Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShdagi mingga yaqin o‘zbekistonlik deportatsiya qilinish xavfi ostida

AQShdagi mingga yaqin o‘zbekistonlik deportatsiya qilinish xavfi ostida

AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) ma’lumotlariga ko‘ra, 1,4 mln nafar xorijlik fuqaro AQSh hududidan chiqarib yuboriladi. Ular orasida 975 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor va bu yakuniy raqamlar emas. Chunki mamlakatdagi immigratsiya hibsxonalarida noqonuniy muhojirlar topilishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborilishi aytilayotgan noqonuniy muhojirlarning eng ko‘pi Gondurasdan – 261 651 nafar.

Shuningdek, Gvatemala (253 413), Meksika (252 044) va Salvador (203 822) fuqarolari ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ro‘yxatga Xitoy (37 908), Gaiti (32 363), Venesuela (22 749), Eron (2 618), O‘zbekiston (975) va Pokiston (776) fuqarolari ham kiritilgan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, AQShdagi deportatsiya qarorini kutayotgan yoki deportatsiya qarorini olgan noqonuniy muhojirlarning umumiy soni 7 million kishidan oshadi.

Qo‘shma Shtatlarda deportatsiya qilingan muhojirlar soni 2021 yildan buyon eng tez o‘sdi: 3,7 milliondan 2023 yilda 7 million nafarga yetdi.

ICE deportatsiya ishlarini zudlik bilan amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim sabablarni ham ma’lum qilgan. Jumladan, ko‘rib chiqilayotgan apellyasiyalar, qochqin maqomi kabi qo‘shimcha himoya shakllarini olgan muhojirlar yoki shu kabi boshqa sabablar. Bundan tashqari, Xitoy, Rossiya, Eron va Kuba kabi 15 davlat deportatsiya qilingan fuqarolarni qabul qilishdan rasman bosh tortgan. Yana 11 davlat, jumladan Iroq va Vetnam bu kabi talablarni bajarishni «istamaydi» deb hisoblanmoqda.

Oq uyga qaytgan Donald Tramp immigratsiya siyosatini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli choralarni e’lon qildi. O‘zining birinchi kunida u immigratsiyani cheklovchi farmoyishlarni imzoladi, Meksika bilan chegarada favqulodda holat e’lon qildi va Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan bolalar uchun avtomatik fuqarolikni tugatish rejalarini e’lon qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring