Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xalq artisti To‘lqin Tojiyev vafot etdi

Xalq artisti To‘lqin Tojiyev vafot etdi

O‘zbekiston xalq artisti, dublyaj ustasi To‘lqin Tojiyev vafot etdi. Bu haqda O‘zbek milliy akademik drama teatri xabar berdi. 

To‘lqin Tojiyev 1936-yil 13-aprelda Toshkentda tug‘ilgan. 1959-yili A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatib, Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga kiradi.

O‘zbekiston xalq artisti Jo‘ra Tojiyev xonadonida o‘sib, voyaga yetgan To‘lqin Tojiyev ijodiy faoliyatini juda erta boshlagan. 1947-yildan «O‘zbekfilm» kinostudiyasi va respublika radiosida ishlay boshladi. Oiladagi ijodiy muhit unda teatr san’atiga ilk mehrini uyg‘otgan edi. Aktyor bo‘lib yetishishida otasining xizmati juda katta bo‘ldi. Birinchi ustozi ham Jo‘ra Tojiyev edi. Shuningdek, Sharif Qayumov, Aleksandr Ginzburg, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Sa’dixon Tabibullayev kabi ustoz san’atkorlardan ko‘p narsa o‘rgandi.

To‘lqin Tojiyev O‘zbek Milliy akademik drama teatrida yuzdan ortiq rang-barang obrazlar yaratgan. Bobchinskiy va Xlestakov («Revizor»da), Ozrik («Hamlet»), Edgar («Qirol Lir»), Yago («Otello»), Mansur va Jomiy («Alisher Navoiy»), Orif («Imon»), Abdullatif («Mirzo Ulug‘bek»), Jontoy («Sarviqomat dilbarim» spektakli) kabi obrazlar hayotiyligi, jozibasi va yorqinligi bilan ajralib turardi.

Bu aktyor ijodini kinosiz tasavvur qilish qiyin. 1954-yili Komil Yormatov «Abu Ali Ibn Sino» filmidagi Jurjoniy roliga uni taklif qildi. To‘lqin Tojiyevni keng jamoatchilikka tanitgan shu qahramon bo‘ldi. Shundan so‘ng «O‘zbekfilm» va Hamdo‘stlik mamlakatlari kinostudiyalarida suratga olingan badiiy filmlarda 20 dan ortiq rollar ijro etdi. Latif Fayziyevning «Ikkinchi bahor» filmida Hakim, aka-uka Alekseyevlarning «Alangali yillar»ida Haydar, Shuhrat Abbosovning «Mahallada duv-duv gap» kinokomediyasida Mahmud, Damir Salimovning «Besh og‘aynilar»ida Jo‘ra, Royzmanning «Lenfilm» kinostudiyasida suratga olingan besh seriyali «Qora baliq izi» filmida Qodirov, Rozansevning «Hayot sening qo‘lingda» kartinasida Hasanov va ko‘plab filmlarda suratga tushib, o‘zbek kino san’atida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

To‘lqin Tojiyev «O‘zbekfilm» kinostudiyasida o‘zbekchaga o‘girilgan mingdan ortiq xorij filmiga ovoz bergan. «Qilich va qalqon», «Afonya», «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi», «Sizdan ugina, bizdan bugina», «Nofelet qayerda?» «Kanonir Dollasning sarguzashtlari», «Sadoqat», «Fillar mening do‘stlarim» shular jumlasidandir. 

1988-yilda unga O‘zbekiston xalq artisti unvoni berildi. 1997-yilda esa san’atkor «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Xabar.uz marhumning yaqinlariga ta’ziya bildiradi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring