Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Bolalar eski idora va oshxonada o‘qiyapti: Obikanda qishlog‘iga yangi maktab zarur

Bolalar eski idora va oshxonada o‘qiyapti: Obikanda qishlog‘iga yangi maktab zarur

Foto: Xabar.uz

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Obikanda qishlog‘idagi 63-maktabdan murojaat kelib tushdi.

«Assalomu alaykum. Sizga juda og‘riqli va muhim masalada murojaat yo‘llamoqdamiz. Qishlog‘imizda joylashgan 63-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sharoit og‘ir. Bolalar moslashtirilgan binoda ta’lim olmoqda, inshoot eskirib, ayrim joylari chirigan, ko‘chgan, avariya holatiga kelib qolgan, zamonaviy talablarga mutlaqo javob bermaydi. Tuman rahbarlari kelib, yangi maktab haqida va’da berib ketishadi, ammo yillar o‘tdiki, foydasi yo‘q...»

Sharoit bilan yaqindan tanishish va mas’ullar bilan gaplashish maqsadida Xabar.uz muxbiri Obikanda qishlog‘iga bordi.

Obikanda — Kitob tumani markazidan 25 kilometrcha uzoqlikda, tog‘lar bag‘rida joylashgan bahavo qishloq. Tabiati go‘zal, mahalliy aholiga ko‘ra, yangiliklar kirib bormoqda, uyali aloqa sifati ancha yaxshilangan. Faqat maktabdagi sharoit shuncha yangilikka «yarashmay turgani» aytildi.

Darhaqiqat maktabda ahvol havas qilarli darajada emas. «Obikanda» MFYda yoshlar ishlari bo‘yicha yetakchi lavozimida ishlovchi Javohir Tursunaliyevning aytishicha, o‘quvchilar qishin-yozin ko‘p xonalari hatto pol qilinmagan, betoni ko‘chib yotgan, doskalari eski, sovuq xonalarda o‘qishga majbur. Maktabda jami 420 nafarga yaqin o‘quvchi ikki smenada tahsil oladi.

Foto: Xabar.uz

Koridor bo‘ylab ingliz tili darsi bo‘layotgan xonaga kiramiz. Hartugul,  hozir havo isigan, o‘quvchilar sovuq qotgani yo‘q, deydi dars o‘tayotgan yoshgina o‘qituvchi. Ammo xonada faqat partalar yangi xolos, ular yaqinda keltirilgan, xona pol qilinmagan, ingliz tilida tinglash, multimediaviy qurollardan foydalanish imkoniyati yo‘q. Doskaning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi...

O‘zini Islombek deya tanishtirgan yettinchi sinf o‘quvchisining aytishicha, o‘quvchilar qishda juda qiynalgan.

— Qish kunida xona mutlaqo isimaydi. Uydan qalin kiyinib chiqib, darsda yechmay o‘tiramiz. Oyoq tagi beton. Poyafzalimizdan sovuq o‘tib ketadi,—deydi yosh o‘smir.

Bu xonani tark etib, dars bo‘layotgan boshqa xonaga yo‘nalamiz. Afsuski, u yerda ham bizni quvonchli narsalar kutayotgani yo‘q, ahvol bundanda yomonroq. O‘quvchilarda daftar, kitobdan o‘zga qurol bo‘lmaganidek, xonadagi sharoit kishi dilini hufton qiladi.

— Shu maktabda qariyb o‘ttiz yildan beri ishlayman,—deya gap boshlaydi o‘qituvchi Xolchuchuk Shomurodova. — Bu maktab ochilganda ishga kelgandim, yaqinda nafaqaga chiqaman, haliyam yangi binodan darak yo‘q. Qishda isitish tizimi yoqiladi, lekin u deyarli isitmaydi, oyoq tagi kafel, uniyam ko‘p joylari ko‘chib ketgan. Sovuqda dildirab o‘tirgan bolalarga dars tushuntirishni bir tasavvur qiling! Lekin ko‘nglimizda umid bor, hukumatimiz e’tiborga olib, yangi bino qurib beradi degan niyatdamiz.

Xonadan chiqib ketayotganimizda, o‘quvchilardan biri o‘z fikrlarimni aytsam bo‘ladimi deya bizni to‘xtatdi.

— Men shu maktabning 7-sinf o‘quvchisi Murodaliyev Nurbekman. Eng asosiy muammolarni aytadigan bo‘lsam, birinchidan xonalar yetarli emas, ikkinchidan qishda judayam sovuq qotamiz. Tabiiy fanlarni o‘rganish uchun sharoit yo‘q. Mana biz, fizika xonada o‘tiribmiz. Ammo hech qanaqa fizik ashyolar, qurilmalarimiz yo‘q. Tasviriy san’atni ham, adabiyotni ham, fizikani ham, kimyoni ham shu xonada o‘tamiz —, deya so‘zlarini davom ettirdi o‘quvchi. — Shu yil qishda sovuq sabab qattiq gripp bo‘lib, bir hafta davolanishga majbur bo‘ldim. Sinfdoshlarim ham qishda ko‘p kasal bo‘lishadi.

Foto: Xabar.uz
Foto: Xabar.uz

Maktab o‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan suhbatlashib bo‘lgach, direktor bilan ham suhbat qurdik.

Ta’lim muassasi rahbari Abduqayum Muxtorovning aytishicha, u maktabda 1991-yildan beri rus tili fanidan dars berib keladi, shuningdek, 2008-yildan buyon direktor vazifasida ishlaydi.

Maktab direktori Abduqayum Muxtorov. Foto: Xabar.uz

— Ushbu maktabning shu paytgacha o‘z binosi bo‘lmagan, — deya gap boshladi direktor. — 1990 yilda eski sovxozning idorasi va unga qo‘shni oshxona birlashtirilib, maktab qilingan. Ushbu binolarning o‘zi esa Sobiq Ittifoq davrida, o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan. Ya’ni bu moslashtirilgan bino. Yangi maktab haqida 33 yildan beri orzu qilamiz. Viloyat va tuman rahbarlari holatdan xabardor. Bizning maktabdan besh yuz metrcha uzoqlikda bo‘sh kollej binosi bor. Shuni bizga olib bermoqchi ham bo‘lishdi. Ammo bu bino boshqa vazirlik balansida, shuningdek, yangi bo‘lsada, isitish va boshqa kommunal tizimlari harob ahvolga kelib qolgan. Kerak bo‘lsa isitish tizimini mana shu eski maktabimizdan-da yomon desa bo‘ladi.

Yetti yildan beri, kollejga ko‘chasiz degan gaplar ham bo‘ladi, lekin qolib ketadi. Na yangi maktab quriladi, na boshqa masala hal qilinadi.

Qishda xonalar yaxshi isimaydi. Ko‘mir zahirasi beriladi, ammo xonalar u bilan ko‘ngildagiday isimaydi. To‘g‘ri, ko‘p xonalarga yangi parta, stol-stullar ham berildi, foydalanyapmiz. Ayrim xonalarga o‘zimiz pech o‘rnatib, o‘tin opkelib yoqdik, boshqa ilojimiz yo‘q. Mana shunday qilib qishdan chiqib oldik. Ichimizda 35-40 kilometrdan kelib qatnaydigan o‘qituvchilarimiz bor. Shunday sharoitda qatnashyapti, kelib ishlashyapti...

Foto: Xabar.uz
Foto: Xabar.uz

Manbalarimizga ko‘ra, Kitob tumani hokimi O‘ktam Pardayev aprel oyida 63-maktabga kelib sharoitlar bilan tanishgan. Ammo guvohlarga ko‘ra, hokim yangi maktab qurilishi yoki vaziyatning o‘nglanishi borasida aytarli gap aytmagan. Shuningdek, vaqtida maktabga viloyat hokim o‘rinbosari darajasidagi rahbarlar ham kelib-ketgan. Qashqadaryo viloyati rahbariyati ham mazkur maktab muammosidan xabardor.

So‘zimiz oxirida, mas’ul idoralar, hokimliklar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan ushbu ta’lim muassasasiga e’tibor qilishni va muammolarni yechishni so‘rab qolardik. Obikandalik yoshlar ham boshqa hududlar kabi qulay xonalarda o‘qishga, ta’lim olishga haqli.

Ma’lumot o‘rnida: maktab holati suratlari 2023-yil, aprel oyida olingan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring