Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

IIB binosidan qochgan o‘g‘ri, «osmonga uchgan» novvoslar: Qashqadaryoda nima gap?

IIB binosidan qochgan o‘g‘ri, «osmonga uchgan» novvoslar: Qashqadaryoda nima gap?

1

Qashqadaryoning Kitobidan bo‘lgan Abdurazzoq akaning ikki oydan beri uyqusi yo‘q. Yegani ichiga kirmaydi, ichgan suviyam tomog‘idan qiltillab o‘tadi. Tuman va viloyat markaziga boraverib tinkasi quridi, «melisaxona»lar eshigida sarg‘aydi...

Voqea bunday bo‘lgan edi: Katta To‘pchoq qishlog‘ining oddiy fuqarosi Abdurazzoq Gafirov (rusiyzabon hujjat yozg‘uvchining aybiga ma’zur tutgaysiz) mashina yo‘li yoqasida joylashgan o‘g‘lining uyi oldiga kattagina sigirini bog‘lab ketadi. Ekindan xabar olib kelay deb bir soatdan keyin qaytsa, na sigir bor, na qoziq... Osmonga uchib ketdi desang, katta govmishni uchiradigan shamol turgani yo‘q, nainki, sigir bo‘shalib ketgan bo‘lsa ham biron ko‘m-ko‘k ekinzorga o‘zini uradi. Sho‘rlik dehqon bir bechoraning ekini payhon bo‘lmasin deb, izillab hammayoqni qidirdi. Qayoqda? Sigirning izi ham yo‘q.

Oradan bir necha kun o‘tdi. Sigirning o‘g‘irlanganiga shubha qolmadi. Daragiyam chiqdi. Gumondor qo‘shni qishloqdan... Albatta hech kimning peshonasiga o‘g‘ri deb yozib qo‘yilmagan. Ammo mahkamaga sudrab borilganda, gumondor aybini qisman bo‘lsada, tan oldi. Sigir Shahrisabz tumanidagi qishloqlardan biriga arzon-garovga sotib yuborilgan...

Lekin tergov vaqtida qiziq holat ro‘y berdi: gumondor so‘roq berayotganda IIB binosidan qochib qoldi.

Abdurazzoq akaning guvohlik berishicha, xodimlar ayblanuvchining ketib qolishiga ko‘pam qarshilik qilishmagan...

Abdurazzoq aka yugurdi, yozdi, chizdi. Tuman korchalonlaridan sado chiqmasligini sezib, viloyat organlariga umid bog‘ladi. Harorat ellik gradus issiqni ko‘rsatib turganda, Qarshi shahriga yo‘l oldi. Viloyat IIB va prokuraturaga ariza kiritdi. 

Oy o‘tdiki, ishda siljish bo‘lmadi. Abdurazzoq aka shahrisabzcha do‘ppini sandal ustiga qo‘yib o‘yga toldi: tavbangdan ketay, kuppa kunduzi kimdir ko‘chada molingni yetaklab ketib, bozorda sotib, harom luqmasiga maishat qilsada, birov unga indamasa? Abdulla Qahhor qalamga olgan, Qobil boboni qaqshatgan davr o‘tganiga yuz yildanam oshdiku?!

Vaqt o‘tdi, Abdurazzoq akaning dodi Yaratganga yetdi: shu yilning 19 sentyabr o‘g‘rini ushlab qamadilar, jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tumani sudida hukm o‘qildi.

Ammo suddan dehqonning peshonasi tirishib chiqdi: aybdorku, besh yilni bo‘yniga ilib ketdi, ammo bahosi qariyb 12 million so‘mdan kam bo‘lmagan sigirning zararini kim qoplaydi?

Aybdor mol bozorida sigirni o‘ta arzon narxga sotib yuborganini aytdi, ammo voqeaning boshqa ishtirokchilari buni tan olmadilar.

Aybdor X. Jumayevning uyida MIB xatlaydigan zarur vaqo yo‘q... Katalakday uyda uch bola bilan sho‘rlik xotini bazo‘r qozonini qaynatyapti... O‘g‘lining egri yurishlaridan to‘ygan ota un oq qilganini aytib, Abdurazzoq akaga yuzini qaytib o‘girmadi...

Xullas, hukm chiqib, o‘g‘ri panjara ortida kirsada, Abdurazzoq akaning ko‘nglida tugun yechilmadi. Kimningdir panjara ortida bag‘rini zahga berib yotishi, uning moli zararini qoplarmikin?

2

Katta To‘pchoq qishlog‘ining yana bir fuqarosi Rustam Sohibovning hikoyasi Abdurazzoq akanikidan ham g‘amg‘inroq va talofatliroq...

Qishloqda ish tig‘iz, erkaklar pul topish dardida, mol boqish ko‘proq bolalar va ayollarning vazifasi.

Kitob va Shahrisabz tumanini ayirib turuvchi Oqsuv daryosi etaklarida katta to‘pchoqliklarning ekinzorlari, bedazorlari bor. Bu hosildor yerlardagi ajriqlarda mollar bearmon o‘tlaydi.

Rustam Sohibov 2021-yilning erta kuzida ( sentyabr oyining ikkinchi o‘n kunligi) ikki zotdor xo‘kizini bog‘lab tushlikka ketayotganda ko‘ngli g‘ash edi: o‘sha payt har biri 10 million so‘mdan kam baholanmaydigan novvoslarini so‘nggi bor ko‘rib turgan ekan.

Novvoslar tag-tugi bilan yo‘qoldi.

Qoramol jonivorning qanoti yo‘qki uchib ketsa. Ikki baquvvat xo‘kizni bir kishi eplashi qiyin. Atrofda ko‘z ko‘p...

Xullas o‘ta shubhali vaziyat. O‘g‘ri (lar) shunday qulay vaziyat va imkon topishganki, ish hamirdan qil sug‘irilganday bajarilgan. Yo‘q,yo‘q, oddiy odam bunday ishni qilolmaydi, deya yozg‘uvchiga qaraydi dehqon.

Ikki novvosni daryoga tushgan ignaday o‘g‘irlash va hazm qilib yuborish faqat va faqat professional kissavurlar qo‘lidan keladi, deydi u.

Balki shundaydir. Gapning indallosi, novvoslar yo‘q, mana bir yil o‘tdi. Hattoki, gumondor topilmadi. Novvoslar allaqachon qassoblar qo‘liga tushib, so‘yilib ketgani, go‘shti hazm qilib yuborilgani haqiqatga yaqin. Ammo... xalqning halqumini harom qilayotganlar, odamlarning halol topgan puliga zahar aralashtirayotgan o‘g‘rilar topilgani yo‘q.

Rustam Sohibov va Abdurazzoq Gafirovlarning hikoyasi shulardan iborat edi.

Yozg‘uvchidan

Kamina yuqoridagi insonlar bilan bir qishloqda yashaydi, bir soyning suvini ichib, bir tegirmonning nonini yeydi.

Yuqoridagi hikoyalarni bayon qila turib, yana atoqli yozuvchi Abdulla Qahhorga yuzlangim keldi:

«Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan og‘il eshigi yonida turib dag‘-dag‘ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi; ko‘zlari javdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni ko‘rmaydi. Xotinlar o‘g‘rini qarg‘aydi, it huradi, tovuqlar qaqag‘laydi...».

Sigir va novvoslarini o‘g‘irlatib, bola-chaqasining rizqi qiyilgan vatandoshlarimni sho‘rlik Qobil boboga o‘xshataman.

Ammo bugun tashqarida XXI asr. Yangi O‘zbekiston qurilyapti. Qonun ustuvorligi haqida bot-bot takrorlanyapti. Og‘ir jinoyatlar fosh qilinyapti, yirik o‘g‘riliklar ochib tashlanyapti.

Shunday vaziyatda «shonli militsiya»miz ayrim jaydari mol o‘g‘rilarini tutib, joyiga o‘tqazib qo‘ya olmayotgani g‘alati emasmi? Qonun o‘z o‘rnida ishlashi, fuqarolar buni his etishlari kerak emasmi?

Prokuratura organlariga ham alohida murojaat qilib qolaman: Kitob tumanidagi vaziyatni jiddiy o‘rganing. Mayda jinoyatlar kattalarini tug‘adi, bunga tarix guvoh.

Hikoyamni shu yerda tugata qolaman: zero qahramonlarning boshiga Qobil boboning kuni tushmasin deya niyat qilib ...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring