Xorijdagi o‘zbekistonliklarga ham ipotekaga uy olish imkoniyati berilishi mumkin

O‘zbekistonda aholiga rasmiy ish joyi bo‘lmasa ham, daromadini deklaratsiya asosida hisobga olib, ipoteka krediti olishi uchun imkoniyat yaratilgan.
«Lekin hozirda xorijga ishlashga ketganlarga «O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q», degan vaj bilan kredit va subsidiya berilmayapti», – deydi Prezident Mirziyoyev bugungi yig‘ilishda.
Shu sababli davlat rahbari mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan o‘zbekistonliklar daromadini hisobga oladigan tizim yaratishni topshirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15,5 trillion so‘m resurs berilmoqda.
Banklar bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m yo‘naltirishni maqsad qilgan. «Ipoteka kompaniyasi» ham bu maqsadlarga 2,3 trillion so‘m resurs yo‘naltiradi.
Mutasaddilarga 2025-yilda kamida 70 mingta xonadon uchun ipoteka krediti taqdim etish, shundan 30 mingi uchun kreditni boshlang‘ich badal uchun budjetdan subsidiya to‘lab, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga berish vazifasi qo‘yildi.
Sohada yashirin iqtisodiyotni yanada qisqartirish uchun yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilar va hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter