Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bemazayu bachkanaliklar. Qaynona ona emasmi?

Bemazayu bachkanaliklar. Qaynona ona emasmi?

Foto: Videolavhadan skrinshot

Yaqinda televideniyeda «Qahqaha» guruhi chiqishini ko‘rib qoldim. Ular sayyohlik agentligi faoliyatini namoyish etishdi. Biri – agentlik xodimi, biri – sayohatga orzumand odam. Xodim mijozga turli mamlakatlarni tavsiya qilib, ulardagi diqqatga sazovor jihatlarni sanaydi birma-bir...

– Mana, Tailandga sayohat qiling, dengiz, toza havo, palmalar... naq ekzotika. Timsohlar ham bor. Timsoh ko‘rganmisiz o‘zi?

– Ha ko‘rganman.

– Qayerda?

– Qaynonam har zamonda kelib turadi...

Zalda o‘tirgan erkagu ayol gurra kuladi. Dahshatli va ajabtovur o‘xshatishdan xuddiki qaynonalarini ko‘z oldiga keltirgan erkaklar tizzalariga urgancha qotadi. Men kulolmadim, kulgim kelmadi, qaytanga ensam qotdi. Nega deysizmi?

Keyingi paytlarda qiziqchilarimiz (aksariyatining masxarabozdan farqi qolmadi) o‘z repertuarlariga albatta qaynonalar haqidagi latifalarni qo‘shishni odat qilib olishdi. «Mening qaynonam...», «uyimizga qaynonam kelgandi...», «dushman taraf...».  Bir-biridan bachkana latifalari bilan kuldira-kuldira oxirida o‘zlarini oqlab ham olishadi: bu shunchaki hazil... Eng g‘alatisi, o‘sha zalda turmush o‘rtog‘iyu farzandlari bilan bir qatorda qaynonalari ham o‘tirgan bo‘ladi. Tunov kuni bittasi almisoqdan qolgan latifani aytib chiqibdi televideniyeda. Buni siz ham eshitgansiz ko‘p bora: «Xotin belimga tufurib qo‘y. Nega dadasi. Do‘xtir ilonning zaharini surting dedi». Qiziqchimiz shu latifani ham o‘zgartirib, o‘ziga zo‘r topilma qipti. Xotinga emas qaynonaga tuflatibdi. Beligamas, yuziga tupurmabdi-da, degan fikr o‘tdi xayolimdan. 

Bular bir hazilda, nima bo‘pti, ularning kasbi shu, chipta sotib olib konsertga kirgan odamlarni qanday qilib bo‘lsa ham kuldirish, deyishingiz mumkin. Bir tomondan bu fikr to‘g‘ri. Lekin o‘zbekona urf-odatlarimizga bir qur nazar tashlasak, sahnada har qanday gapni ham valdiravermaslik kerakligiga amin bo‘lamiz. Qaynonalar mavzusi shulardan biri.

Odatda o‘zbek jamiyatida qaynona-kelin munosabatlari mavjud. Goh salbiy bo‘lsin, goh ijobiy bu munosabatlar tabiiyligi bilan ahamiyatlidir. Mahallalarda, tok-shoularda muhokama qilinadimi, qiziqchilarimiz tomonidan kulgu ostiga olinadimi, barcha birdek tabiiy qabul qiladi (lekin qaynona-kelin mavzusida ham me’yor bo‘lishi kerak, ko‘p hollarda qaynonalar kulgu orqali chidab bo‘lmas haqorat qilinadiki, bu ham alohida mavzu).

Ammo qaynona-kuyov munosabatlari haqida bunday deb bo‘lmaydi, bu munosabat o‘ta jiddiy bo‘lishi bilan birga, o‘ta nozik hamdir. Xo‘sh, unda nega qiziqchilar bu mavzuga bot-bot murojaat qilishmoqda? Sababi oddiy: qaynona-kuyov munosabatlari tilga olingan latifalar, anekdotlar internetda tiqilib yotibdi. Va hammasi rus tilida, ruslarning kundalik hayotida uchraydigan holatlarning bo‘rttirilgan talqinlari. Bizning shovvoz latifachilarimiz o‘sha anekdotlar ichidan eng «yaxshi»larini tanlab oladi-da, shartta o‘zbekchalashtirishadi. Qarabsizki, do‘ppiyu chopon kiygan bir sap-sariq nusxa paydo bo‘ladi. O‘tiradimi, Hojiboy Tojiboyevga o‘xshab izlanib, o‘z ustida tinimsiz ishlab. Tayyorini tarjima qilsa bo‘ldi, odamlar kulaveradi.

Bejiz «ruslarning kundalik hayotida uchraydigan holatlar»ga urg‘u bermadim. Gap shundaki, o‘sha latifalarni rus tinglovchilari tabiiy qabul qiladi. Negaki, ular hayotida ko‘proq qaynona-kelin emas, qaynona-kuyov munosabatlari ustuvorlik kasb etadi. Ruslarni kamsitmagan holda aytishim mumkinki, ularda yoshlar oila qurganlaridan keyin, bizdan farqli o‘laroq, aksariyat hollarda kuyov kelinning uyida yashay boshlaydi. Shu tarzda biz «ichkuyov» deb ataydigan va sal boshqacharoq qabul qiladigan vaziyat ular uchun odatiy holga aylanadi. Buning ko‘plab ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor, albatta. Buni qo‘ni-qo‘shnilarimiz hayot tarzi, kinofilmlar orqali ko‘rganmiz, bilganmiz. Jon bor joyda janjal bo‘ladi, boz ustiga kuyov tushmagur g‘irt dangasa va ichkilikka ruju qo‘ygan bo‘lsa. Onaning tabiiyki  qiziga rahmi keladi. Kuyovga qilgan nasihatlari kor qilmagach janjalu tortishuvlar avj oladi. Bir-birini ko‘rarga ko‘zi, otarga o‘qi yo‘q – qaynona kuyovdan yozg‘iradi, kuyov vaysaqi kampirdan bezor. Shunday «jabrdiyda» to‘rtta kuyov jam bo‘lib qolsami, qittay-qittay olgandan so‘ng qaynonalarini «siylashga» tushishadi, kimo‘zarga aketdotlar to‘qiladi, tor doiradagi bu latifalar katta sahnalarga yo‘l oladi. Ana kulgi-mana kulgi. Hech kim xafa ham, hayron ham bo‘lmaydi. Chunki har qanday millatning adabiyoti, maqol va matallari, latifalarigacha o‘z yashash tarzidan, dunyoqarashidan kelib chiqqan holda paydo bo‘ladi, shakllanadi.

Biz o‘zbeklarga esa bu holat begona. Azaldan o‘zbeklar kuyovlarni o‘zgacha hurmat qilish fazilati bilan ajralib turgan. Kuyovlarni payg‘ambarlar siylagan, maqoli ham aynan bizda bo‘lsa kerak. Chunki o‘zbek onalari qizining tushgan joyida tosh qotishini istaydi. Bu yo‘lda har qanday choralarni ko‘radi. Qizi uyiga kelsa, tansiq taomlar bilan siylaydi, qaytishida, kuyovimning ham og‘zi tegsin, deya o‘sha ovqatdan tugib beradi qo‘liga. Qizi arazlab kelsa, darrov kuyovning go‘riga g‘isht qalamaydi. Er-xotinning urushi – doka ro‘mol qurishi, qabilida ish tutadi. Qizining ustidan arz qilib zahrini sochgan kuyovga, bolam deydi, qizim hali sal yoshroqda deydi, o‘zim nasihat qilib qo‘yaman deydi, siz ovqatdan oling, bolam... Qaynonadan bu hurmatni ko‘rgan har qanday insofli kuyov ginalarni unutadi-da, albatta. Er-xotin ko‘p janjallashsa-da qaynonasining oqilligi bilan oilasi saqlanib qolgani, keyinchalik hammasi iziga tushib ketgani uchun qaynonasidan minnatdor kuyovlarni ko‘p ko‘rganman.

To‘g‘ri, kuyovini xushlamaydigan qaynonalar, qaynonasini ko‘rsa peshonasi tirishadigan kuyovlar yo‘q emas. Ammo bu ayrim misollar o‘zbek jamiyatidagi haqiqiy qaynona-kuyov munosabatini anglatmaydi.

Biroq bunday bachkanaliklarga chek qo‘ymasak, uylanmagan yigitlar ongida qaynonalar haqida judayam noto‘g‘ri tushunchalar, xulosalar paydo bo‘lib qolishi mumkin. Har qancha xato bo‘lmasin, ong ostiga o‘rnashib qolgan tushunchadan voz kechish qiyin bo‘ladi. Keyingi paytlarda qaynonalarini muhokama qiladigan, tap tortmay yomonlaydigan erkaklarning paydo bo‘lib qolayotgani balki katta sahnalarda aytilayotgan ana shunday latifalar natijasidir. Ehtimol, yomonlashga arzirli sabablar bordirda, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, lekin har qanday holatda ham qaynonasi g‘iybatini qilib yurish erkakning ishi emas.

Qaynonalar haqidagi tuturuqsiz latifalarni eshitganimda har safar qizlariga bekalik sirlarini o‘rgatib ulg‘aytirgan, o‘qitib, erlariga muhtoj bo‘lmaydigan darajada nonini butun qilib qo‘ygan, bir umr kuyovlarini e’zozlab yashagan, saksondan oshsa ham oltmishdan oshgan kuyovlari kelgudek bo‘lsa hamon tagiga to‘shak solib, orqasiga yostiq qo‘yishni kanda qilmaydigan onajonim ko‘z oldimga keladi. Qiziqchilarimizning o‘zidan ham bachkana ana o‘shanday chiqishlarini ko‘rganimda mehmonga borsam ham, mehmonga kelsa ham o‘tqizgani joy topolmay qoladigan, bolam-bolamlab bag‘riga bosadigan, puldor o‘g‘illari olib bergan qator-qator kiyimlari qolib qaysidir bayramda sovg‘a qilgan ro‘molimni, bolam olib kelgan Toshkentdan, deya davralarda qayta-qayta maqtanib yuradigan qaynonam-onam (oxirati obod bo‘lsin, ilohim) gavdalanadi. Shuning uchun qaynonalar haqidagi bunday beo‘xshov, yasama latifalarga kulolmayman. Shunday latifa aytgichlarga esa rahmim keladi: tirikchiliging qursin!    

...Mayli, shu xaritadan o‘zingiz xohlagan joyni ko‘rsating, jo‘natamiz, – deydi qahqahachi agentlik xodimi mijozga. Mijoz barmog‘i bilan bir joyni tanlaydi. Xodimning kapalagi uchadi go‘yo.

– To‘xtang, to‘xtang, bu yerni tavsiya qilmayman. Bu yer juda xavfli.

– Nega, qanaqasiga xavfli?

– Odamxo‘rlar bor.

Mijozning chehrasi yorishadi:

– Rosa menga kerakli joy ekan, shu yerni alohida belgilab qo‘ying, iltimos.

– Nega?

– Kelasi yili qaynonamni yuboraman...

Kulgilimi? Faqat shoshmang, o‘ylab ko‘ring. Sizning ham onangiz qaysidir yigitning qaynonasi axir!

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring