Endi Dehqonobod! Hokim tadbirkorni «ezsa», bundan xalq, hatto bolalar jabr ko‘rsa...
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan tadbirkor Hamdam Mahmudov tuman hokimi tomonidan o‘zining huquqi poymol bo‘layotganligi to‘g‘risida ko‘plab joyga murojaat qilgan ekan. Qayga murojaat qilmasin, javoblarning barchasi qog‘ozda aylanib hokim buvaning o‘ziga qaytib kelavergan. Bu – murojaatlar masalasida hali puxta tizim yaratilmaganligidan dalolat. Biz jurnalistlar ham javobni qog‘oz shaklida qaytarmoqchi edik. Ammo mazmun-mohiyatiga qaraganda juda jiddiyligi va bir tadbirkor huquqi adolatsizlarcha poymol bo‘layotganligi, minglab odamlar jabr chekayotganligi shundoq ko‘rinib turardi.
Muammoni o‘rganishga kirishdik.
Shikoyatda aytilishicha, «Boyqo‘rg‘on» MFY hududida 2007-yil tashkil etilgan «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozori tugatilib 400 metr nariroqda «Boyqo‘rg‘on Bekligi» nomi bilan qayta tashkil etilayotgan ekan. Bu o‘zgartirishlarga bosh-qosh bo‘layotgan Dehqonobod tuman hokimining keltirgan vajlariga ko‘ra «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozori talablarga javob bermas emish. Ammo boshqa bir shaxsning nomiga o‘tkazib berilayotgan «Boyqo‘rg‘on Bekligi» nomli bozordan esa bozor talabiga javob beradigan hech bir jihatni topa olmadik.
Hokim buvaning tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi bozor aholi zich yashaydigan kichkinagina hududga qurilgan. Sotuvchilar joy topa olishmay janjal, ur-yiqitlar bilan savdo qilishar ekan. Janjallarda yengilganlar atrofdagi hovlilar oldilaridan joy qilib olishgan. Xonadon egalari esa «2, 3 soatda o‘tadigan bozor» deb andisha va sabr bilan yashashmoqda.
Ammo pattachilar o‘sha joylardan ham qilib bera olmagan sharoitiga patta yig‘ishar ekan. Bozor ko‘chirilganiga ikki oy bo‘ldi. Aholi norozi bo‘lgani uchunmi balki, bir oy ichida shu bozorda ikkita falokat yuz beribdi. Birinchisida bir inson bevaqt hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, ikkinchisida bozor oldida yosh kelinchakni mototsikl urib yuborgan. Har tugul shifoxonaga olib borilib, uning hayoti asrab qolingan.
Dehqonobod tuman hokimi Zoir Aliqulov «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozorini tugatish uchun qo‘l ostidagi tuman Davlat soliq inspeksiyasining xulosasini ham keltirgan. Ammo bozor ta’sischisi soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borgan. Hokim buva ishni puxta qilish uchun tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limini ham ishga solib «bozor hududiga sel kelish xavfi bor» degan xulosani ham kiritib qo‘ygan. Arzchining arz-dodini eshitadigan tekshiruvchilar baribir bu yerlarga kelib tekshirishmaydi, degan xulosa bilan shu fikrga kelishgan shekilli. Negaki, bunday xavfni vujudga keltiradigan hech bir omilning o‘zini top olmadik.
Oqim keladigan taraflari tepalik bilan o‘ralgan. Uning ustiga suv yig‘ilib keladigan baland tog‘larning o‘zi ham yo‘q. Umuman olganda, hokim buva maqsadiga yetishish uchun mantiqqa to‘g‘ri kelsa-kelmasa har qanday sabablarni qalashtirmoqda. Ayni zamonga mos mantiqqa asoslanadigan bo‘lsak, u bunga haqli ham. Negaki, tuman hokimi, vaqtincha bo‘lsa-da, o‘z hududining mutlaq yakka hokimi. Hokimlar nima qilsa ham qonunga to‘g‘ri kelib ketaveradi yoki qonun ularga qarab moslashaveradi.
Bog‘cha oldi kushxonaga aylansa…
Bu mashmashalarning kichkinasi. Ammo eng asosiy muammo shuki, «Boyqo‘rg‘on Bekligi» yangi bozorning molbozor qismi bog‘cha devorining yonginasiga qurilgan. Bozor bo‘ladigan har dushanba kuni bolalar bog‘chaga kelishni istashmas ekan. 100 o‘ringa mo‘ljallangan «Yoqub bobo» nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi atrofi mashinalar bilan to‘lib ketadi. Uning ustiga mashinalarning pala-partish qatnovi hattoki katta odamlarni ham hushyor torttiradi. Bog‘cha darvozasining oldida qassoblar qo‘y suyishmoqda.
Endigina tetapoya qilib dunyoni taniyotgan bolakaylar bog‘chaga borib ko‘rgani qon, eshitgani dallollarning savdosi bo‘lsa... Bunday kelajak avlod kelajakda kim bo‘lishini tasavvur qilavering.
«Hokim Zoir Aliqulovga bu ish to‘g‘ri emasligini ko‘p bora aytdim, ammo baribir molbozorni bog‘chamizning yoniga ko‘chirib keldi», – dedi ming bir istihola bilan «Yoqub bobo» nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ta’sischisi Asqarali Yusupov.
Bog‘cha markazdan olisda bo‘lsa-da, zamonaviy talabalarga javob beradigan qilib ko‘rkam va shinam qilib qurilgan. Barchasi ko‘ngildagidek, bolalar xursand. Ammo... Molbozor bolalarning sevimli maskaniga bir devor qo‘shni bo‘lib ko‘chib kelgani ko‘ngillarni xira qiladi. Har dushanba kuni bolalarning ko‘pi bilan 20 foizi istar-istamas kelishar ekan. Qolganlari esa haftada uchinchi kunni ham uyda o‘tkazishga majbur bo‘lishmoqda.
Dehqonobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining rahbari hokim buvaning so‘ziga qarshi bora olmasligi aniq. Ammo Qashqadaryo viloyat maktabgacha ta’lim bo‘limining boshlig‘i nega sukut saqlayotgani noaniq.
Bog‘chadagi bolalarni tarbiyalashning bunday «innovatsion» usulidan Maktabgacha ta’lim vazirligi bexabardir, balkim. Nima bo‘lganda ham, bog‘cha bilan molbozorning bir devor qo‘shni bo‘lishi hech bir zamon va makonga to‘g‘ri kelmaydi.
Bu masalada «Boyqo‘rg‘on» MFY raisining fikrini bilmoqchi edik. Ammo befoydaligini anglab yetdik. Chunki shu molbozorni bog‘chaning yoniga ko‘chirib kelish ishlariga bosh-qosh bo‘layotgan ham mahalla raisining shaxsan o‘zlari ekan. Yangi bozorni qayni ukasining nomiga rasmiylashtirib yo‘lga qo‘yish uchun yelib-yugurayotgan emish.
Tayyor bozorni ko‘chirguncha xarobaga aylanib qolgan MFY idorasini epaqaga keltirib qo‘ysa bo‘lardi. Jinlar makoniga o‘xshab qolgan mahalla binosining peshtoqidagi peshtaxta hali ham eski «Obiravon» nomida qolib ketgan.
Hokim buva ham «soqqali» joylarni unisidan-bunisiga, bunisidan-unisiga olib berish bilan shug‘ullanmay, qirlardan oshib, yangi barpo etgan bozoriga olib boradigan xavfli yo‘llarni ta’mirlasa xalqdan behisob savob olgan bo‘larmidi balki.
Bugun Dehqonobod hokimi tomonidan yo‘qlikka mahkum etilayotgan «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozori 2007-yili Hamdam Mahmudov tomonidan tashkil etilgan. 12 yil davomida elga ovoza bo‘lib uzoq-uzoqlardan ham tadbirkorlar kela boshlagan. Qancha-qancha qiyinchiliklardan o‘tib endigina og‘zi oshga yetdi deganda to‘satdan «tayyoriga ayyor» chiqib qolsa albatta alam qiladi.
Xalqda «Bozor bilan mozorga teginib bo‘lmaydi» degan naql bejizga aytilmagan. Bozorni ko‘chirsa, baraka qochadi. Haqiqatdan ham shunday shekilli, tadbirkorlar ham o‘rgangan bozori ko‘chirilishidan norozi.
Xulosa o‘rnida
So‘nggi kunlarda hokimlarning «snos» masalasida fuqarolarga, ayniqsa, tadbirkorlarga shafqat qilmayotganiga ko‘p guvoh bo‘ldik. Bugungi ayni islohotlar davrida hokim va fuqarolar, ayniqsa, tadbirkorlar o‘rtasida ziddiyatlar vujudga kelib qolganini kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ham qattiq tanqid ostiga oldi...
Zoir Aliqulov Dehqonobod tumaniga hokim bo‘lib kelishdan bir necha yillar oldin bu bozorni xalq o‘zlariga mos joyda o‘zlari bunyod etgan edi. Oddiy xalq o‘nlab yillar mobaynida shu bozorda tirikchiligini qilib tinchgina yashab kelishayotgandi. Bozorni ko‘chirish mashmashasi boshlandi-yu yuzlab xalqning tinchi buzildi. Garchi kichkinagina bo‘lsa-da, unda baraka bor edi. Endi esa nafaqat bozordan, hattoki Boyqo‘rg‘ondan baraka ko‘tarildi.
«Qamchisidan qon tomib turadigan» ko‘pgina hokimlarning bunday eskicha ish uslubi nafaqat aholiga jabr keltirmoqda, ayni ochiqlik davrida bugungi kun siyosatiga jiddiy pand berib qo‘ymoqda.
Sherali Otaboyev,
Jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter