Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biz anglamagan haqiqatlar

Biz anglamagan haqiqatlar

Kadr: «YouTube»

«Million» va «Dizayn» jamoalarining konsertini ko‘rgach, shaxsan menda paydo bo‘lgan birinchi fikr shu bo‘ldiki, o‘g‘rincha chiqarilgan disklarning ham foydasi bor ekan. Salkam ikki soatlik konsert na pul va na vaqt sarflashga arziydi.

To‘g‘risi, ko‘pchilik singari men ham futbolga qiziqaman. Davron Qobulovni (nimagadir uni Kabulov deyishadi. Shaxsini tasdiqlovchi hujjatida xato yozilsa ham og‘zaki nutqda to‘g‘ri talaffuz qilinsa bo‘lardi) sport sharhlovchisi sifatida tanir edim. Futbol o‘yinlari, ayniqsa milliy terma jamoamiz ishtirokidagi bahslarni qiziqarli sharhlar edi. Asosiysi, tanqidiy fikr bildirishga cho‘chimasdi. Xullas shu yigit endi san’atkorlarni masxaralash, bema’ni hazillar aytish bilan mashg‘ul.

Har kim u yoki bu gapni, ma’lumotni, hazilni o‘zicha, bilimi va dunyoqarashidan kelib chiqqan holda qabul qiladi. Bu bor gap. Lekin konsert zalida o‘tirgan ba’zi tomoshabinlar shubhali darajada berilib kuladiki, ular maxsus yollanmaganmikan degan xayolga ham borasan kishi. Kulgining kuchidan es-hushini yo‘qotayozgan, o‘tirgan o‘rindig‘idan irg‘igan yoki yiqilayozgan, yonidagi sherigi bilan qayta-qayta «besh» tashlashgan kishilarni ko‘rib, men ular chuqur anglab yetgan biron narsani ozgina bo‘lsa-da fahmlamadimmikan deb boyagi joylarni qayta-qayta ko‘rdim. Natija o‘sha-o‘sha. Anqayib o‘tiraverdim.

Doimgidek konsertda yana uyatsiz hazillar, bachkana harakatlar, intim mavzularga imo-ishoralar... 1-2 soatlik chiqishlardan so‘ng 5 daqiqalik «tarbiyaviy» nutq yangradi.

To‘g‘ri, odamlarni kuldirish osonmas. Bir kishi uchun ham, jamoa uchun ham. O‘zim ham har zamon hajviyaga qo‘l urgandek bo‘laman. Yozmishimning chop etilishi yoki internet sahifasiga joylanishidan oldin boshqa ijodkorlarga taqdim qilaman. Ularning reaksiyasini kuzataman. Tushunarsiz yoki kulgidan ko‘ra shunchaki o‘yga toldiradigan jihatlariga ishlov beraman. Xullas, yarim qog‘ozlik tayyor «mahsulot» uchun ham anchagina vaqt sarflanadi. Aytmoqchimanki, butun boshli konsert dasturining matnini tasavvur qila olaman.

Lekin bu mushkulot yuqoridagi jamoalarni oqlashga asos bo‘lolmaydi. Ijod, ijodkor mas’uliyati, jamiyatga bo‘ladigan ta’sir masalasi ko‘ndalang bu yerda. Xolis aytganda, xonada, kompyuter qarshisida o‘tirvolib birov(lar)ni tanqid qilish osondek tuyuladi. Qo‘lingdan kelsa, besh-olti kishini to‘plab tomosha ko‘rsat-chi qani deydiganlar ham bordir. Yoki «bu shou-biznes, bunda tomoshabinbop narsalargagina o‘rin bor» deyishar. Hollivudning mashhur filmlaridan birida aytilganidek, «Faqatgina biznes. Shaxsiy narsa yo‘q» («Tolko biznes, nichego lichnogo») deya og‘zimizga urar kimdir. Ularning gaplarida ham qisman jon bor. Chunki har qanday ko‘rinishdagi biznesning umumiy qonuniyatlari bor. Ulardan asosiysi — foyda ko‘rish. Pul ishlash. Ba’zan tashkilotchilarga berilayotgan konsertlardan moddiy naf deyarli yo‘q degan gap quloqqa chalinadi. Shaxsan men bunga ishonmayman. Ehsonsifat xatti-harakatlar boshqacha bo‘ladi nazarimda.

Tan olish kerak, sahnaga chiqayotgan yigitlarning aksariyatida artistizm, talant seziladi. Odamlarni kuldirish ularga yarashadi. Ammo, lekin, biroq... Bu ularning yagona iqtidori ekanligiga shaxsan mening shubham bor. Kuch-quvvati, aqlu zakovatini jamiyat, yoshlar uchun foydaliroq bo‘lgan sohalarga yo‘naltirib ham muvaffaqiyatga erisha oladilar-ov.

To‘g‘ri, ko‘cha-ko‘yda, xalq orasida «Dizayn» yoki «Million»dagi bola deya tanishtirilish, oz-moz mashhur bo‘lish yoqimlidir. Lekin bu mashhurlikka nima evaziga erishilmoqda? Mashhurlarning hammasi ham ma’naviy buzuqlikni targ‘ib qilish bilan shu darajaga erishganmi?

Alloh barchaga niyatiga yarasha berarkan. Bunga ko‘p guvoh bo‘layapman. Ularning niyati menga qorong‘i. Masalan, men insoniyat ma’nan qashshoqlashayotgan, umuminsoniy qadriyatlar toptalayotgan qaltis bir paytda yoshlarimizning tarbiyasi buzilishiga hissa qo‘shmaslikni xohlardim.

To‘lqin Jumanazarov

Izohlar 4

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring