Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yadro energetikasi yo‘nalishi talabalari vodorod va uning energetika sohasidagi istiqbollari haqida nimalarni biladi?

Yadro energetikasi yo‘nalishi talabalari vodorod va uning energetika sohasidagi istiqbollari haqida nimalarni biladi?

foto:«O‘zatom»

«Vodorod o‘zi nima, «yashil» vodorod qanday qilib olinadi va nega olimlar hamda energetika sohasi mutaxassislari uni istiqbolli yo‘nalish, deb hisoblashadi?». Ushbu savollarga Milliy yadro tadqiqotlari universiteti – Moskva muhandislik fizikasi instituti (MYaTU MMFI) Toshkent filiali talabalari «O‘zatom» agentligi tasarrufidagi Atom texnologiyalari axborot markazida (ATAM) o‘tkazilgan «Ilm-fan va texnologiyalar uzra» loyihasi doirasida o‘z ma’ruzalari orqali javob berdilar. Ushbu markazning yangi yo‘nalishdagi birinchi loyihasida bo‘lg‘usi yadrochi-fiziklar tomonidan tayyorlangan – «Vodorod: uning xususiyatlari va insoniyat uchun istiqbollari» mavzusi Toshkentdagi Cambridge xalqaro CIS maktabi o‘quvchilari uchun tashkil etildi.

Tadbirni «O‘zatom» agentligi atom energetikasi va yadro texnologiyalari boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Maqsud Xudoyberdiyev ochib berarkan: «Bugungi kunda jahonning ko‘pgina mamlakatlari uglerod neytralligiga erishishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganini» alohida ta’kidladi. «Bunda zamonaviy yadro texnologiyalari va ilm-fan muhim o‘rin tutadi. Vodorod energetikasini kam uglerodli energetikaning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida gapirar ekanmiz, uni AES yordamida olish, issiqlik elektr stansiyalarida elektroliz yo‘li orqali ishlab chiqarishdan ko‘ra foydaliroq ekani to‘g‘risida alohida to‘xtalishimiz kerak. Shu bois, MYaTU MMFI talabalari murakkab jarayonlar, texnologiyalar haqida tushunarli va to‘liqroq gapirib berish tashabbusi bilan chiqdilar. Biz esa ushbu fikrni qo‘llab-quvvatladik. Bu kabi loyihalar yoshlarga nafaqat bir-birlari bilan yaqinroq tanishish, balki ularni yadro texnologiyalari olamiga yanada chuqurroq kirib, inson hayotida tutgan o‘rni to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi», – dedi Maqsud Xudoyberdiyev.

«Yadro fizikasi va texnologiyalari» yo‘nalishi 2-bosqich talabalari Maftuna Xolboyeva va Nodira Erkaboyevalar vodorod xususiyatlari, uni olish uslublari va qo‘llanish sohalari to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdilar. Loyihaning eng qiziqarli qismi «Javobingizni tiking» o‘yini bo‘lib, unda maktab o‘quvchilari vodorod mavzusidagi savollarga javob berdilar.

Toshkentdagi Cambridge xalqaro CIS maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Botirova o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi: «Bugun biz vodorod mavzusidagi ishtirok etgan o‘yin juda qiziqarli o‘tdi. Ushbu viktorinada qizlar jamoasi g‘olib bo‘ldi. Bizga talaba qizlarning chiqishlari juda yoqdi. Avvaliga hech nimani tushunmasam kerak, deb o‘ylagandim, lekin hammasi oson tilda yetkazib berildi. Kimyo fanini unchalik yaxshi bilmasam-da bugungi ma’ruzada hammasi tushunarli va ma’lumotlarga boy bo‘ldi».

ATAM tadbirining yangi formatida talabalar nimalarga erishganliklari to‘g‘risida Maftuna Xolboyeva shunday dedi: «Men vodorod energetikasini to‘liq bilib olishni juda xohlardim, buning uchun esa ushbu mavzuni to‘g‘ri tushuntira bilish kerak. Ushbu tadbir men tayyorlagan taqdimotning kamchiliklarini ochib berdi. Shuningdek, o‘zim uchun ushbu sohadagi imkoniyatlarni oydinlashtirib, qaysi yo‘nalish bo‘yicha ko‘proq o‘z ustimda ishlash kerakligini bilib oldim. Bu mening maktab o‘quvchilari bilan muloqot qilishdagi birinchi tajribam edi. Bugungi kunning xulosasi shuki, auditoriya oldida gapirish ilgari tasavvur qilganimdan ko‘ra osonroq bo‘lib chiqdi. Bu esa meni yangi mavzular va tadqiqotlar tomon ilhomlantirdi».

Ma’ruza va viktorina yakunlariga ko‘ra, interfaol o‘yin g‘oliblari «O‘zatom» agentligi maxsus sovrinlariga ega bo‘ldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring