AQShda yana samolyot quladi
Amerikaning Filadelfiya shahrida kichik tez tibbiy yordam samolyoti turar joy binolari ustiga qulab tushdi.
Hodisa samolyot havoga ko‘tarilgandan so‘ng ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Hududdagi bir nechta uy halokatdan so‘ng yonib ketdi. Politsiya halokat joyida qurbonlar borligini aytmoqda.
AQSh Federal Aviatsiya boshqarmasi (FAA) ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot bortida olti kishi bo‘lgan.
Samolyot bortida ekipajning to‘rt a’zosi, bir bola (pediatrik bemor) va xizmatchi bo‘lgan. Kompaniya ularning ahvoli haqida ma’lumot bera olmasligini aytdi.
«Oila a’zolari xabardor qilinmaguncha ismlar oshkor etilmaydi», deyiladi Jet Rescue Air Ambulance bayonotida.
Samolyot halokati sabablari hozircha e’lon qilinmagan. Fox News xabariga ko‘ra, halokatga samolyot bortida bo‘lgan kislorod balloni sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Bu AQShda bir necha kun ichida ikkinchi aviahalokat. Payshanbaga o‘tar kechasi Vashingtonning Reygan xalqaro aeroporti yaqinida fuqarolik samolyoti va harbiy vertolyot to‘qnashib ketgandi. Samolyot bortida 60 nafar yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi, vertolyot bortida esa uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hech kim omon qolmagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter