Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Shpion» ruchka, marhumga yozilgan kredit va boshqalar haqida sud eksperti bilan suhbat

«Shpion» ruchka, marhumga yozilgan kredit va boshqalar haqida sud eksperti bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

Sud ekspertizasi jinoyatchilikni ochishda qanday o‘rin tutadi? Xususan, xatshunoslik va texnik ekspertizaning o‘ziga xosligi nimada? Bu yo‘nalishda qanday jinoyatlar tadqiq qilinmoqda? «Xabar.uz» muxbiri Samarqand viloyat sud ekspertizasi xatshunoslik va texnik eskpertiza bo‘limi yetakchi eksperti Nodira Fozilova bilan suhbatda ana shu savollarga javob izladi.

– Xatshunoslik eskpertizasida bizning oldimizga qo‘yiladigan masala, avvalo, bu imzo yoki dastxat kimga tegishli, pirovardida, imzo haqiqiymi yoki boshqa shaxslar tomonidan qo‘yilganmi, degan savollarga javob topish. Tadqiqot o‘tkazishimiz uchun tegishli hujjatlar taqdim qilinadi. Ishni chuqur o‘rganib, aniq bir xulosa beramiz. Bizga sud organlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar ham murojaat qiladilar.

Texnik eskpertiza esa hujjatlarni tayyorlash usullarini o‘rganadi. Pasport, kupyura va blankalar qanday usulda tayyorlangan? Shu asnoda uning haqiqiy yoki qalbaki ekani aniqlanadi. Shuningdek, chiziqlar kesishmalarini ham o‘rganamiz. Masalan, toza qog‘ozda imzo qo‘yilgan va shundan so‘nggina uning tepa qismida bosma yoki qo‘lyozma matn yozilgan. Sodda odamlar toza qog‘ozda imzo qo‘yishadi, lekin, natijasi nima bilan tugashini bilishmaydi. Firibgarlar esa bundan foydalanishadi, o‘zlariga kerakli matnni shu imzo bilan bog‘lashadi. Masalan, «Men falonchidan mana shuncha pul oldim» va imzo. Aslida esa imzo qo‘ygan odam bir tiyin ham olmagan, uning aybi faqat imzo qo‘ygani bo‘lib chiqadi.

– Aniq misollar asosida, voqealar tafsiloti bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Texnik eskpertiza bo‘yicha mana shunday holat bo‘lgandi. Ikki dugona o‘rtasida o‘zaro yozishma qog‘ozini o‘rganishim kerak bo‘ldi. Biri ikkinchisidan qarzga ming dollar olgan. Qarzdor ayol vaqti kelib, qarzini olib borib berganda, dugonasidagi tilxatdagi raqamni ko‘rib esi og‘ay degan. O‘z imzosi, o‘z dastxati bilan yozilgan tilxatdagi raqamning oxirida yana bitta nol qo‘shib qo‘yilgan. Natijada qarzi ming dollar emas, balki 10 ming dollar ko‘rinishida bo‘lib qoladi.

Tuhmatga qolgan ayol qarzga faqat ming dollar olganini isbotlab berish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilgan. Ekspertiza mojaroga sabab bo‘lgan tilxatdagi raqamga haqiqatdan ham bitta nol qo‘shilganini aniqladi. Biz bir ayolni ham ruhiy azobdan, ham moddiy zarardan, ham isnoddan asradik. Jarayon so‘ngida bir insonning «yuzi yorug‘» bo‘lganini his qilasan.

– Haqiqatni yuzaga chiqarish doim ham shunday silliq kechadimi?

– Har qanday holat bo‘ladi. 24 yildan buyon shu sohadaman, tajriba qo‘l keladi va ba’zan bir qarashda borini darrov aniqlab berasan. Bizda chiziqlar (shtrixlar) kesishmasi degan termin bor. Bu jarayonlar ketma-ketligi bilan bog‘liq gap. Soddaroq qilib aytganda, avval imzo qo‘yilganmi yoki avval matn yozilganmi degan savolga oydinlik kiritish kerak. Gohida aynan shuni aniqlash qiyin kechadi. Bunda tadqiqot uchun berilgan qog‘oz printer orqali o‘tganda, uskuna barabani kukuni, yozuvdagi bo‘yoqqa iz qoldirgan yoki qoldirmaganiga ko‘ra, ketma-ketlik aniqlanadi yoki aniqlab bo‘lmaydi. Chiziqlar kesishmasi aniqlanmasa, biz rad javobini berishga majbur bo‘lamiz.

Istalgan konselyariya do‘konidan har kim xarid qilishi mumkin bo‘lgan «sehrli», ya’ni, u bilan yozilgan qaydlar qandaydir vaqtdan so‘ng o‘chib ketadigan ruchka bilan bog‘liq jinoyatlar haqida ham eshitamiz.

– Hamkasblarimiz orasida bu ruchka «shpion ruchka» deyiladi. Tajribamda xuddi shunday ruchkadan foydalanilgan holdagi ishga ham duch kelganman. Odatda, bunaqa ishlar doimo pul bilan bog‘liq bo‘ladi. Xullas, bir odam boshqasiga qarz beradi, o‘rtada tilxat yoziladi. Qarz bergan kishi tilxatni olib kelib uyiga qo‘yadi. Bir necha kundan keyin, nimanidir aniqlashtirish maqsadida tilxatni olib ko‘rmoqchi bo‘lsa, qog‘oz oppoq. Ya’ni, yozuvdagi siyoh to‘laligicha o‘chgan. Berilgan pul kichik mablag‘ emas – 450 mln so‘m! O‘z qo‘li bilan shuncha pulni berganini endi qanday isbotlasin? Natijada u sudga murojaat qilgan. Menga sud raisi daftarni topshirayotib «ichidagi yozuvni kim yozganini aniqlash kerak», dedi. Daftarni ochsam, hech narsa yo‘q. «Qaysi yozuvni?» deyman. U kulib «aynan bu yerda nima yozilgani va uni kim yozganini aniqlab berasiz» dedi. Yo‘q matn tiklandi va yana bir insonning moddiy zarari oldi olindi.

Nafaqat iqtisodiy zarar, nohaqlikka uchrab, kamiga katta puliga kuyib ham qolgan odam infarkt, insultni orttirib, hayotini ham boy berishi hech gap emas. Fan-texnika rivojlangan sayin firibgarlikka ham yo‘l kengroq ochilayaptimi?

– Yuqorida tilga olinganlar so‘nggi 3-4 yil orasidagi voqealar. Avvallari barcha hujjatlar mashinkada yozilardi. O‘shanda ham o‘rganilayotgan hujjat aynan qaysi yozuv mashinkasida bajarilgan degan savol bilan ishni o‘rganardik. Bugunda kompyuter, printer paydo bo‘lgach, firibgarlikning yangi shakllari o‘rtaga chiqdi. Endi bizda montajlar ko‘p. Ya’ni, istalgan imzoni istalgan hujjatga «qo‘yish» mumkin. Boshqacha aytganda montaj yordamida hujjatni qaytadan «yaratishayapti». So‘nggi vaqtlarda bunday ishlar juda ko‘p uchramoqda.

Taraqqiyot bo‘layotgan ekan, ekspert doimo malakasini oshirib borishi kerakmi?

– Bizning o‘zimiz printer bilan ishlaymiz, turli tajribalar o‘tkazamiz. Biz bilishimiz zarur bo‘lgan belgilarni o‘zimiz oldindan o‘rtaga chiqaramiz. Bizda shunaqa holatlar ham bo‘lgandi. Rangli printerda soxta guvohnoma tayyorlangan. Biri Prezident apparatida, boshqasi prokuratura departamentida ishlashi haqidagi guvohnoma bilan turli idoralarga borib, shantaj qila boshlagan. Hatto yana bir o‘zidan muxbir yasagan shaxs soxta hujjat bilan bozorga borib ta’magarlik ham qilgan. Biz hujjatlarning soxta ekani barobarida, ular aynan qaysi printerda tayyorlanganini ham aniqlab berdik.

Eng so‘nggi ishlaringiz qanday jinoyatlar bilan bog‘liq?

– Hozirda kredit bilan bog‘liq hujjatlarga tez-tez duch kelayapmiz. Odamlarning o‘zlari bilmagan holda, ular nomiga kredit rasmiylashtirilgan holatlar ko‘paygan. Kartalaridan pul olinaveradi va ular pullari qayerga ketayotganini bilishmaydi. Yoki MIBdan talabnoma kelganda, ular hayron. Keyin aniq bo‘ladiki, ular kredit uchun hech qachon ariza ham berishmagan. Yaqinda bir ayol keldi, ko‘z yoshlari shashqator. Yoshi ulug‘, pensioner onaxon. Uning plastik kartasidan qandaydir kredit uchun pul olinayapti ekan. Ayolning aytishicha, 4-5 oydan buyon uning pensiyasidan pul chegirilgan. «Men kredit olmaganman, mening bunaqa qarzim yo‘q» deya o‘ksinadi. Onaxon ichki ishlarga ham, prokuraturaga ham, sudga ham murojaat qilgan. U kredit borasida bank bilan tuzilgan shartnomani ekspertizaga taqdim qildi. Shartnomadagi imzo bilan uning o‘z imzosi namunasini o‘rganib, shartnoma boshqa kishi tomonidan imzolangan degan mutaxassis fikrini berdik. Yana bir holatda ikki yil muqaddam olamdan o‘tgan inson nomiga kredit ochilgan. Marhumning ayoli «yig‘lashimni ham, kulishimni ham bilmayman» degani esimda qolgan.

– Suhbatimiz boshida hujjatlarning texnik eskpertiza haqida ma’lumot berayotib kupyura degan so‘zni tilga oldingiz...

– O‘zimizning so‘mimizning qalbaki ko‘rinishlari, shuningdek, dollarlarni ham bizga olib kelishadi. Organlar, departament tomonidan taqdim qilinadi. U qanday usul bilan tayyorlangan, fabrikadami yoki qo‘lbola usuldami, degan savol oldimizga qo‘yiladi. Shu asosda uning qalbaki yoki haqqoniyligi haqida xulosa beramiz.

– Xat-yozuv, hujjatlar bilan bog‘liq firibgarliklar mavsumiy yoki qandaydir davriylik bilan izohlanadimi?

– 6-7 yil avvallari bizda soxta diplomlar juda ko‘p edi. Hozirda bu ish to‘xtadi hisob. Soxta diplom tayyorlagan firibgarlar qo‘lga olindi va ularga jinoiy javobgarlik belgilandi albatta. Shuningdek, qalbaki attestatlar, DTM lar bugunda deyarli kelmayapti. Hozirda eng ko‘p uchrayotgani kredit hujjatlari qatorida, maosh vedomostlari. Korxona, muassasa yoki qaysidir tashkilotda ishlashadi, maosh olishadi. Lekin, deylik, mukofotni bermay, ularning imzosini soxtalashtirib vedomostga boshqalar qo‘l qo‘ygan hollar uchrayapti. Hatto, maosh uchun ham imzolar soxtalashtirgan holatlar bu qaysidir jamoadagi «o‘lik jonlar»ni aniqlashda qo‘l keladi.

O‘tgan yil so‘ngida eskpertizadan o‘tkazish uchun aksiz markalari shunchalar ko‘payib ketdiki, bu shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Masalan, aksiz markalari ham yasama, haqiqiy emasligini aniqlab berish orqali ular idishiga yopishtirilgan aroq qalbaki, qo‘lbola, iste’molga yaroqsiz ekanini aniqlab berdik. Bunday holatlar nafaqat iqtisodiyot, balki odamlar sog‘lig‘iga xavf soluvchi omil edi. Mana hozir, bizga yo‘naltirilgan aksiz markalari oqimi ham to‘xtadi. Demak, bu boradagi jinoyatlar ildizi yo‘qotilgan degan fikrga kelamiz. Shularni eslaganda, ishimizning murakkab jihatlarini ham unutasan, biroz yengil tortasan kishi.

Suhbat uchun rahmat. Ezgulik yo‘lida hormang!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring