IT sohasida yutuqqa erishgan qizlarga ham «Zulfiya» mukofoti berilishi mumkin
2023-yil sentyabr oyiga qadar tegishli vazirlik va idoralar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlar ham taqdirlab borish tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqadilar.
Bu haqda Prezidentning «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida gap boradi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash nazarda tutiladi. Unda, jumladan, axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarni ham taqdirlab borishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda xotin-qizlarni saralashda ularning yaratgan dasturiy ta’minoti, mobil ilovasi, kompyuter o‘yinlari, ixtirosi, texnologiya va texnologik jarayonlarni takomillashtirish borasidagi ishlanmalarini davlat va jamiyat boshqaruvi, ishlab chiqarish, ijtimoiy sohadagi dolzarb muammolarni hal etishga xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter