Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nurbek Alimov

Oz narsani qurbon qilgan odam, oz narsaga erishadi. Ko‘p narsani xohlagan odam esa ko‘proq narsadan voz kechishi kerakligini biladi.

Nega Zulfiyachi deganda Tetcher va Kyuri kabi intellektuallar ko‘z oldimizga kelmaydi?

Nega Zulfiyachi deganda Tetcher va Kyuri kabi intellektuallar ko‘z oldimizga kelmaydi?

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Hech e’tibor berganmisiz, Zulfiya mukofotini olganlarning aksariyati o‘zgacha bir olamda yashaydigan qizlar bo‘lishadi. Ularni «Ameli» filmidagi mashhur fransuz aktrisasi Odri Totuning qahramoniga o‘xshataman.

Zulfiya mukofotini olgan qizlar dunyoni boshqacha ranglarda ko‘rishadi. Qaniydi men ham dunyoni ularning ko‘zi bilan ko‘ra olsaydim... Hammasi konveyerdan chiqqan bir xil odamchalarga o‘xshaydi... Insonda intellekt chiroyli gapirish bilan belgilanganida to‘ydagi boshlovchilar bugun fan doktori bo‘lisharmidi...

Shu qizlarning ichida jiddiyroq, mushohadali, oqim bilan suzuvchi bo‘lmagan, o‘z pozitsiyasida mustahkam turuvchi haqiqiy intellektual shaxs bormi? Nega Zulfiyachi deganda telbanamo, jo‘shqin hissiyotli, aqldan ozar darajada super shoiraga aylanib ketgan qiz ko‘z oldimga keladi? Nega Zulfiyachi qiz deganda Mariya Kyuri yoki Margaret Tetcher kabi o‘ta intellektual ayollarni ko‘z oldimga keltira olmayman? Faqatgina trans holatiga tushganday ko‘zlari yarim yumuq, boshlarini chayqab balandparvoz gaplar bilan kimnidir ulug‘layotgan qizlar yodimga kelaveradi? Nega Zulfiya mukofoti har xil nominatsiyalarda berilsa ham bu klishe, shablon miyamga o‘rnashib qolgan? Faqat menda shunaqami?

Zulfiyachi qizlar bilan ko‘p suhbat qurganman, ikkitasini shaxsan taniyman. Ikkisi ham yuqorida tasvirlaganimday. Ular har qanday mavzuda gapira olishadi, Britaniya parlamentarizmining tarixi yoki termodinamikada ichki energiyaning roli mavzusidami, albatta, ikki soat gapira olishadi... Faqat bu mavzu ham birinchi abzatsdan keyinoq kimgadir maddohlik qilishu yo‘q narsalarni maqtashga o‘tish bilan yakun topadi.

Yoki masalaning mohiyati boshqa narsadamikan? O‘sha tanlovda shu shablonga to‘g‘ri kelmagan qizlar o‘ta olmasmikan? Unda bu iqtidorlar tanlovi emas, kim ko‘proq madh etish, kim vatanni ko‘proq seva olishini ifodalab berish bo‘yicha musobaqaga aylanib qolmaydimi?

O‘sha qizlarning minbarga chiqib gapirishlarini ko‘rganingizda edi... O‘zi yoshgina qizaloq, ammo buyuk demagog. Balandparvoz gaplar davri tugadi, TVga intervyu berayotganingda illyuziyadagi yaratib berilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanish haqida emas, yaratilmayotgan sharoitlar haqida gapirish payti kelgan bo‘lsa-da sen nega o‘zgarmaysan, qizaloq?

Oddiy holat: shaharda ishdan, o‘qishdan kelgan har qanday normal ayol bemalol yuvinib chiqib, sochini bemalol quritib damini olayotgan davrda qishloqdagi qizlar qishda pechkada suv isitib, sham yorug‘ida tog‘orada boshini yuvishini bilasanmi? Fen ishlatgani svet bo‘lmasa sochlarini pechkaning oldida yoyib quritishini-chi? Yosh kelinchaklar oddiy bitta choy damlash uchun tashqariga chiqib o‘tin chopib, o‘choqda suv qaynatishini bilasanmi?

Maktablarda yosh qizaloqlar sinf xonasida ham kurtkada o‘tirishini, shapkasini qaysidir shum bolacha yechib qochsa va uning yog‘lama sochlarini ko‘rgan sinfdosh bolalar ustidan kulishganida kecha chiroq yo‘qligi uchun onasining «qo‘y, shamollaysan, yakshanba kuni hammomga boramiz» deganini eslab, «shamollab o‘lib ketsam ham sochlarimni yuvib olsam bo‘larkan» deb o‘ylashini bilasanmi, ey ulug‘ zotlar va yo‘q narsalarning kuychisi? Nega shularni she’rga solmaysan?

Iltimos, singlim, keyingi safar 300 kishining oldida to‘lqinlanib Vatan haqida she’r o‘qiyotganingda, uni qanchalar sevishing va senga qanday zo‘r sharoitlar yaratilganini madh qilmoqchi bo‘lib turganingda haligi qizchani esingga olgin. U ham shu Vatanning farzandi. Uning sharoitini ham yaxshilashga qo‘lingdan kelgan ishing bilan hissa qo‘shishing Vatanni haqiqiy sevishingni anglatadi. Minglab jimjimador so‘zlarni boshingni likillatib, ko‘zlaringni yarim yumib aytib berganing esa vatan uchun yarim chaqaga arzimaydi.

Hammaga omonlik tilayman.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring