Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

MIBning ishi to‘yni buzish bo‘lib qoldimi?

MIBning ishi to‘yni buzish bo‘lib qoldimi?

Illyustrativ foto

Bir haqiqatni unutmaslik kerak: har qanday vaziyatda ham eng odil bahoni xalq beradi. Xalq rozimasmi, demak tizim to‘g‘ri ishlamayapti. Tizim to‘g‘ri ishlamasa, keskin qarshiliklar va tanqidlar yog‘ilaveradi. Turli «piar»laru boshqa usullar bilan biroz hovurni bosish, vaziyatni yumshatish mumkindir, lekin qarashlarni to‘liq o‘zgartirib bo‘lmaydi. Qarash va munosabat — qilinadigan ishning to‘g‘riligi, qonuniyligi va insoniyligi bilangina o‘zgarishi mumkin.

Tizim zimmasiga qarzdorlikni undirish yuklatilgan bo‘lsa, bu — topshiriqni istalgan usulda bajarish mumkin degani emas. Mana, shu kunlarda soliq idorasi bilan bog‘liq ishda ko‘rdik. Idora mas’ullari blogerlarni soliqqa tortish haqida gapira turib, agar soliq to‘lanmasa, blogerning texnika vositalari olib qo‘yilishi mumkinligi haqida aytib yuborishdi. Bu keskin bahsni yuzaga keltirdi. Chunki hech kimning mulkini sud qarorisiz olib qo‘yish mumkin emas.

Keyin bir bloger o‘z dardini ochib qoldi: 8-iyun kuni notanish odamlar unga qo‘ng‘iroq qilib, sahifasiga reklamasini joylashga kelishish uchun Toshkent vokzali yaqinidagi avtomoyka oldiga chaqirishgan. Uchrashuvda shartlar kelishilgan va xizmat haqi uchun 400 ming so‘mni olgan vaqtida begona odamlar yetib kelishgan. Aytishlaricha, ular «nalogoviy»dan ekan.  Ular blogerni Mirobod tumanidagi soliq bo‘limining 409-xonasiga olib kirib, qo‘lidagi telefonini olib qo‘yishgan, hattoki kasal yotgan ayoliga qo‘ng‘iroq qilishga ham ruxsat berishmagan. To‘rt kundirki, na telefonini ololgan, na «Instagram»dagi sahifasiga kirolgan (ular sahifadagi parollarni o‘zgartirib tashlashgan). Kamiga shuncha kundan beri telegram va boshqa tarmoqdagi yozishmalarini o‘qib borishgan.

«Bunga ularning haqqi bormi? Shaxsiy ma’lumotlarni o‘qiyotgan odamlarga hech qanday javobgarlik yo‘qmi?» deb zorlanadi bloger.

Eng dahshatlisi, bu salkam «qaroqchilik»ni ko‘chadagi qandaydir bezorilar yoki jinoiy to‘da emas, davlat tashkiloti — fuqaro va tadbirkorlarning qonuniy faoliyat olib borishini nazorat qiladigan organ vakillari amalga oshirishyapti.

Davlat soliq qo‘mitasi vaziyatga darhol munosabat bildirdi. Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev asossiz yoki aniq bo‘lmagan ma’lumot bergan xodimlarga hayfsan berilganini, telefoni olib qo‘yilgan bloger yigitdan uzr so‘rab, uning tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini davom ettirishi uchun qo‘lidan kelgan yordamini berishga tayyorligini bildirdi.

Har qanday tizimdagi nuqsonlar oqibatda shunday ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqaradi. Va qaysidir holatda, qaysidir xodimlarga hayfsan berilishi, ogohlantirilishi, ishdan olinishi bilan barchasi o‘z iziga tushib qolmaydi. Hudud rahbari bir tizim boshlig‘iga «ichagingni boshingga salla qilaman» deb tursa, bundan g‘azabnok boshliq keyin xodimlarini urib-so‘kib, har qanday usulda bo‘lsa ham vazifani bajarishni talab qilib tursa, albatta, davlat tashkilotlari tomonidan xalqqa nisbatan qonunbuzilishlar, huquq toptalishlar davom etaveradi.

Kecha, internet nashrlarning birida e’lon qilingan «MIB aliment pulini to‘lamay yurgan fuqaroni to‘yida sharmanda qildi» sarlavhali xabar bunga yaqqol misol.

Emishki, oltinsoylik Jo‘rabek Murodovning (ism, familiyasi o‘zgartirilgan) nikoh to‘yida kutilmagan voqea yuz beribdi. Ko‘pchilik mehmonlar qatori to‘yga majburiy ijro byurosi xodimlar tashrif buyurib, kuyov bolaga ijro hujjatlarini taqdim etishibdi. Ma’lum qilinishicha, J.Murodov bir necha yillar oldin birinchi oilasi bilan ajrashgan. Shu bois Oltinsoy tumani ma’muriy sudi tomonidan unga 3 nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan. J.Murodov farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgani uchun u navbatdagi uylanish to‘yida sharmanda qilingan.

«To‘y marosimiga kelgan mehmonlar uning qilmishlarini eshitib, hayratdan yoqa ushlashdi», deb maqtanadi MIB o‘zining «ta’sirli» chorasidan.

Aslida J.Murodovning qilgan nomardlik qilmishidanam, MIB xodimlari tutgan yo‘ldan ko‘proq yoqa ushlash kerakmasmi?!

Gollivudda ishlangan «Tanishing, Jo Blek» kinosini ko‘pchilik ko‘rgan. Mistika janrida suratga olingan bu filmda bir yirik kompaniya rahbari (Entoni Xopkins ijrosida) oldiga uning jonini olish uchun O‘lim (Bred Pitt ijrosidagi) keladi. Hatto O‘lim ham bir insonning jonini farzandlari, yaqinlari ko‘z o‘ngida olishni istamaydi, uning tantanali tashkil etilgan yubiley kechasini mehmonlar davrasida kutib olishiga imkon beradi...

Bu kino, albatta. Ammo unda hatto O‘lim ham «insoniylik» qila oladi. MIBchi? Qonuniylikni ta’minlashi kerak bo‘lgan byuroda shundan (noinsoniy) boshqa yo‘l qolmaganmidi? Xo‘p, Jo‘rabek Murodov sud hukmiga ko‘ra qonunbuzar, javobgarlikka tortilsin, bemalol. Lekin el ko‘z o‘ngida sharmanda bo‘lgan ota-onasi, aka-uka, opa-singil, yaqinlarichi? Ularning nafsoniyatichi? To‘yda oq libos kiygan kelin, uning ota-onasi va yaqinlarining obro‘yiyu sha’nichi?..

Bosh prokuratura huzuridagi byuroga Konstitutsiyadagi moddalar, Fuqorolik kodeksiyu boshqa qonun hujjatlarida himoyalanib qo‘yilgan inson sha’ni va huquqlari haqida va’z o‘qib o‘tirish ortiqcha bo‘lsa kerak.

O‘tgan yili to‘y korteji bilan bog‘liq hodisadan keyin Yoshlar ittifoqi rahbarining qay ahvolga tushganini bilasiz-a? MIBchilarning bu ishi o‘sha voqeadan kam emas.

Balki ertaga byuro voqea noto‘g‘ri talqin qilinganini aytib chiqar, «qonunan haq» ekanligiga ishontirishga urinar, balki bu ishni qilganlarga hayfsan, ogohlantirish berar, lekin bu bilan hech narsa o‘zgarib qolmaydi. Ish uslubiga yondashuvni o‘zgartirish lozim, avvalo. Qonun, huquq qanchalik ularning «qo‘lida» bo‘lmasin, insoniylikni ham unutmasliklari kerak. Keyin qaysidir xodimining haqoratlanishi, kaltaklanishi, joniga qasd qilinishiga odamlar emas, aynan shu tizim, uning ish tartibi, tutumi va bunga yo‘l ochib qo‘yganlar javobgar. Har bir jon uchun, siniqqan qalblar uchun javobgar.

Soliqchi solig‘ini, MIBchi to‘lovini undirishi uchun, «melisa» propiskani deb, yana boshqa amaldorlar shaxsiy manfaatlaru, mansab uchun minglab insonlar sha’nini, qadr-qimmatini toptashgacha borishmasin, axir bu — o‘zimizning xalq, o‘zimizning odamlar... Hammaga jinoyatchidek qarashni bas qiling! 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring