Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Orolning qurigan tubida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Orolning qurigan tubida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi

BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-yig‘ilishi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohlik qildi.

Tashrifda UNCCD, Ekologiya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Yekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti, Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi, shuningdek, jumladan, «Deutsch Welle» (Germaniya), «TenGerTV» (Mo‘g‘uliston), «The Astana Times» (Qozog‘iston), «MIR TV» (Qozog‘iston), «BBC Uzbekistan» va boshqa xorijiy OAV vakillari ham ishtirok etdi.

Ibrohim Tiau Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida Orol dengizining qurib qolgan tubida o‘rmon ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi, shuningdek, bu yerdagi o‘rmonzor, Orol dengizi qirg‘og‘i, Ochiq osmon ostidagi muzeyda bo‘ldi.

Aziz Abduhakimov Ibrohim Tiauga yurtimizda Orol dengizi hududini ko‘kalamzorlashtirish, cho‘llanishga qarshi kurash borasida qator islohotlar amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi.

«Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida global ekologik muammoning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz hukumati tomonidan bir qator maxsus qaror va dasturlar qabul qilinib, ularga muvofiq hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi, — dedi Ekologiya vaziri. — O‘zbekiston hukumati oldida turgan asosiy muammolar aholi uchun ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun suv yetishmasligi, shuningdek, Orol dengizi qurib qolgan tubining ochiq maydonlarida tez-tez takrorlanib turadigan qum va chang bo‘ronlaridir».

Tashrif davomida Mo‘ynoqda daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi direktori Baxitjon Habibullayev markaz tomonidan Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish borasida qilinayotgan ishlar haqida taqdimot o‘tkazdi. Shu bilan birga, bu borada qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatilgani va iqlimga mos o‘simliklar yetishtirish va boshqa tashabbuslar amalga oshirilayotganligini qayd yetdi.

Qolaversa, Baxitjon Habibullayev qator istiqbolli loyihalar doirasida 100 gektar maydonda cho‘lga, sho‘rga chidamli cherkez, qandim kabi o‘simliklarning ko‘rgazmali maydonchasi hamda Orol dengizining qurigan tubida 10 gektar maydonda ko‘chatxona yekish ko‘zda tutilganligi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, 2023-yilda UNICYeF bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida «ImkonLab» (UPSHIFT-2023) dasturi ishga tushirilganini, dastur natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining uchta viloyatidan yoshlarning 20 ta loyihasi qo‘llab-quvvatlangani va 100 dan ortiq tashabbuskor yoshlarga yangi kasbiy ko‘nikma va malakalarni egallashda amaliy yordam ko‘rsatilganini ham qayd etdi.

Ma’lumot uchun, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi Sho‘rlanish sharoitida beodehqonchilik xalqaro markazi (ISBA), Sinszyan Yekologiya va geografiya instituti (HIEG), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), Global yashil o‘sish instituti (GGII), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Bundan tashqari, Orol dengizining qurigan tubidagi ekotizimni tiklash davlat dasturining bosh kuratori, akademik Zinoviy Novitskiy loyihadan ko‘zlangan maqsad va amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, u Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektarga yaqin maydonda allaqachon sho‘r va qurg‘oqchilikka chidamli saksovul hamda boshqa turli ekinlar ekilganini, asosiy maqsad hudud ekologiyasini yaxshilash ekanligini ta’kidladi.

«O‘simliklar tuproqdagi tuzlarni yo‘q qilish uchun o‘z ildizlaridan foydalanadi. Saksovul tuproq va qum zarralari tarqalishining oldini oladi, — dedi Novitskiy. — Bu o‘simliklar karbonat angidridni yutib, atrof-muhitga kislorod chiqaradi. Ya’ni havo tozalanadi. Saksovul butasi bir tonnagacha zaharli qum va tuzni ushlab turishi mumkin».

Ta’kidlash joizki, 2018–2022 yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,6 million gektar maydonda cho‘l o‘simliklari urug‘ini yekish va ko‘chatlar o‘tqazish yo‘li bilan «yashil qoplama» yaratildi. Bundan tashqari, 6,4 ming tonna himoya o‘rmon ko‘chatlari o‘tqazildi. O‘rmon plantatsiyalarini sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash maqsadida o‘rmon xo‘jaligi tomonidan har yili 100 gektar maydonda saksovul pitomniklari tashkil qilinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring