Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gaz qazib olish mashaqqati – Qashqadaryoda yangi kompressor stansiyalari ishga tushirildi

Gaz qazib olish mashaqqati – Qashqadaryoda yangi kompressor stansiyalari ishga tushirildi

Gaz qazib olish biz o‘ylagandan ko‘ra ancha mashaqqatli ish. Masalan, konni shunchaki burg‘ulab qo‘yib, asrlar davomida ishlata olmaymiz. Tabiiy gaz yer qa’ridan turli kondensatlar, zaharli birikmalar, suv va boshqa qo‘shimchalar bilan birga chiqadi. Uni tozalab, sifatini tobiga keltirish lozim. Shuningdek, vaqt o‘tgani sari konda gaz bosimi ham tushib boraveradi.

Zamonaviy konchilikda bunday vaqtda texnologik yechim sifatida kompressor stansiyalaridan foydalanib, bosim barqarorlashtiriladi. So‘nggi yillarda ushbu tajriba «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan ham keng amaliyotga joriy etilmoqda.

O‘tgan hafta Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumaniga tashkil etilgan press-tur davomida mana shunday kompressor stansiyalaridan birining faoliyati bilan tanishib kelgan edik. Bu safar Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Cho‘lquvar» va «Girsan» konlarida qurilgan inshootlardan reportaj tayyorladik.

Kompressor stansiyalari
Avvalo kompressor stansiyalari haqida kichik ma’lumot berib o‘tsak. Ushbu inshoot bosimi tobora pasayib borayotgan konlarda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqaror saqlab turish maqsadida quriladi. Ya’ni, bunday stansiyalar yordamida uzoq yillik konlarda zaxiralarni to‘liq qazib olish ishlari barqaror olib boriladi.

Afzal jihatlar
«Cho‘lquvar» va «Girsan» konlarida qurilgan kichik stansiyalarning afzal jihatlari shundan iboratki, bunday turdagi inshootlar qurilishi qisqa vaqt va kam mablag‘ talab etadi. E’tiborli tomoni, mana shu ikki stansiya pudratchi tomonidan asosiy qurilmalar yetkazib berilganidan keyin bir yarim yoki ikki oy muddatda qurilib, ishga tushirildi.

Yana bir yutuqli jihat – kichik kompressor stansiyalarini istalgan vaqtda demontaj qilib, boshqa joyga o‘rnatish mumkin. Yaxshi bilamiz, hamma narsaning boshi bo‘lganidek, oxiri ham bo‘ladi. 25-30 yillab foydalanilgan konlarda gaz tugaydi va boshqalari ochiladi. Kichik kompressor stansiyalari ham shunga monand kerakli joyga ko‘chirib o‘tkazilishi mumkin.

Natija
«Cho‘lquvar» va «Girsan» konlarida ham o‘z vaqtida gaz otilib chiqqan, kerakli joygacha o‘z quvvati bilan yetib borgan. Misol uchun, «Girsan» koni 1989 yilda, «Cho‘lquvar» koni esa 2007 yilda o‘zlashtirilgan va har ikkisi ham konlar tuzilishi jihatdan murakkab zaxiralarga ega. Uzoq yillar davomida ularning ishlatilishi natijasida qazib chiqarish hajmi pasaydi va qatlam bosimi beqaror bo‘lib qoldi. Endi esa, mana shu ikkita kichik kompressor stansiyalari sharofati bilan barqaror tarzda kuniga 500 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati ta’minlandi.

Yangi ish boshlagan kompressor stansiyalari quduqlardan kelayotgan 1 atmosfera bosim ostidagi tabiiy gazni, 10 atmosfera bosimda «Pomuq» konidagi bazaviy kompressor stansiyalariga, keyin esa oltingugurt birikmalaridan tozalash maqsadida Muborak gazni qayta ishlash zavodiga yetkazib beradi.

Nimstansiya
Stansiyalarni elektr energiyasini bilan ta’minlash maqsadida yuqori kuchlanishli havo elektr tarmog‘i va nimstansiyalar ishga tushirildi. Shunisi ahamiyatliki, elektr havo tarmog‘ining qurilishida zarur moddiy-texnik resurslar «O‘zbekneftgaz» AJ ichki imkoniyatidan keng foydalangan holda «Maxsusenergogaz» AJ kompaniyasi bilan hamkorlikda qisqa muddatda qurib ishga tushirildi.

E’tiborli jihati – «Cho‘lquvar» stansiyasi agregatlari 2023 yil dekabr oyining so‘ngi o‘n kunligida sinov muddatiga ishga tushirildi. Biz shunday vaqtda kompressor stansiyasi faoliyati bilan tanishib chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Hozirda kompressor stansiyalarining ishga tushishidan kelib chiqib kondagi quduqlarda ishchi parametrlarni tanlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Kelgusi loyixalar
Gaz qazib olgan yaxshi, ammo uni uzatadigan quvurlar soz bo‘lmasa, shuncha qilingan ishning samarasi ko‘rinmay qolishi mumkin. Shu sababli yana bir loyiha bilan tanishildi: «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan ushbu hududda faoliyat olib borayotgan korxonalar bilan o‘zaro hamkorlik natijasida «Yangi Olot» konidan qazib olinayotgan tabiiy gazni «Quvachi – Olot» gazni dastlabki tayyorlash qurilmasida tayyorlash va quvurlar orqali birgalikda uzatish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda loyiha orqali «Yangi Olot» konidan qazib olinadigan kunlik 1,5 mln kub metr tabiiy gazni uzatish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi gaz quvurini ishga tushirish bilan «Yangi Olot» va «Tegirmon» guruhi konlari gaz uzatish tizimidagi mavjud quvurlarda gidravlik qarshiliklarni kamaytirish hisobiga quduqlardan gaz qazib olishni kunlik qo‘shimcha 500 ming kub metrga oshirishga erishiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring