Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Hokim almashdi, lekin muammolar qoldi. Qashqadaryoning yangi rahbari Murod Azimovga maktub

Hokim almashdi, lekin muammolar qoldi. Qashqadaryoning yangi rahbari Murod Azimovga maktub

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Assalomu alaykum, hurmatli Murod Berdialiyevich!

Bilasizmi, men qishni yomon ko‘raman. Kamina azim shaharda emas, odamlar o‘tin-cho‘p yoki tappi yoqib jon saqlaydigan qishloqda ulg‘ayganim uchundir. Sovuq tushgandan hamma o‘z uyiga biqinib oladi. Ko‘chalar bo‘shaydi. Daraxtlar, yo‘llar mung‘ayib, tumtayib qoladi. Odamlar yetti-sakkiz bo‘lmasdan, boshini ko‘rpaga burkab, uyquga ketadi.

Bu vaqtda poytaxt Toshkentda ko‘chalar charog‘on, taomxonalar obod va gavjum, odamlar turli joylarda madaniy hordiq chiqarayotgan bo‘ladi.

Siz ham qishloqda ulg‘aygansiz. Chang ko‘chalarda unib-o‘sgansiz, daryolardan suv ichgansiz. Qishloqning sharoitini yaxshi bilasiz. Ammo baribir bir qalamkash sifatida o‘z fikrlarimni bo‘lishgim keldi.

Prezident har Qashqadaryoga kelganida kuyunib bir gap aytadi: «Qashqadaryo xalqi o‘z salohiyatiga munosib holda yashamaydi. Bu yerda qilinadigan ish ko‘p» .

Shu sababdan sizga ushbu maktubni yozishni maqsad qildim. Xalq muammolarini kuzatib yurgan oddiy jurnalistning murojaati o‘laroq qabul qiling.

Qashqadaryoda uch yirik muammo bor: elektr, korrupsiya va ishsizlik muammosi. (Muammolar butun O‘zbekistonga tegishli, ammo ushbu viloyatda ahvol yanada jiddiyroq). Shu ikkovi imkon qadar yumshatilsa, odamlarga ancha oson bo‘ladi. 2016 yildan keyin elektr ta’minoti yaxshilanganiga qaramay, ba’zan chiroqning «kasali» tutib qoladi. (2020 yil buning shaxsan guvohi bo‘ldim).

Mana bugun, 2021-yil 19 ҳ-noyabr. Ikki kun avval yaxshigina qor yog‘di. Elektr ta’minotida muammolar boshlandi. Bugun Kitob tumanida elektr soatlab bo‘lmadi. 

Ko‘p joylarda transformatorlar o‘ta eskirgan. Aholi esa, 1991 yilga nisbatan keskin ko‘paygan. Chunonchi men yashayotgan mahalla ikki barobarga kengaydi, lekin transformator 20 yildan beri qimir etmay turibdi. Qishloq ichkarisidagi ayrim simyog‘ochlarning oldidan esa odam yuragini hovuchlab o‘tadi.

O‘ylaymanki, bu muammo Qashqadaryoning juda ko‘p mahallalariga tegishli. Xo‘roz hamma joyda bir xil qichqiradi.

Ishsizlik muammosi. Viloyatlar orasida birontasi Qashqadaryochalik o‘zining eng salohiyatli farzandlarini poytaxtga, chet elga berib yubormagan bo‘lsa kerak. Ba’zan, Toshkent qashqadaryoliklar bisyor ekani haqidagi gap-so‘zlar, hazillardan dilim og‘riydi. Albatta, ularning salmoqli qismi yuqori lavozimlarda ishlaydi, savdo-sotiq, biznesda o‘z o‘rniga ega. Ammo...

Ularga ortga qaytish tugul, bir hafta borib Qashqadaryoda yashab kelish haqida gapirib ko‘ring-chi? Elektr yo‘qligi, uylar isimasligi, tadbirkorlik qilishda byurokratiya va to‘siqlarning ko‘pligi haqida so‘zlashadi.

Kitob tumani hokimi bilan suhbatda tuman rahbari daromadning asosan qishloq xo‘jaligidan kelishini ta’kidlagan va qarzlar haqida gapirgandi. Aynan Kitob, Shahrisabz tumanlarida pichoqqa ilinadigan korxona, ishlab chiqarib muassasalari yo‘q. (Qaytanga sho‘ro va mustaqillikning dastlabki davrlarida ishlaganlar yopildi).

Va nihoyat korrupsiya muammosi. Viloyatning avvalgi rahbari Zoyir Mirzayevdan iqtibos:«Korrupsiya agentligi rahbari bilan birga yig‘ilish o‘tkazdik. Unda Qashqadaryo eng ko‘p korrupsion xatoliklar yo‘l qo‘yilgan hudud deya topildi. Mana tibbiyot va ta’lim bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdik. Endi qachongacha davom etadi bu holatlar?»

O‘sha yig‘ilishda qatnashgan sobiq Xalq ta’limi vaziri viloyat maktablari «tanish-bilishchilik kuchaygani» va «direktorlar atrofiga qarindoshlarini yig‘ib olganini» tanqid qilgandi . Bu roppa-rosa bir yil avvalgi gap.

Bundan ko‘rinadiki, Qashqadaryodagi korrupsiya yuqori minbarlardan turib ham tan olingan. Aybni tan olish esa mard odamning ishi.

Ana shu uch muammoga nisbatan ta’bir joiz bo‘lsa, urush ochmoq kerak.

Maktubimni davlatimiz rahbariga oid fikr yakunlamoqchiman:

«Bu zamin ulkan imkoniyatlarga ega. Lekin uning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalar ahvoli bunga mutlaqo mos emas. Oxirgi 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotdagi viloyat ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.

— Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimizdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri.

Qashqadaryo eli shunga munosibmi?».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring