Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

«Ginnes rekordlari»ga kirmagan eng uzun qabr

«Ginnes rekordlari»ga kirmagan eng uzun qabr

Samarqand zaminida dunyo ahlini hayratga solib kelayotgan tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar juda ko‘p. Shulardan biri Xoja Doniyor (Doniyol) maqbarasidir. Xalq orasida bu ziyoratgoh haqida juda ko‘p afsona va rivoyatlar yuradi. Biz shu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tishni niyat qildik.

Xoja Doniyor kim bo‘lgan?

Ushbu maqbara qadimiy Afrosiyob tepaliklarining shimoliy qismida joylashgan. Bu yerda nafaqat mamlakatimizning turli nuqtalari va musulmon o‘lkalardan, hatto g‘arb mamlakatlaridan kelgan ziyoratchilarni uchratish odatiy holga aylangan. Chunki, ayrim rivoyatlarga ko‘ra, bu yerdagi qabr nasroniy manbalarda nomi tilga olingan Doniyor payg‘ambar (Daniil)ga tegishlidir. Ammo, ba’zi ulamolar bu fikrni inkor etadilar. Xoja Doniyol Samarqandga kelgan sahobalardan biri hz. Qusam ibn Abbosning yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgani aytiladi. Bu haqda Abu Tohirxoja ham “Samariya”da to‘xtalib o‘tgan.

Daniil - Doniyor payg‘ambar haqida turli diniy manbalarda ko‘pgina ma’lumotlar saqlanib qolgan. Garchi Qur’oni karimda uning nomi zikr etilmagan bo‘lsa-da, boshqa islomiy adabiyotlarda payg‘ambarlar qatorida tilga olinadi.

Doniyor ismli payg‘ambar hazrati Sulamon (a.s.) avlodlaridan bo‘lib, eramizdan avvalgi 603 yilda tug‘ilgan. Er.avv. 586 yilda Bobil hukmdori Navuxudonosor hozirgi Quddus hududini zabt etib, ko‘p odamlar qatori 16 yoshli Doniyorni ham Bobilga olib ketadi. Hazrati Doniyor o‘zining go‘zal axloqi va pokiza e’tiqodi bilan bobilliklar, hatto hukmdorning ham e’tibori va ehtiromini qozonadi.

Rivoyatlarga ko‘ra, u tushlarni to‘g‘ri ta’bir qila olar, qadimiy, sirli bitiklarni o‘qib, uning mazmuni ham bexato sharhlab berardi. Shu bois podshohning unga nisbatan e’timodi, hurmati yanada ortadi. Bu esa, hasadgo‘y g‘animlarga yoqmaydi va Doniyorga qarshi fitna uyushtiradilar. Podshoh fitnachilarning ig‘volariga uchib, Doniyorni och sherlar yotgan chohga tashlashni buyuradi.

Shunda, Yaratganning qudrati bilan sherlar uni g‘ajib tashlash o‘rniga, oyog‘iga bosh qo‘yib, itoat etadilar.Buni ko‘rgan podshoh Dorniyorning aybsizligiga, parvardigorning sodiq qullaridan biri ekaniga ishonadi va uni chohdan chiqarib oladi. O‘rniga unga tuhmat qilgan g‘animlarni sherlar oldiga tashlaydi. Tabiiyki, sherlar bu yaramas fitnachilarni tilkalab tashlashadi.

Sandiq ichidagi jasad

Hazrati Doniyor juda ko‘p mo‘’jizalar bilan insonlarni hayratga solgan. U Bobil saltanatining kelajagini aniq va to‘g‘ri karomat qila olgan. Doniyor payg‘ambar juda uzoq umr ko‘radi.

Bobil saltanatiga forslar tomonidan barham berilgach, Doniyor payg‘ambarni Eronga Doro huzuriga chaqirishadi. U uzoq yillar Doro va Kirning saroyida maslahatchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. U juda uzoq umr ko‘rgan. Eramizdan oldingi 531 yilda vafot etadi va qadimgi Suza - hozirgi Eron hududidagi Shustar (Shush) shahrida dafn etiladi.

Abbosiylar davri tarixchii Ahmad al-Balozuriyning yozishicha, Umar ibn Xattob (r.a.) xalifaliklari paytida musulmonlar Suza shahrini fatx etishadi. Mashhur sarkarda va olim Abu Muso al-Ash’ariy boshchiligidagi qo‘shin Suza shahridagi butun xazinani qo‘lga kiritadi. Barcha oltinu javohirlar uch yuzta sandiqqa joylanadi. Faqat birgina sandiqni xazinabonlar berishni istamay, ko‘z-yosh to‘kishadi va unda Doniyor payg‘ambarning jasadi borligini aytishadi.

Sandiqni ochib ko‘rishsa, unda yaqindagi jon tanasini tark etgan jasadni ko‘rishadi. Holbuki bu paytda orada o‘n ikki asrga yaqin vaqt o‘tgandi. Abu Muso al-Ash’ariy darhol xalifaga maktub yo‘llab bu sirli hodisani bayon qiladi. Hazrati Umar aholi o‘rtasida fitna chiqishini istamaganliklari uchun mayitni yuvib, izzat-ikrom bilan yashirincha dafn etishni buyuradilar. Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Doniyor payg‘ambar xalifaning amri bilan Firot daryosi qirg‘og‘ida dafn etilgan.

Eronning Shustar shahridagi Doniyol maqbarasi Doniyor payg‘ambar - Samarqandda

Bugungi kunda dunyoda Doniyor payg‘ambarga nisbat beriladigan bir qancha ziyoratgohlar mavjud. Ayni paytda Eronning Xuziston viloyati Shustar shahrida ham Doniyor payg‘ambar maqbarasi saqlanib qolgan. 2007 yilda Iroqning Musul shahrida Doniyor payg‘ambarga tegishli deb bilingan bir maqbara terrorchilar tomonidan portlatib yuborilgan edi.

Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Xo‘sh, Doniyor payg‘ambar jasadi qanday qilib Samarqandga kelib qolgan? Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur 1397-1404 yillarda Kichik Osiyoga yurish qiladi va Shustar shahrini o‘n sakkiz kun qamal qiladi. Qamal paytida sarkardani payg‘ambar maqbarasi jalb etadi. Sohibqironga ushbu maqbara qaysi yurtda bo‘lsa, shu yurtdan fayz-baraka arimasligini aytishadi. Shunda ul zot payg‘ambar xokini o‘z saltanatining poytaxti – Samarqandga olib ketishga ahd qiladi. Ayrim ma’lumoltlarga ko‘ra, Samarqanjdga Doniyor payg‘ambarning faqat o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘i suyaklari olib kelingan.

Eng uzun qabr

Yana bir afsonaga ko‘ra, payg‘ambar xokini otga ortib olib kelishayotgan paytda, ot hozirgi maqbara o‘rniga yetganida, joyida taqqa to‘xtab qolgan. Otning tuyoqlari ostidan esa, buloq otilib chiqqan.

Fayzli ziyoratgoh

Shunda Sohibqiron payg‘ambar xokini aynan shu yerda dafn etishni amr qilgan, deyishadi. Otning tuyoqlaridan chiqqan buloq bugungacha saqlanib qolgan. Mahalliy aholining aytishicha, suvi juda ko‘plab xastaliklarga shifo ekan. Bugun bu maskanga tashrif buyurgan ziyoratchilar ushbu shifobaxsh buloq suvidan ichmay ketishmaydi.

Bugun maqbarani ziyorat qilish uchun kelganlar qabrning haddan tashqari uzunligidan hayratga tushadilar. Ayni paytda unng uzunligi 18 metrni tashkil qiladi. Aytishlaricha, payg‘ambar xoki dafn etilganidan so‘ng, qabr o‘z o‘zidan cho‘zila boshlagan. Keyinchaldik ushbu qabr ustida unga moslab maqbara bunyod etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning hech bir nuqtasida bu qadar uzun qabr uchramaydi.

Bugungi ziyoratgoh esa, XX asrning boshlarida tiklangan. Bu maqbarani har yili musulmonlar bilan bir qatorda nasroniylar va yahudiylar ham ziyorat qilgani kelishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring