Gulnora Karimovaga tegishli 182 mln dollar O‘zbekistonga qaytariladi
Bugun, 6-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan mazkur mamlakat elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida «Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim» imzolandi.
Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.
O‘zbekiston Adliya vazirligining ta’kidlashicha, «mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib», 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan G.Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan.
Mablag‘lar BMTning «Uzbekistan Vision 2030 Fondi» Ko‘p sheriklik trast Jamg‘armasi orqali qaytariladi. Bu 2022-yil 16-avgustda Shveysariyaning Bern shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan «Shveysariya Konfederatsiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarish usullari to‘g‘risidagi bitim»ga ko‘ra amalga oshiriladi.
Mazkur ishlar doirasida 2022-yil avgustda imzolangan birinchi bitim taxminan 131 mln dollar miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarilishini nazarda tutadi. Yangi bitim imzolanishi bilan O‘zbekiston aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarilgan mablag‘larning jami miqdori 313 mln dollarga yetadi.
Qayd etilishicha, «Uzbekistan Vision 2030 Fondi» orqali qaytarilayotgan mablag‘lar O‘zbekiston aholisining manfaatlari uchun, xususan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter