Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Vazir ishdan ketdi, xo‘sh, endi chiroq o‘chmaydimi?

Vazir ishdan ketdi, xo‘sh, endi chiroq o‘chmaydimi?

Kecha Energetika vaziri Alisher Sultonov kutilmaganda lavozimidan ketdi. Sog‘ligi yomonlashgani uchun boshqa ishga o‘tib ketgani aytildi. Rasmiy talqini shunday, aslida nima bo‘lgani noma’lum va qiziq emas endi.

Ko‘pchilik vazir ketganidan xursand bo‘ldi, bir ishni qoyillatolmagani, qishloqlarga tok va gaz yetkazib berolmagani uchun uning iste’fosidan, quruq va’dalaridan qutulganiga odamlar mamnun, aslida Sultonov hammasidan qutuldi. Xo‘sh, aytingchi, vazirning ishdan olinishi muammolarimizni yechib beradimi?

To‘g‘ri, Sultonov ko‘p va’da bergan, umuman chiroq o‘chmaydi, degan, Senat raisi Tanzila Norboyevaning «5 yil oldingi ertagi» bilan deyarli bir xil. Bir matbuot anjumanida jurnalistning «Sohada tayinli ish qilolmadingiz, endi jamoangiz bilan ixtiyoriy ravishda iste’foga chiqasizmi?» qabilidagi savoliga vazir shunday javob bergandi: «Biz ketsak, bu ishlarni kim qiladi?». Qolaversa, deputat ham uning iste’fosini so‘ragandi.

Shu yerda vazir o‘zi bilmagan holda to‘g‘ri gapni aytib yuborgan. Yana qaysidir vallomat kelib, yangi va’dalar beradi, yana 2-3 yil shu bilan ovunamiz. Aslida esa muammo ildizi boshqa joyda: deylik, tizimda, odamlar va rahbarlarning dunyoqarashida. Xalq muammo bartaraf etilishidan emas, qaysidir amaldor ishdan olinganidan xursand, muammo esa turibdi.

Sog‘lom aql bilan o‘ylab ko‘raylik, bu odam ketib, boshqasi tayinlansa, chiroq va gaz bo‘yicha muammolarimiz butkul hal bo‘lib ketadimi? Aytaylik, bugun kimnidir shu lavozimga qo‘yishdi. U ham yil oxiriga borib, hisobot beradi: paloncha dona simyog‘och o‘rnatdik, pistoncha metr quvur yotqizdik va hokazo. Yana qaysidir jurnalist «eplolmasangiz, keting», degan ma’noda savol beradi. Javobi ma’lum.

Biroz vaqt o‘tib, u ham ishdan ketar, ammo muammo baribir qolaveradi. Vazir qo‘lidan keladigan ishni qila oladi, ortig‘iga imkoni ham yo‘q. Ya’ni sohada inqilobiy o‘zgarishni (deylik, butun qishlog‘u ovullarni uzluksiz gaz va tok bilan ta’minlash) amalga oshirish shunchaki unga bog‘liq emas. Bunday o‘zgarishni uning o‘rniga kelgan amaldor ham eplay olmaydi.

Men Alisher Sultonovni shaxsan tanimayman, qo‘lida ham ishlamaganman, bu maqolam uchun buyurtma olmaganman, endi u odam ortiq mansabdor ham emas. Aytmoqchimanki, aksincha yo‘l tutishimiz kerak edi, uning iste’fosini so‘rash o‘rniga, sal bo‘lsa-da, ijobiy o‘zgarish qilmaguncha mansabdan ketmasligini talab etishimiz mumkin edi.

Masalan, Sardoba fojiasi asosiy aybdorlari hamon ishlab yuribdi, hatto boshqa yirik suv inshootini yana unga ishonib topshirishdi. Nega uning iste’fosini so‘ramadik? Axir ular xalq boshiga kulfat tushishiga sababchi bo‘lishdi-ku. Ularning aybi bilan necha minglab odamlar uysiz, kiyimsiz, ovqatsiz qolishdi, bor-budidan ayrilishdi. Buning uchun ishdan olinib, odil sudlov orqali jazolanishi kerakmasmidi? Shu vaziyatda Sanginovning iste’fosini talab qilish adolatdan bo‘lardi, chunki u muammoni hal qilmadi, aksincha qo‘shimcha katta muammo keltirib chiqardi.

Xullas, ayrim vazirlarga oson emas, chunki ular qo‘lidan kelganicha harakat qilyapti. Ortig‘iga imkoni ham, jur’ati ham yetmaydi. Undan ko‘ra tinchgina ketib qutuladi, ammo muammo baribir o‘zgarmay qolaveradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring