Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Firibgarlar ko‘pmi yoki laqmalar?..

Firibgarlar ko‘pmi yoki laqmalar?..

Birinchi taassurot

O‘zim taniydigan, oliy ma’lumotli, oq-qorani ajrata oladigan deb o‘ylaganim, opaxon telegrammdagi «MUSODODARA TOVARLAR» (ha, xuddi shunday) degan guruhga meni qo‘shib qo‘yibdi. Bunday kanal va guruhlarning nechasini o‘chirib tashlaganman. Lekin, bu gal qiziqish bilan, erinmay guruhni «titkilab» chiqdim.

Ochig‘i, avvaliga, taklif etilgan tovarlar narxi shubha paydo qilsa-da, baribir, kayfiyatim ko‘tarilib ketdi. Bo‘lar ekan-ku. Mehmonxonabop, bo‘yi 7-8 metrcha uzunlikdagi «ugolok», yana to‘rtta alohida o‘tirg‘ichi va chiroyli stoli bilan 480 ming so‘m ekan. Yap-yangi! Ishning bejirimligini qarang. O‘ttizga yaqin sirli idish jamlanmasi narxi atigi 390 ming so‘m. Bo‘yingdan baland sovutkich 1 100 000 so‘m, yotoq mebellar to‘plami 1 300 000 so‘m, xorijning nomdor firmasidan kir yuvish mashinasi 670 000 so‘m. Boringki, changyutkichdan tortib kompyutergacha, telefondan pichoqlar to‘plamigacha do‘kondagidan ikki-uch baravar arzon narxda. Uyingizgacha bepul yetkazib berisharkan. Eng muhimi, kartadan pul o‘tkazmaysiz! Yetkazilganda to‘lar ekansiz – kuyib qoladigan joyingiz yo‘q. Faqat bitta sharti, guruhga 25 nafar odam qo‘shasiz.

Shundan keyin guruhda xohlagan tovaringizni ko‘rsatib, telefon raqamingiz va uy manzilingizni yozasiz! Manzil va raqamni  minglarga oshkor qilish qanchalik to‘g‘ri, deb o‘ylay boshlaganingizda, adminning «Firibgar guruhlarga aldanib qolmang!» degan ogohlantirishi sizni ruhlantiradi. Obunachilarning «Nechta buyum buyutma qilish mumkin?», «Necha kunda keladi?» kabi savollari ortidan qator buyurtmalar, manzil va raqamlar chiqib kelaveradi. «5 dona qoldi», «Bazaga yangi tovar keldi» kabi eslatmalar ham uchraydi. Ora-orada xaridorlar tovarini olgani uchun rahmat aytgan yozuv, auido va videoyozuvlarga duch kelasiz. Ulkan yuk mashinalari, furalar suratlari ostida buyurtmalar yo‘lga chiqqani aytiladi...

Shoshilmang! Guruhga a’zo bo‘lish va buyurtma berishni xayolingizga keltirmang!

Mendan nima ketdi? Yolg‘onning katta-kichigi bo‘lmaydi. Endi o‘ylab qarasam...

Guruh haqida fikrlarni o‘rganish uchun ko‘chadan odam izlashga hojat qolmadi. Buyurtmachilar guruhda yozib qoldirgan raqamlarga bog‘lana boshlaymiz. 

Guli,  Samarqand shahridagi Qorasuv qo‘rg‘onidan:

– 27 ta odam qo‘shdim. 90 ming so‘mlik oshxona chopperi, 350 ming so‘mga «Kukmara» qozon to‘plami, 47 ming so‘mga uchtalik kostryul to‘plami buyurtma berdim.

Guli bilan gaplashgan kunimiz 21 oktyabr edi. Natijani bilish uchun guruhda va’da qilingan uch kunni kutdik. Ayol bilan 24 oktyabrda yana bog‘landik. Gulruhning aytishicha, unga hech kim aloqaga chiqmagani, adminga aloqaga chiqmoqchi bo‘lganida, bloklab tashlashgan. O‘qituvchi ayol «rostmi yolg‘onmi, bir sinab ko‘rmoqchi edim» deydi.

Andijonlik Soliha uni guruhga qo‘shnisi qo‘shganini aytadi:

– Oyim qishlog‘idanmiz. Bir-birimizga qiziqib qo‘shnilar bilan hammamiz buyurtma berdik. Men oshxona mebel to‘plamini zakaz qildim. 430 ming so‘m ekan. Qo‘shnilar biri idish, boshqasi changyutkichni kutishdi. Ammo, telefon ham bo‘lmadi, buyurtma ham kelmadi. Qarasam, «chyorniy»ga tiqib tashlabdi. Aniq ishonch bo‘lmasa ham, odam qandaydir umidvor bo‘lar ekan. O‘zimni aldangandek his qildim. Yolg‘onning katta-kichigi bo‘lmaydi. Sodda odamlarning ko‘nglini sindirganlik gunohi –  shu guruhni ochib, yurg‘izayotganlar bo‘ynida, – deydi  Soliha.

Ishtixon tumanidan oshxona buyumi buyurtma bergan Nigora, firibgar guruhga nega ishongani sababini shunday izohlaydi:

– «Rahmat, oldik» degan yozuvlar, videolar odamni chalg‘itar ekan, olmaganimdan ko‘ra, yaqinlarim orasida kulguga qolganimdan afsusdaman.

Xorazmlik Jasur Nurmetov ham guruhga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilmagan. Lekin, taklif etilgan jihozlar uning ham e’tiborini tortgan.

– Men 19 oktyabrda guruhga 25 nafar odam qo‘shdim, texnik kalitlar to‘plami juda yoqdi va avvalo shuni yozdim. Keyin oshxona mebellar to‘plami, pichoq jamlanmasi va elektr qiymalagichni qo‘shdim. Jami gruppa hisobi bilan 800 ming so‘mlik buyurtma berdim. Uch kunda ham bog‘lanishmadi. «Nega bunday qilyapsizlar? Yo sizlar ham firibgarmi?» deb yozmoqchi bo‘ldim, yozib bo‘lmadi. Yana nimadir yozish uchun ham odam qo‘shish talab qilindi. Tag‘in 25 nafar qo‘shdim. Shunda men kanaldan chiqarib yuborildim, – samimiyat bilan gapiradi Jasur.

Suhbatdoshimiz shundan keyingina mulohaza yuritgan. U buyumlar narxi bilan bog‘liq gapni chetga surib qo‘yganda ham yetkazib berish xizmati tekin bo‘lishi mantiqqa sig‘masligini ta’kidlaydi.

– Oshxona mebelining o‘zi bir «Kamaz»lik yuk. Toshkent yoki Samarqanddan Xorazmga yetkazilishi 2-2 yarim mln so‘m bo‘ladi. Ochig‘i, avvaliga ishonmayroq buyurtma bergan bo‘lsam ham, guruh odam to‘plash maqsadida ochilganini keyin bildim.

Oqdaryolik Elmurod Abdullayev Rossiya, Qozog‘istonda ishlab oq-qorani tanigan yigitlardan. U guruhga qanday qo‘shilib qolganiga e’tibor bermagan. Lekin, u ham «MUSODODARA TOVARLAR» guruhiga aytilgancha odam qo‘shganlardan. Elmurodning tanlovi elektorvelosiped, televizor, uchta bolalar krossovkasi bo‘lgan.

– Buyurtma berib bo‘lgandimki, Buxoro, Qashqadaryodan «Bu guruh yolg‘on, odam qo‘shmanglar!» va «Firibgarlar bular, ishonmanglar» qabilida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu gaplar bir pasda o‘chirib tashlandi. Men musofirchilikda bundan ancha kattaroq yolg‘onlar, firibgarlarga duch kelganim uchunmi, uncha ko‘nglimga olmadim. Guruhga qo‘shgan odamlarim firibgarlar qo‘lida yanada chuqurroq aldovlarga duch kelsa, albatta qiynalaman. Afsuski, o‘zim qo‘shgan odamlarni keyin o‘zim guruhdan chiqarish imkonim yo‘q.

Yana bir  suhbatdosh ayol, asabiylashib o‘tirgan ekanmi,

– Keladimi, kelmaydimi, yo‘qotadigan narsam yo‘q, – dedi.

– 30 ta kontaktni qo‘shdim deyapsiz. Ular uchun mas’uliyatni his qilasizmi?

– Xohlasa guruhda qoladi, xohlamasa chiqib ketaveradi.

– Agar qo‘shgan odamlardan biri bo‘lsa ham shu guruh bilan boshlangan qadamning davomi sifatida katta firibgarchilikka uchrasa, xijolat bo‘lmaysizmi?

Ayol telefonni o‘chirib qo‘ydi...  

Musodara tovarlar do‘konda sotiladi

Musodara tovarlar hamma vaqt bo‘lgan, bor va yana bo‘lishi ehtimoli yuqori. Musodara tovarlarning bir qismi bojxona ishi bilan bog‘liq. Chegara postidan noqonuniy o‘tkazilgan narkotik moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlari sud hukmi chiqqanidan so‘ng yo‘q qilinadi. Biroq, yo‘lovchilarning, bojxona chegarasidan olib kirish-olib chiqish me’yoridan ortiq hamda noqonuniy aylanma yo‘llar orqali mamlakatga kiritish harakati ortidan musodara qilingan tovarlar sudning qarori asosida sotuvga chiqariladi. 

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari G‘ayrat Sattorov  bojxona xizmati orqali musodara qilingan tovarlar faqat maxsus do‘konlarda sotilishini ta’kidlaydi.

– Telegrammda «musodara tovarlar» nomli feyk kanallar ko‘paymoqda. Bu borada bizga ham murojaatlar tushyapti. Haqiqiy, yolg‘onlardan xoli «Bojxona servis - Rasmiy» nomli kanalga kirishsa, u orqali o‘z hududidagi do‘kon manzili, telegramm guruhi va tovarlari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin, – deydi G‘ayrat Sattorov.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan shartnoma tuzgan maxsus do‘konlarda ham musodara tovarlari sotiladi. Ammo, musodara tovarlar yetkazib berilmaydi!

Pulni tortib olmasa, bunday kanal ochishdan maqsad nima?

Yuqoridagi guruh bir qarashda to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul undirolmaydi. Biroq, yolg‘on ishlatilgani uchun u firibgar sanaladi. Bunday kanal yoki guruh ochishdan maqsad nima? Shu savol bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Lochinbek Atoyevga murojaat qildik.  

– Birinchi holatda, kanal yoki guruhga odam to‘plab olgandan keyin kanalning nomini darrov o‘zgartirib olib, ko‘p sonli obunachilari bilan kanalni sotish maqsad qilinadi. Demakki, bunday kanaldan baribir moddiy manfaatdorlik ko‘zlanadi. Obunachi qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha qimmatroqqa sotiladi degan tushuncha bor. Ikkinchi holat, nishonga aylangan sodda, ishonuvchan odamlarning raqamlari, manzillari firibgarlar qo‘liga tushgani bilan bog‘liq. Ma’lum vaqt o‘tgach, boshqa usullar orqali ulardan foydalanish ehtimoli katta.     

Lochinbek Kiberxavfsizlik markazida bu yo‘nalishda monitoring olib borilayotganini ta’kidladi. «O‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilgani aniqlangan holatlarda ma’muriy yoki jinoiy ish ochiladi» deydi Lochinbek.

Guruh ochish va tovarlarni taklif etishda, garchi dastlabki bosqichlarida huquqiy munosabatlar buzilmagan bo‘lsa ham, huquqiy baho yakuniy harakati bilan berilarkan.  

O‘rganish jarayonida xuddi shunday telegramm kanallar orasida to‘lovning 50 foizini oldindan to‘lash shartini qo‘yganlari borligi ma’lum bo‘ldi.

Ko‘zingizni kattaroq oching

Telegrammga «Musodara» so‘zi bilan so‘rov tashlasangiz, yolg‘on ma’lumotlarga asoslangan o‘nlab kanal va guruhlar chiqadi. Ularning firibgarlik kanallari ekanini oddiy kishi buyurtma bermay turib, qanday bilishi mumkin? Avvalo ko‘zingizni kattaroq oching, detallarga sinchkovroq boqing. Yuqorida o‘rganilgan guruhda yuzi ko‘rinmagan bir ayolning «Rahmat, idishlar yetib keldi, bayramda ishlatamiz» degan videotasviriga yaxshiroq e’tibor berdingizmi? 17 oktyabrda tashkil etilgan guruhda, u ochilganidan buyon taqdim etilgan idishlar orasida shishali to‘plam yo‘q edi. Undan keyin kuni kecha qo‘yilgan «minnnatdorchilik»da qaysi bayram nazarda tutilayapti? Yangi yilga hali ancha bor. Idishlarning ancha avvalroq urfda bo‘lganini o‘ylang. Buyurtmalar yo‘lga chiqqani «isboti» sifatidagi ulkan fura suratiga diqqat qildingizmi? Raqami ham, haydovchi ham xorijniki ekanini ilg‘ash qiyinmi? Mulohaza qilishni ham o‘rganing. Kechikibroq bo‘lsa ham xorazmlik Jasur, yuzlab kilometrga bepul dostavkaning o‘zi qanchalar bo‘ladi, deganidek.

Sifatli, yangi, aksariyati xorijning nomdor firmalari mahsuloti bo‘lgan tovarlar nega asl narxining yarmida emas, choragidan ham arzonroqqa baholanayapti. Bu iqtisodiyot qoidalariga to‘g‘ri kelmaslini bilmaysizmi? «Mendan nima ketdi» deb fikrlashdan avval xuddi shu guruhga bog‘langan boshqa guruhlarda nimalar bo‘layotganini bir kuzating. Majbur bot har gal «Majburiy odam qo‘shish boshlandi» deganda kimlarni qo‘shadi deb o‘ylaysiz? Majburiy qo‘shilgan obunachilar endi tovarning puli 50 foizi oldindan to‘lanadi, odam qo‘shsangiz pul beriladi, kabi talablar va feyk xayriyalar qo‘yilgan boshqa guruhlarga o‘tkazib borilar ekan, bularning barchasini zararsiz deb bo‘lmaydi.

«Xabar.uz» suhbatga chorlagan va buyurtma berib, aldanib qolganlarning bari 30-40 yoshlar oralig‘idagi erkak-ayollar edi. Shulardan biri «Men hech narsa yo‘qotmadim» dedi «pastga tushgisi» kelmay. O‘nlab do‘stlarini firibgarlar qarmog‘iga xo‘rak qilib berish ma’naviy yo‘qotish emasmi? Agar kimdir qandaydir guruh yoki kanalga o‘zicha qo‘shib qo‘yganda, «Meni bunday kanallarga qo‘shmang» deb aytishni ham o‘rganing.

«MUSODODARA TOVARLAR» guruhi «Xabar.uz» o‘rganishni boshlagan 20 oktyabrda bir yarim mingta obunachiga ega bo‘lganda, 24 oktyabr oqshomida bu raqam 3876 tani tashkil qildi. Ushbu guruhda hamon buyumlar tanlanmoqda, manzil va raqamlar yozilmoqda. Faqat endi buyurtma berish sharti biroz o‘zgargan: 30 nafar odam qo‘shasiz va ular yo‘nalish bergan yangi guruhga a’zo bo‘lasiz...

24 oktyabr soat 23:59 holatiga ko‘ra:

  • «MUSODARA TAVARLAR (2 yondan sovg‘a sumkalari stikerli)» guruhida – 149 679 nafar,
  • «MUSODARA TAVARLAR (100 raqami stikeri)» guruhida – 49 345 nafar,
  • «MUSODARA TAVARLAR (sovg‘a qutisi tasviridagi stiker)» guruhida  – 29 847 nafar,
  • «MUSODARA TAVARLAR (sovg‘a sumkalari tasviridagi stiker)» guruhida  – 65 675 nafar,
  • «Musodara Tovarlar (O‘zbekiston bayrog‘i stikeri)» guruhida – 23 910 nafar,
  • «Musodira tavarlar 12 vilayt» guruhida  – 11 409 nafar,
  • «Musodara Tovarlar» guruhida – 4 545 nafar obunachisi bo‘lgan. 

Bundan tashqari, «Bepul sumkalar» va «Alisher Usmonov xayriyasi» kabi qator telegramm guruhlarida ham minglab obunachilar jalb qilingan. Yana bilmay qolganimiz qanchalardir.

So‘nggi vaqtlarda «Firibgarlar ko‘paymoqda» degan gaplar tez-tez takrorlanayapti.  Endi yuqoridagi raqamlarni qiyoslang va o‘zingiz ayting, bizda firibgarlar ko‘pmi yoki laqmalar? Holatning eng yomoni, firibgarlikni normal deb qabul qilayotganimiz.  

Yaqinda, Samarqandda xonadonlardan birida insultdan tuzalayotgan ayol uyida yolg‘iz bo‘lganda bir notanish juvon kelgan. Yordam bermoqchi ekanini aytgan va bir soatlar ichida uydan ancha narsalarni olib g‘oyib bo‘lgan. Begona ayolni Samarqandning odamiga o‘xshatishmagan. Balki, bu voqeaning telegrammdagi betayin guruhlarga aloqasi ham yo‘qdir. Lekin, baribir, firibgar nega boshqa xonadonlarni chetlab o‘tib, bemor yolg‘iz qoladigan uyni topib kelgan degan savol maqola yozilishi jarayonida xayolimdan ketmadi. Ishqilib, qayergadir aravacha buyurtma berishmaganmikan?

Mustahkam TANGRIYoROVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring