Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Gitlerning sirli o‘limi sababi va «Uchinchi reyx» intihosi — tarixda bugun

Gitlerning sirli o‘limi sababi va «Uchinchi reyx» intihosi — tarixda bugun

Foto:«BBC»

Sirli o‘lim yoki Argentinaga qochqinlik haqidagi afsona

Adolf Gitler. Bu nomni eshitgach, xayolga qattol fyurerning sovuq nigohlari va Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan millionlab insonlar keladi.

Tarixiy faktlarga ko‘ra, fashistlar dohiysi 1945-yil, 30-aprel kuni (bundan roppa-rosa 76 yil avval) Berlindagi fyurerbunkerda o‘z joniga qasd qilgan. Gitlerning o‘limi tarixdagi eng sirli va yashirin hodisalardan biri bo‘lgan. Shu sababli hali-hanuz bu voqea bo‘yicha turli xulosalar va gap-so‘zlar aytib kelinayotir.

Eng ishonchli variant — 30-aprel sanasida Gitler, uning rafiqasi Yeva Braun va sodiq xizmatchisi Yozef Gebbels (oila a’zolari bilan) bunkerda o‘z jonlariga qasd qilishgan. So‘ngra reyx askarlari ularni tashqariga chiqarib yoqib yuborishgan. 2017-yil Rossiya FXX tomonidan berilgan ruxsat asosida Gitlernikiga nisbat berilgan bosh suyagi va tish protezini o‘rgangan fransuz olimlari uning o‘limdan oldin zahar qabul qilganini (bu zaharli sianiy kristali bo‘lgani aytiladi) va bosh suyagida o‘q izlari borligini tasdiqlaganlar. Fyurerning shaxsiy kotibasi bo‘lgan Traudl Yunge (uning xotiralari asosida 2004-yilda «Bunker» nomli o‘tkir syujetli tarixiy film ishlangan) ham mazkur holatni tasdiqlagan. Millionlab kishilarning yostig‘ini quritgan va taloto‘plarga sababchi bo‘lgan fyurer faqat o‘limgina uni dahshatli azob va sharmandalikdan qutqarishini bot-bot xayolidan o‘tkazgan bo‘lsa, ajabmas.

Shuningdek, Gitlerning Argentinaga qochgani va u yerda umrining oxirigacha osuda yashagani haqida faraz mavjud. Ammo tarixchilar nazdida bu oddiy mif bo‘lib, hech qanday ilmiy asosga ega emas. Mazkur tafsilotga asosan MRB vakillarining Argentinada joylashgan va guyoki Uchinchi reyxga aloqador bunkerdan tilla tangalar va Gitler suratlari topilgani haqidagi ma’lumotlari sabab bo‘ldi. Lekin ularga suyansa bo‘ladigan asosning o‘zi yo‘q. Ammo Argentina Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ayrim «omadi chopgan» gitlerchilar uchun durust va xavfsiz boshpana bo‘lgani ma’lum. Chunki ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan aholining aksar qismi Italiya, Germaniya va Ispaniya kabi o‘sha paytda fashistik diktatura hukmron davlatlardan kelgan kishilarning avlodlari bo‘lgan. Gitler hokimiyatiga nisbatan pinhona hayrixoh bo‘lgan prezident Xuan Domingo Peron rejimi ham ularning ko‘kragidan itarmagan.

Nega aynan «Uchinchi reyx»?

Gitler tuzgan davlat — «Uchinchi reyx» nomi uzoq tarixga borib taqaladi. Bu iborani fanga nemis yozuvchisi Myoller van der Bruk kiritgan. Birinchi va ikkinchi reyx to‘qqizinchi asrda Karl Buyuk tuzgan davlat va Kayzer Germaniyasini ifodalagan, natsistlar nazdidagi uchinchi «Buyuk Germaniya» ming yil yashashi lozim edi. Bu davlat Birinchi jahon urushidan keyingi og‘ir yillarda vujudga kelgan demokratik Veymar Respublikasining intihosi edi, agar respublika halokatga uchramasa, insoniyat XXI asrni boshqacharoq kutib olishi, siyosiy tendensiyalar evrilishi nisbatan sekin kechishi mumkin edi.

Ammo so‘nggi totalitar german davlati o‘z dohiysi singari 1945-yil bahorida, 12 yil yashab yer bilan yakson bo‘ldi.

1942-yilda Yevropadagi vaziyat. 

Gitler hokimiyatga kelmasligi mumkin edimi?

Ha, bu sodir bo‘lishi mumkin edi. Totalitar yetakchining hokimiyatga kelishida avvalo 1929-1932- yillarda sodir bo‘lgan Buyuk depressiyaning o‘rni bor. Ushbu inqiroz sabab Germaniyadagi ishsizlari soni 6 milliondan oshib ketdi. Aholi orasida radikal kayfiyat o‘sdi. Og‘ir ahvol va nemis kommunistlari obro‘sining oshib borishi Gitlerni harakat qilishga undadi.

Nemis tarixchisi Detlev Poykert respublikaning halokati va natsistlarning kelishini quyidagi muammolar bilan bog‘laydi:

1. Antidemokratik qarashning o‘sishi.
2. Ishchilar harakatidagi bo‘linish.
3. Respublika siyosiy mexanizmlarining mo‘rtligi.
4. Versal shartnomasi.
5. Iqtisodiy inqiroz va Natsional-sotsialistik partiya.

Shunday vaziyatda kommunistlardan qutilishga harakat qilgan qatlam va siyosiy elita boshqa bir ajdarho — natsional-sotsialistlarning hokimiyatga kelishiga yo‘l ochib berdi. Fransiya va Buyuk Britaniyaning jur’atsizligi va loqaydligi, jahon hamjamiyatining dastlab natsizmga qarshi separastik siyosati Gitlerning tashqi ekspansiyadagi muvaffaqiyatlariga sabab bo‘ldi. Oqibatda nemislar fyurer timsolida Germaniyaning shon-shuhratini qaytaruvchi kuchni ko‘rdilar.

Fransiyani zabt etgan, ammo Eyfelga chiqa olmagan Gitler

Adolf Gitler — qattol hukmdor bo‘lgan, ammo unga oid qiziq faktlar talaygina. Fransuzlarda bir gap bor: «Gitler Fransiyani bosib olishni uddalagan, ammo Eyfel minorasini emas». Gap shundaki, Parijni tashlab chiqish asnosida fransuzlar minoraning liftini buzib ketishadi. Natijada fyurer minoraga qadam ranjida qilish imkonidan mosuvo bo‘ladi.

Foto:«Live Journal»

Gitler ikki bora rassomchilikka qabul imtihonidan yiqilgan, agar u o‘qishga kirganida taqdiri butunlay boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi.

1939-yilda Gitlerga tinchlik uchun Nobel mukofotini berishmoqchi bo‘lgan. Ammo xuddi shu yili u Yevropada keng qurolli harakatlarni boshlagan.

Sovet armiyasi safida Ikkinchi jahon urushida Semen Konstantinovich Gitler ismli askar xizmat qilgan. Qizig‘i u yahudiy millatiga mansub bo‘lgan.

1894-yilda muzga yiqilib, suv ostida cho‘kib ketishi mumkin bo‘lgan besh yashar Gitlerning hayotini bir ruhoniy saqlab qolgan. Albatta, u o‘zi qutqargan bola kelajakda misli ko‘rilmagan falokatlarga sababchi bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring