Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Ig‘vo, hasad, bo‘hton. To‘lqin Tojiyev nima uchun teatrdan ketgan edi?

Ig‘vo, hasad, bo‘hton. To‘lqin Tojiyev nima uchun teatrdan ketgan edi?

Bugun O‘zbekiston xalq artisti, sevimli aktyor, dublyajimiz qirollaridan biri, ustoz san’atkor To‘lqin Tojiyev tug‘ilgan kun.

To‘lqin Tojiyev 1936-yil 13-aprelda Toshkentda tug‘ilgan. 1959-yili A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatib, Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga kiradi.

O‘zbekiston xalq artisti Jo‘ra Tojiyev xonadonida o‘sib, voyaga yetgan To‘lqin Tojiyev ijodiy faoliyatini juda erta boshlagan. 1947-yildan «O‘zbekfilm» kinostudiyasi va respublika radiosida ishlay boshladi. Oiladagi ijodiy muhit unda teatr san’atiga ilk mehrini uyg‘otgan edi. Aktyor bo‘lib yetishishida otasining xizmati juda katta bo‘ldi. Birinchi ustozi ham Jo‘ra Tojiyev edi. Shuningdek, Sharif Qayumov, Aleksandr Ginzburg, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Sa’dixon Tabibullayev kabi ustoz san’atkorlardan ko‘p narsa o‘rgandi.

To‘lqin Tojiyev O‘zbek Milliy akademik drama teatrida yuzdan ortiq rang-barang obrazlar yaratgan. Bobchinskiy va Xlestakov («Revizor»da), Ozrik («Hamlet»), Edgar («Qirol Lir»), Yago («Otello»), Mansur va Jomiy («Alisher Navoiy»), Orif («Imon»), Abdullatif («Mirzo Ulug‘bek»), Jontoy («Sarviqomat dilbarim» spektakli) kabi obrazlar hayotiyligi, jozibasi va yorqinligi bilan ajralib turardi.

Bu aktyor ijodini kinosiz tasavvur qilish qiyin. 1954-yili Komil Yormatov «Abu Ali Ibn Sino» filmidagi Jurjoniy roliga uni taklif qildi. To‘lqin Tojiyevni keng jamoatchilikka tanitgan shu qahramon bo‘ldi. Shundan so‘ng «O‘zbekfilm» va Hamdo‘stlik mamlakatlari kinostudiyalarida suratga olingan badiiy filmlarda 20 dan ortiq rollar ijro etdi. Latif Fayziyevning «Ikkinchi bahor» filmida Hakim, aka-uka Alekseyevlarning «Alangali yillar»ida Haydar, Shuhrat Abbosovning «Mahallada duv-duv gap» kinokomediyasida Mahmud, Damir Salimovning «Besh og‘aynilar»ida Jo‘ra, Royzmanning «Lenfilm» kinostudiyasida suratga olingan besh seriyali «Qora baliq izi» filmida Qodirov, Rozansevning «Hayot sening qo‘lingda» kartinasida Hasanov va ko‘plab filmlarda suratga tushib, o‘zbek kino san’atida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

To‘lqin Tojiyev «O‘zbekfilm» kinostudiyasida o‘zbekchaga o‘girilgan mingdan ortiq xorij filmiga ovoz bergan. «Qilich va qalqon», «Afonya», «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi», «Sizdan ugina, bizdan bugina», «Nofelet qayerda?» «Kanonir Dollasning sarguzashtlari», «Sadoqat», «Fillar mening do‘stlarim», «Ram va Sham»... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Tinib-tinchimas bu san’atkor respublika radiosida ham muntazam qatnashib kelgan. Tinglovchilar To‘lqin Tojiyevni «Tabassum» eshittirishi va «Qarmoq» satirik radiojurnali orqali juda yaxshi biladilar. Ko‘plab radiospektakllardagi rollari va o‘qigan hajviy hikoyalari ham xalq e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

To‘lqin Tojiyevning ijodi munosib taqdirlangan. 1988-yilda unta O‘zbekiston xalq artisti unvoni berildi. 1997 yilda esa san’atkor «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Biroq... faoliyatining avj cho‘qqisida To‘lqin Tojiyev teatrni, umuman, san’atni tark etishga majbur bo‘ldi. Unga hasad qilishgan, ig‘vo, bo‘hton tarqatishgan, haqiqatgo‘yligi uchun sig‘dirishmagan edi. Ammo To‘lqin Tojiyev sira kam bo‘lgan emas. rizqi-nasibasini boshqa dargohlardan ortig‘i bilan oldi. U har yili albatta xorijda dam olib keladi.

Kamina yaqinda To‘lqin Tojiyev bilan gaplashishga musharraf bo‘ldim. O‘sha quvnoq chehra, o‘sha o‘ktam ovoz! Har bir so‘zni chertib gapirishi, yuzidagi kulgichlari hali hanuz kuch-quvvatga to‘laligini namoyon etadi. Muxlislari u kishi haqida so‘rashini aytganimda hayron bo‘ldi. «Meni unutishmadimi?» – dedi kulib. Buni ritorik savol sifatida qabul qildim. Axir, To‘lqin Tojiyevni unutib bo‘larkanmi?

Aktyorimiz chiroyli she’rlar o‘qidi. Ishonsangiz, bu insonning talaffuzida matndagi har bir so‘z jaranglaydi. Xotiraga ham balli!

To‘lqin aka chiroyli oila qurdi. Er-xotin to‘rt nafar farzand – ikki qiz va ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazishdi. Ular turli sohalarni egalladilar. Afsuski, san’atkorimizning rafiqasi Manzura Tojiyeva 2008 yili saraton kasalligidan vafot etdi.

Bugun To‘lqin aka bir necha nabira, chevaralari ardog‘ida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk ipak yo‘li Sho‘rtepa mahallasida istiqomat qilmoqda. Sevimli aktyorimizga uzoq umr, tani sihatlik, ijodiy kuch-quvvat tilab qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring