrainaga AQSh yuboradigan (Kongress tasdiqlagan) harbiy yordamni tugatar edi (bugun Tramp shunday qaror chiqaribdi).

 - Kabinetga rossiyaparast bo‘lgan amaldorlarni tayinlar edi (masalan, Tulsi Gabbardni razvedka boshlig‘i qilib tayinlagani Putinning ham tushiga kirmagan, menimcha).

 - Dollarga qarshi qandaydir alternativa chiqarishga urinar edi (Oq uy hozir kriptoning eng katta promouteri).

 - ...

 - va hokazo. Bu ro‘yxatni har kuni to‘ldirib borsa bo‘ladi.

Keyingisi nima, Alyaskani Rossiyaga berib yuboraylik deydimi? Yolg‘on tarqatishga usta maslahatchisi Mask orqali Alyaskada saylov o‘tkazaylik, bir paytlar Alyaska bizga adashib o‘tib qolgan deydimi?»  – deb yozdi iqtisodchi B.Qobilov Telegramdagi «Uzbekonomics» kanalida.

Avval xabar berganimizdek, prezident Tramp Ukrainaga harbiy yordamni mamlakat rahbariyati «tinchlik tarafdori» ekanini namoyish qilmaguncha muzlatib qo‘yishni buyurdi.

Yevropadagi siyosatchilar Vashington Ukraina masalasida Moskvaga yon berishga urinayotganini xiyonat deb baholamoqda.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning 14 fevral kuni xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanidagi nutqi ham Yevropa siyosiy yetakchilarida vahima uyg‘otgani ma’lum.

«Yevropaga nisbatan tahdid borasida Rossiya, Xitoy yoki boshqa tashqi kuchlardan xavotirim yo‘q. Meni xavotirga solayotgan jihat, ichki tahdidlar – Yevropaning AQSh bilan uni mushtarak etgan ayrim muhim qadriyatlardan chekinishidir», – degan edi Trampning muovini o‘shanda.

Tramp ma’muriyati yaqin ittifoqchisi Kanada hamda Meksikaga qarshi ham «urush ochdi»: ushbu ikki davlatdan kelayotgan tovarlarga boj to‘lovi 25 foizga oshirildi.

Yanvar oyida prezidentlik lavozimiga kirishgan Tramp jamoasi ikki millionga yaqin davlat xizmatchisiga sentyabr oyiga qadar maoshni saqlab qolish evaziga ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shashni taklif qilgan edi. Oq uy shu tariqa shtatlarni qisqartirish va Tramp siyosiy dasturini dastaklamayotgan xodimlardan voz kechishni ko‘zlagan.

Byurokratiyani keskin qisqartirish kampaniyasi doirasida bir haftada 9500 dan ziyod amaldor ishdan ayrilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring