Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilikka doir hujjatni ma’qulladi

Senat O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilikka doir hujjatni ma’qulladi

25-noyabr, shanba kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama chog‘ida ta’kidlanishicha, shartnomaning asosiy maqsadi ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnoma-huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat.

Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migratsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.

Senatorlarga ko‘ra, Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki xalqning ma’naviy-madaniy yaqinligini qo‘llab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, ta’lim va sport sohasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy davlatlararo kengashi to‘g‘risidagi Nizom keltirilgani alohida ta’kidlandi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senat Shartnomani ratifikatsiya qilishga doir Qonunni ma’qulladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring