Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Halok bo‘lgan o‘qituvchining oilasiga qancha miqdorda tovon puli to‘lanadi?

Halok bo‘lgan o‘qituvchining oilasiga qancha miqdorda tovon puli to‘lanadi?

Diana Yenikeyevaning ota-onasi

Foto: «Xabar.uz»

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi yo‘l-transport hodisasida 23 yoshli maktab o‘qituvchisining halok bo‘lgani haftaning eng shov-shuvli va mungli xabari bo‘ldi. «Xabar.uz» mazkur voqea tafsilotlarini yoritib borishda davom etadi.

Hozir o‘qituvchilarning ko‘cha tozalashga jalb etilgan yo etilmagani haqida yozmaymiz. Bo‘lar ish bo‘ldi. Lekin marhumning oilasiga davlat tomonidan qancha miqdorda tovon puli to‘lanishi kerak? Mana shunisi hammaga qiziq.


Mavzuga doir:
Fojia ko‘zimizni ochmadi yoxud sinalgan usuldagi javob


Shu maqsadda O‘zbekiston Mehnat kodeksini varaqladik va bir qator huquqiy me’yorlarga duch keldik.

Kodeksning 192-moddasida shunday deyiladi: «Xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek, ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart».

Demak, yetkazilgan zarar qoplanishi shart ekan. Qancha miqdorda tovon puli to‘lanadi? Bu mehnat shartnomasida qayd etilishi kerakmi? Savolning javobi 194-moddadan topildi:

«Xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan biryo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.

Bunda xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi munosabati bilan biryo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jabrlanuvchining yillik ish haqidan, xodimning vafoti munosabati bilan biryo‘la beriladigan nafaqaning miqdori esa marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas».

O‘qituvchilarning o‘rtacha oylik ish haqini 800 ming so‘m deb olsak, 6 yilga hisoblaganda 57,6 mln. so‘m kelib chiqadi. Demak, marhumning oilasiga ish beruvchi shu summa atrofida nafaqa to‘lashi shart. Albatta, bu taxminiy hisob-kitob. Tovon miqdori Diana Yenikeyevaning o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib belgilanadi.


Mavzuga doir:
Kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchi o‘limida ish beruvchining aybi bormi?


Zararni undirish uchun nima qilish kerak? Bu masalaning yechimi Mehnat kodeksining 197-moddasida ko‘rsatilgan:

«Zararni undirish haqidagi arizani ish beruvchiga jabrlanuvchi xodim, xodim vafot etgan taqdirda esa zarar to‘lovini olishga haqli bo‘lgan manfaatdor shaxslar beradi.

Ish beruvchi arizani ko‘rib chiqishi va ariza tushgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida tegishli qaror qabul qilishi shart.

Ish beruvchining xodimga zararni to‘lash haqidagi buyrug‘ining nusxasi yoki rad etish haqidagi dalil-asosli yozma javobi u qabul qilingan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida xodim yoki manfaatdor shaxslarga topshiriladi.

Xodim yoki manfaatdor shaxslar ish beruvchining qaroriga rozi bo‘lmagan yoki belgilangan muddatda javob olmagan taqdirda, ular mazkur nizoni hal qilib berish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin».

Shuningdek, ish vaqtida vafot etgan marhumning oilasiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi ham to‘lanadi. Bu haqda 291-moddada so‘z boradi:

«Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi mehnatda mayib bo‘lish yoki kasb kasalligi tufayli vafot etgan boquvchining mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga, uning mehnat faoliyatining muddatidan qat’i nazar tayinlanadi, agar u boshqa sabablar natijasida vafot etgan bo‘lsa, shunga muvofiq keladigan umumiy mehnat stajiga qarab tayinlanadi, bunday mehnat stajining muddati sug‘urta qilingan xodimning vafot etgan kuniga qadar bo‘lgan yoshiga bog‘liq bo‘ladi».

Bundan tashqari, xodim vafot etgunga qadar olinmagan ish haqi marhumning oila a’zolariga topshirilishi belgilangan.

Mehnat kodeksining 162-modda: «Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqi uning oila a’zolariga, shuningdek mehnatga qobiliyatsizligi tufayli vafot etgan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga beriladi».

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bir o‘qituvchi halok bo‘lgani shunchaki unut bo‘lmasligi kerak. Uning oilasiga nafaqa va tovon pullari to‘lanishi shart. Ayniqsa, farzand dog‘i, suyukli yor va mehribon onasini qo‘msab, yuqoridagi haq-huquqlarini unutgan yoki bilmaydigan fuqarolar uchun yozganlarimiz eslatma bo‘lsin.

Ish beruvchilar — tuman XTB va 42-umumta’lim maktabi ma’muriyati esa o‘zlaridan tashabbus qilib, marhumning oila a’zolariga tovon puli hamda kerakli pensiya va ish haqlarini berishda jonbozlik ko‘rsatadilar degan umiddamiz.

Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 42-umumta’lim maktabining ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingan 23 yoshli o‘qituvchisi Diana Yenikeyevani katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgani haqida xabar qilgan edik.

Ushbu hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri voqea joyiga borib, maxsus surishtiruv o‘tkazgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi yuk mashinasi haydovchisining shaxsini aniqlagan va unga nisbatan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring