Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Biz qanday yashayapmiz?

Biz qanday yashayapmiz?

Bugun o‘zbekistonlik muxojirlar faqatgina uy qurib, qorovullik qilib, ko‘cha supurib yurgani yo‘q.

Foto: «profile.ru»

Gohida sal avvalroq chiqqan turli gazeta taxlamlariga ko‘z tashlayman. Moziyga qaytmoq uchun ayrim maqolalarni takror o‘qiyman. Deyarli barcha gazetalarimizda bir xil manzara: yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukm surmoqda. Xalqimiz farovonligi kun sayin oshib borayotir. Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham tobora yuksalmoqda. Yangi maktab, kollej, litsey, shifoxonalar qad ko‘tarayapti. Yuz minglab ish o‘rinlari yaratilmoqda. Dunyo iqtisodiy inqiroz yoqasida turgan bir paytda yalpi ichki mahsulot har yili oshib borayapti. Hamma o‘z hayotidan xursand. Noxush hodisalar, qotillik, jinoyat... yo‘q hisobi...

Endi-chi, bugun turli internet saytlarini «varaqlab» dahshatga tushamiz. Bir-biridan sovuq yangiliklar:

  • Qozog‘istonda o‘zbek muhojirlari ketayotgan avtobus yonib ketdi...
  • Samarqandda majburiy mehnatga jalb qilingan o‘qituvchi «KamAZ»ning tagida qoldi.
  • Andijonlik 23 yoshli ayol o‘z bolasini bo‘g‘ib o‘ldirdi.
  • Toshkentda kollej o‘quvchisi o‘zini osdi.
  • Buxoroda bog‘cha mudiri 600 ming so‘m bilan qo‘lga tushdi.
  • Rossiyada o‘zbeistonlik muhojirni urib o‘ldirishdi.
  • O‘zbekistonlik yigit Shvetsiyada terakt sodir etdi....

Nega shunday? Ikki-uch yilda hayotimiz shu qadar yomon tarafga o‘zgarib ketdimi?

Aslo! Hammamiz o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rayapmiz. Hayot yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. Yillar davomida jamiyatimizning tomirini kemirib kelayotgan yuholar o‘z jazosini olayapti. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar izga tushayapti. Qancha-qancha muammolar o‘z yechimini topayapti.

Unda nega hamma yoqni «shumxabarlar» bosib ketdi? Nima, bunaqa noxushliklar ikki-uch yil ilgari yuz bermasmidi? Afsuski, uch yil, besh yil, o‘n yil yo yigirma yil avval ham shunday voqealar takror va takror yuz bergan. Biz bular haqida uzunquloq gaplar, mishmishlar, «noxolis xorijiy nashrlar va radiokanallar» orqali eshitib qolardik. Ko‘zimiz bilan ko‘rsak ishonardik, eshitganlarimiz qulog‘imizning yonidan zing‘illab o‘taverardi.

Endi hamma sohada bo‘lganidek, jurnalistika ham tubdan o‘zgarmoqda. «taqiq»qa uchragan mavzularga ham keng yo‘l ochildi. Tanqidiy-tahliliy materallarga yo‘l ochildi.

Lekin gap bu haqda emas.

Aynan erkinlik tufayli butun matbuotimiz, internet saytlarimiz, radio va telekanallarimizni junbushga solayotgan muammolar va ularning tub ildizlari haqida...

Xo‘sh, bunday noxush hodisalar – xorijdagi avtohalokatlar, majburiy mehnat qurbonlari, o‘z yaqinlarining hayotiga suiqasd, xudkushlik, yoshlarimiz turli oqimlar ta’siriga tushib qolayotganining sababi nimada? Qaysi birini tahlil qilib ko‘rmang, alaloqibat bitta muammo bo‘y ko‘rsatadi: yetishmovchilik! Ha, aynan yetishmovchilik tufayli yoshlarimiz xorijga ish izlab ketadi, yetishmovchilik sabab oilalar buziladi. Yetishmovchilik sabab jigarlar bir-biriga dushman bo‘ladi, musht, hatto qurol ko‘tarish darajasiga yetadi.

Albatta. Bu savollarga javob izlab Amerika kashf qilayotganim yo‘q. Lekin yana bir karra shu haqdagi mulohazalarimni siz bilan baham ko‘rsam...

Ha, afsuski, hayotimiz shu paytgacha biz o‘ylagan, biz ishongandan ko‘ra boshqacharoq ekanini kun sayin anglab yetayapmiz. Bilmaganlarimiz bilganlarimizdan ko‘proq ekanini tushunayapmiz.

«Nimadan noliyapsan, senga nima yetishmayapti?», — deya meni noshukurlikda ayblashga oshiqmang. Shu paytgacha biz hayotimizni o‘zimizdan ko‘ra yomonroq ahvoldagilar bilan solishtirib keldik. Suriyada, Iroqda, Afg‘onistonda ahvol qanaqa-yu, bizda qanaqa? Afrikada minglab odamlar suvga, nonga zor, biz qanday yashayapmiz?

Ha, darvoqe, biz qanday yashayapmiz? To‘g‘ri, Mozambik, Chad, Somali, Suriya yo Iroqdagilarga qaraganda hayotimizni jannatga qiyoslasak arziydi. Ming marta shukur! Lekin bizdan yaxshi yashayotganlar ham juda ko‘p. Aks holda, har yili minglab vatandoshlarimiz ko‘proq pul topish va yaxshiroq yashash umidida xorijga yo‘l olmagan bo‘lardi.

Xo‘sh, o‘zi biz qanday yashayapmiz? To‘g‘rirog‘i, qanday yashashni istaymiz?

Agar mamlakat bo‘yicha shunday so‘rov o‘tkazilsa, ko‘pchilik bir xil javob bergan bo‘lardi:   

— Uy-joyim bo‘lsa, o‘g‘limni uylantirsam, qizimni chiqarsam, mashina olsam (yoki yangilasam), qornim to‘q, ustim but bo‘lsa, shuning o‘zi bas...

Biroq, vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘pchilikning ana shu orzularini amalga oshirishga bizdagi imkoniyatlar yetarli emasga o‘xshayapti.

Xalqaro mehnat tashkilotining 2017 yilgi oylik daromad reytingiga binoan O‘zbekiston dunyo mamlakatlari orasida 235 AQSh dollari miqdoridagi o‘rtacha oylik ish haqi bilan 118-o‘rinda turadi (http://investorschool.ru/srednyaya-zarplata-po-stranam-mira-2017). Ro‘yxatning boshida turgan mamlakatlardagi o‘rtacha ish haqini ko‘rib og‘zimizning suvi oqishi tabiiy. Chunonchi, bu raqam Shveysariyada 3855, Norvegiyada 3781, Lyuksemburgda 3565 dollarni tashkil qiladi.

To‘g‘ri, sayyoramizda 200 ga yaqin mamlakat bor-ku, demak biz o‘rtaroqda ekanmiz-da deb o‘zimizni yupatishga shoshilmaylik. Butun dunyo mamlakatlari aholisining o‘rtacha ish haqi 1500 AQSh dollariga yaqin ekan. Demak, biz hali o‘rtacha ko‘rsatkichga ham yetganimiz yo‘q.

Shuning uchun ham yillar davomida «O‘zbekistondagi shart-sharoitlar, yaratilayotgan ish o‘rinlari, to‘qlik va farovonlik» haqida bong urmaylik, baribir odamlarimiz bizdagidan ko‘ra ko‘proq haq to‘lanadigan o‘lkalarga ketaverishdi. Bu jarayon hozir ham to‘xtagani yo‘q. Faqat biz endi bu holat va unga majbur qilayotgan sabablarni ochiq-oshkor tan olayapmiz xolos.

E’tibor qilsak, xorijga ketayotganlarning asosiy qismi 18-42 yoshdagilar tashkil etadi. Ya’ni inson umrining kuch-quvvatga to‘lgan, ishlab pul topa oladigan pallasi. Kuzatishlarga ko‘ra xorijda ish taklif qilayotgan firma va kompaniyalar asosan 18-39 yoshdagilar kerak. To‘g‘ri-da, yoshi o‘tib, belidan quvvati-yu ko‘zidan nuri ketganlarni chet elliklar nima qiladi? Demak, bugungi kunda yuz minglab ana shunday qo‘lidan ish keladigan hamyurtlarimiz xorijda yurishibdi. Aytish joizki, ular nafaqat o‘z cho‘ntagiga, balki xorijiy mamlakatlar iqtisodiyotiga ham foyda keltirayapti. O‘zbekistondan borgan muhojirlar xorijiy ish beruvchilar uchun arzon ishchi kuchi hisoblanadi.

Lekin tan olish kerak, bugun o‘zbekistonlik muxojirlar faqatgina uy qurib, qorovullik qilib, ko‘cha supurib yurgani yo‘q. Ular orasida oliy ma’lumotli pedagoglar, shifokorlar, olimlar, iqtisodchilar, xullas, turli soha vakillari bor.

Ba’zida eshitib qolamiz: o‘zbek olimi Amerikada buyuk kashfiyotlar qilmoqda. Nima, bizga ilm-fan kashfiyotining keragi yo‘qmi? O‘zbek shifokorlari AQShda, Yevropada, Yaqin Sharqda, hatto Afrika davlatlarida ishlamoqda. Nima, bizda hech kim kasal bo‘lmaydimi? O‘zbek quruvchilari Rossiyada, Qozog‘istonda har yili yuzlab, minglab, zamonaviy imoratlar, go‘zal binolarni qurib berishayapti. Nima, bizda bunday imoratlarga ehtiyoj yo‘qmi?

(Mayli biznikilar ham xorijga borib ishlasin. Lekin oddiy qora ishchi sifatida, arzimagan 700-800 dollar evaziga emas. Bizning vatandoshlarimizni xuddi Odil Ahmedov, Ravshan Ermatov singari kuchli mutaxassislar sifatida, yuz minglab dollar evaziga ishga chaqirishsin. Zotan, ular tufayli mamlakatimizga valyuta oqib kiradi.)

Navqiron ishchi kuchlari, malakali mutaxassislarimiz o‘zimizda, oilasi, yaqinlari oldida ishlashni istaydi. Ammo qo‘lidan ish kelgan paytida ko‘proq pul topgisi keladi. Bizda esa hozircha ayrim xorijiy davlatlardagidek sharoitlar yetarli emas.

To‘g‘ri, bugungi kunda Prezident boshchiligida mamlakat iqtisodityotini ko‘tarish, aholining turmushini yaxshilash, ishlab chiqarish korxonalarini va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajarilmoqda. Bu harakatlar o‘z samarasini beradi albatta. Ammo bir kishining izlanishlari, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urgani kifoya qilmaydi.

Buning uchun har birimiz o‘zimizni, qarashlarimizni, intilishlarimizni, fikrlarimizni o‘zgartirishimiz kerak. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: «...Albatta, to bir qavm o‘zlarini o‘zgartirmaguncha, Alloh ularning holini o‘zgartirmas...» («Ra’d» surasi 11-oyat). Bu oyati karimaning mazmuni xalqimizning «Sendan harakat – mendan barakat» naqlida ham soddaroq tarzda ifodalangan.

Faqat bugunni o‘ylab yashaydigan bo‘lsak, heya narsa o‘zgarmaydi. Hammasi bugungidek davom etaveradi. Bugungi kun bir navi o‘tishi uchun sharoitlarimiz yetarli. Lekin ertangi kun yanada farovon, yanada to‘kis bo‘lishi uchun ko‘proq o‘ylashimiz, o‘qishimiz, izlanishimiz kerak.

Buning uchun eng avvalo o‘z farzandlarimizga jiddiyroq e’tibor qarataylik. Xo‘sh, farzandlarimiz bugun nima qilayapti? Albatta, men turli musobaqalarda kuchi, bilimi, iqtidorini namoyon etayotgan farzandlarimizning yutuqlarini kamsitmoqchi emasman. Baraka topishsin. Lekin boshqalar-chi? Yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarimiz nari borsa ming, ikki ming, boring ana o‘n ming nafar chiqar. Qolganlar-chi? Axir mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini 18 ga to‘lmaganlar tashkil etadi-ku? Bu 16 milliondan ko‘proq odam degani. Ular nima bilan mashg‘ul? Millionlab yoshlarimiz bilim olish o‘rniga serial tomosha qilish, ijtimoiy tarmoqlarga surat joylash, kimlar bilandir yarim kechasigacha yozishish, turli elektron o‘yinlar bilan shug‘ullanmayaptimi?

Kattalar-chi? Ularni nimalar o‘ylantirayapti? Faqat o‘g‘il uylantirish, qiz chiqarish, uy qurish, yaxshi kiyinish, yaxshi kiyintirish haqida boshqa qotirmayaptimi?

Katta-kichik amal kursisidagi «kattakonlarimiz»-chi? Ularning hammasi birdek yurt rivojini, xalq farovonligini, o‘zidan biror yaxshiroq ish qoldirishni o‘ylarmikin? Mansabni shaxsiy tirikchilik manbaiga aylantirib olganlar hamon uchramayaptimi? Keng hujrada, yumshoq kursiga yastanib, jamiyatning tomirini kemirib yotgan «jonivorlar»ning qanchasi jazosini oldi. Ularning o‘rnini egallayotganlar «avvalgilarga o‘xshamas»mikin?

Tirikchilik, yanada yaxshiroq hayot kechirishi ilinjida xorijga oshiqayotgan hamyurtlarimizdan ginamiz yo‘q emas. Shoshilmang, birodar. Umringizni, kuchingizni, bilimingizni yot o‘lkalarga sarflashga oshiqmang. To‘g‘ri, bizda Yevropa yoki Amerikadagidek pul topolmaysiz. Ammo yurtimizda o‘zgarishlar shu taxlit shiddat bilan rivojlanaversa, bizda ham ish haqi, yashash sharoitlari sezilarli darajada ortadi. Buning uchun sizning ham yordamingiz kerak!

Albatta inson orzu-havas bilan tirik. Bularsiz hayot rangni yo‘qotar balki. Lekin biz bundan ham yaxshiroq yashashimiz mumkin. Oyiga 700-800, 1000 dollar emas, undan bir necha baravar ko‘proq pul topishimiz, o‘zimiz orzu qilganimizdan ko‘ra yaxshiroq yashashimiz mumkin.

Buning uchun ichimizda ozroq milliy g‘urur, vatanparvarlik bo‘lishi kerak. Biz juda boymiz. Bizning 33 millionga yaqin kuchimiz bor. 447,8 ming kvadrat kilometr yerimiz bor. Yerosti va yerusti boyliklarimizning hisobi yo‘q. Bizchalik tabiiy va insoniy resurslarga ega mamlakatlar kam. Lekin ana shu boyliklardan to‘g‘ri foydalanish, ularni ko‘paytirish, hayotimizni yanada gullatish uchun aql, kuch, intilish kerak bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushidan qashshoqlik girdobiga botib chiqqan Koreya, Yaponiya singari mamlakatlar ham tabiiy boyliklari emas, o‘z xalqining kuchi, bilimi va salohiyati tufayli barcha mashaqqatlarni yengib, yuksak marralarga erishdi. Biz bunga qodir emasmizmi?

Men dunyoning o‘nlab mamlakatlarini kezgan inson sifatida aytaman: faqat o‘zimizni, hayot tarzimizni, qarashlarimizni o‘zgartirishiz kerak.

O‘zimizni o‘zgartiraylik, Yaratgan ham bizni o‘zgartiradi.

Harakat qilaylik, baraka topamiz.

Faqat kundalik mayda-chuyda tashvishlar bilan emas, kelajak haqida, farzandlarimiz bugungidan ko‘ra baxtlirok, komilroq, to‘kisroq yashashi uchun harakat qilaylik.

Farzandlarimizni ham ko‘proq o‘qishga, intilishga undaylik.

Qo‘liga telefon emas, kitob olib beraylik.

O‘g‘limiz yo qizimizga mashina olib berish uchun sarflaydigan pulimizni uni o‘qitishga, repetitor yollashga, iste’dodini yuzaga chiqarishga sarflaylik. Zotan, eng yaxshi sarmoya farzandlar kelajagi uchun tikilgan sarmoyadir.

Bolalarimiz vaqtini internet yoki virtual o‘yinlar uchun emas, bilim olish, kitob o‘qish, izlanish uchun sarflasin.

Jamiyatdagi har bir inson faqat o‘zi uchun emas, xalq uchun, vatanning yuksalishi uchun mehnat qilmas ekan, intilishlarimiz samara bermaydi.

Amaldorlarimiz o‘zlari mas’ul bo‘lgan soha rivojini emas, kursining kuchi bilan «inomarka» olish, uch qavatli imorat qurish, dacha tiklash haqida o‘ylar ekan, hayotimizda o‘zgarish bo‘lmaydi.

Farzandlarimiz vaqtini behuda, o‘yin-kulgi uchun sarflar ekan, kelajakka umid bilan boqib bo‘lmaydi.

Tan olishdan uyalmaylik: ahvolimiz havas qiladigan darajada emas.

Bu achinarli holatdan bizni faqat bilim va mehnatgina qutqara oladi.

Bugun har birimiz izlanishimiz, o‘z vazifamizni vijdonan bajarishimiz, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak.

Birodar, ko‘zingizni oching, yoningizdagilarni ham turtib qo‘ying.

Bir lahza ham befarqlikka berilishga, loqaydlikka, atrofimizdagi muammolarni ko‘rib ko‘rmaslikka olishga haqqimiz yo‘q.

Tasavvur qiling, biz hammamiz bitta kemadamiz. Hammamizning jonimiz, manzilimiz, muddaomiz bir. Kimdir bu kemaning bir chetini tesha boshlar ekan, 33 million yo‘lovchining hayoti xavf ostida qoladi.

Ogoh bo‘laylik, ko‘zimizni kattaroq ochaylik, izlanaylik, izlaylik, o‘qiylik, o‘qitaylik, mehnat qilaylik.

Toki hamyurtlarimiz yot o‘lkalarda avtobuslarda, mashinalarda tiriklay yonib ketmasin!

Toki ko‘zdek bolalarimiz ish izlab ketib, terrorchilar safida «jihod qilaman» deb o‘zini ham, o‘zgalarni ham halok etmasin. Millatni yomonotliq qilmasin!

Toki guldek qizlarimiz, juvonlarimiz ko‘ra-bila turib, nafs va hirs bandalarining qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa aylanmasin!

Toki «o‘zbek» deganda ba’zi «oqsuyak» og‘alarimizning ko‘z o‘ngida til bilmas, gap uqmas «gastarbayterlar» jonlanmasin!

Toki ota-onasi xorijga pul topgani ketgan bolalar tarbiyasiz ulg‘aymasin, jinoyatga, beboshlikka qo‘l urmasin!

O‘zbekiston dunyoning eng farovon, to‘q va obod davlatlari, o‘zbekistonliklar yer yuzidagi eng baxtli xalqlar reytingida eng yuqori o‘rinlarni egallasin!

Yo gaplarimga qo‘shilmaysizmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring