Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Sirli karantin: O‘zbekistonga kelib «yo‘qolgan» koronavirus...

Sirli karantin: O‘zbekistonga kelib «yo‘qolgan» koronavirus...

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonda ilk bor 15-mart kuni koronavirus qayd etilgan edi. Mana qariyb to‘rt oydirki, ko‘rinmas baloni jilovlashning iloji bo‘lmayapti. Boshida biroz kamaygan bo‘lsa-da, so‘nggi kunlarga kelib ancha avj olib ketdi.

Xavotirlisi shundaki, koronavirusga duchor bo‘lganlarning salkam yarimi aholi orasidan chiqmoqda. Bunga o‘nlab sabablarni sanashimiz mumkin. Sabablar ko‘p. Har kim o‘zicha talqin qiladi buni.

Odamlar koronavirus haqida so‘z boshlasa, «bu kasallikning o‘zi bormi» degan shubhagacha borib qolishgan. Chunki odamzot qulog‘i bilan eshitganiga emas, ko‘proq ko‘zi bilan ko‘rganiga ishonadi.

«Kuniga buncha odamda kasallik aniqlandi, uncha odam sog‘aydi», degan hisobotlarni o‘qiymiz. Koronavirusga yo‘liqqan odamning o‘zini esa hamma ham ko‘rgani yo‘q.

Bizda hamon taqiqlov va cheklovlar kuchli. To‘g‘ri, kasallanganlar davolanayotgan hududga begonalarning kirishi mumkin emas. Ammo u yerdagi voqea-hodisalarni ommaga ko‘rsatib borish kerakdir balki?! Kasallanganlar qanday ahvolda, shifokorlarimizning faoliyati, davolash usullari, tuzalganlarning ichki kechinmalari ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa ko‘proq namoyish etilsa, hech qanday xatolik bo‘lmasa kerak, menimcha.

Bizda ayrim rahbarlarimizning bilib olgan gapi — MUMKIN EMAS! Sababini o‘zlari ham bilishmaydi (aslida «mumkin emas» niqobi turli qing‘irliklarga yo‘l ochadi). Yoki bu koronavirus qurg‘ur onlayn ham yuqadimikin? (So‘nggi vaqtlarda SSV matbuot xizmati qisqa videolavhalar bera boshladi, lekin bu «umumiy kartina»ni ochib bera olgani yo‘q).

Mutasaddilarimiz sirli ravishda, pinhona ish yuritishning hadisini olishgan. Oddiygina, hech kimga kerak bo‘lmagan ma’lumotni ham ommadan sir tutish orqali xuddi qahramonlardek tutishadi o‘zlarini. Bunday «xizmatlari» bilan xalq oldidagi ishonchni yo‘qotib qo‘yish mumkinligini o‘ylashmaydimi?

Mana, ko‘rib turibmizku: odamlar orasida «bu yerda bir gap bor, aslida koronavirus yo‘q narsa, amaldorlar budjetdan pul yuvish uchun koronavirusdan foydalanib qolishyapti, raqamlarni soxta ko‘rsatishmoqda» degan qarashlargacha urchidi.

Haqiqiy ahvol ochiq-oydin namoyish etilmas ekan (kamiga hududlardagi vaziyatga mas’ul bo‘lgan hokimlar mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘ladigan ishlar qilib turganda), xalq xohlagan xayolga borishga haqli. Vaziyat qanchalik yashirilgani sari turli-tuman taxminlar qalqib chiqaveradi.

Koronavirusdan vafot etganlar haqidagi xabarlarda ham ularning yo‘ldosh kasalliklariga ko‘proq urg‘u qaratilayotgani bois, aholi orasida «koronavirusdan sog‘ odam o‘lmas ekan, bizning immunitetimiz kuchli, yurtimiz serquyosh, issiqmijoz xalqmiz» degan tushunchalar miyasiga o‘rnashib qoldi. Natijada esa... Mana, 28 yoshli sog‘lom insonni ham olib ketyapti bu kasallik. Kimningdir qizi, kimningdir singlisi yoki opasi, sevimli rafiqa yoki murg‘ak farzandlarning onasi bo‘lgandir u?! Koronavirus sanoqli kunlar ichida ulardan ayirdi-ketdi...

Karantin e’lon qilingan vaqtda vahima tarqatganlik uchun 15 sutka, katta jarima joriy qilindi, qoidani buzganlarga jinoyatchidek qarala boshlandi. Xalq koronavirusdan emas, jazodan ko‘proq qo‘rqa boshladi. Keyin nima bo‘ldi? Karantin yumshagach, aksariyat odamlar yurtimizda koronavirus yo‘q ekan deb bamaylixotir yuraverishdi, yuzlab kishini chaqirib to‘ylar o‘tkazishdi, marosimlar qilishdi... Kasallik xavfiga e’tiborsiz va sovuqqon bo‘lib qolishdi.

Aslida biz uchun VAHIMA zarur ekan. Xalq karantin qoidalariga to‘liq rioya qilish uchun oldin ularda kasallikning xavfiga nisbatan ishonch hosil qilish kerak edi. Ular esa ishonmadi, rioya qilmadi, faqat jarimalar ko‘paydi, xolos.

Koronavirusdan emas, jarimadan qo‘rqqan xalq huquq-tartibot xodimlarining ko‘zidan pana joylarda o‘z bilganini qilib yuraverdi. Chunki O‘zbekistonda koronavirus borligiga ishonmaganlar uchun bu balo sirliligicha qolib ketaverdi.

Endi vaziyat tobora jiddiy tus olib bormoqda. Mutasaddilarimiz shu tobda ish uslubini o‘zgartirishga majbur bo‘lishar balki. Kech bo‘lsa ham karantin zonalaridagi, shifoxonalardagi, statistikalardagi haqiqiy ahvolni namoyish etarmiz?..

Xalq koronavirus qanday balo ekanligini ko‘rsin, fikri o‘zgarsin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring