Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Zamonamiz qahramoni: yuzlab o‘quvchilarni oliy ma’lumotli qilgan Isomiddinov ustoz haqida

Zamonamiz qahramoni: yuzlab o‘quvchilarni oliy ma’lumotli qilgan Isomiddinov ustoz haqida

«Xalq ta’limi a’lochisi» nishoni sohibi, pedagog Najmiddin Isomiddinov.

Buyuk Britaniya tarixida yorqin iz qoldirgan bosh vazir Uinston Cherchill quyidagicha lutf qilgan ekan: «O‘qituvchilar shunday qudratga egaki, bosh vazirlar bu kuchni faqat tushida ko‘radi...»

Ha rostan ustozlar jamiyat taqdirini hal etishi bor gap, ularning kuchini vazirlarga mengzashda ham hikmat bor.

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida yashovchi Najmiddin Isomiddinov o‘ttiz yildan beri o‘zbek tili va adabiyotidan dars beradi. Ustoz 1991-yildan beri boshlangan faoliyati davomida minglab yoshlarni o‘qitdi. Faoliyatida ko‘p chig‘iriqlardan o‘tdi. Hatto paxta dalalarida o‘quvchilar bilan fan haqida, sinovlarga tayyorgarlik haqida bosh qotirdi. Kirish imtihonlari arafasida abituriyentlar hayoti bilan yashadi, poytaxtga ilk bor qadam bosgan yuzlab yoshlarni suyadi. 2008-yilda «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi...

«O‘quvchilar bilan kechayu-kunduz ishlagan yutadi...»

Qahramonimizning ta’limdagi shiori shu. Kitob tumanida joylashgan 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarbiyalanuvchilari yaxshi biladi: «Isomiddinov domla» qatiqqo‘l, jiddiy ammo, ko‘zida yilt etgan nuri bor o‘quvchi borki, ko‘ksidan itarmaydi.

Domlani suhbatga tortamiz.

— 2010-yilgacha maktab internatda ishladim. So‘ngra QMII qoshidagi akadeik litseyda dars berdim. Ayni damda tumandagi kasb-hunar maktabi va 44-umumiy o‘rta-ta’lim maktabida ona tili va adabiyoti fanidan dars bermoqdaman. Asosiy maqsadim o‘quvchilarni oliy ma’lumotli, o‘qimishli bo‘lishiga erishish. Rosti, shu vaqtgacha qancha o‘quvchim universitetlarga kirdi, bilmayman. Ikki-uch yuztachalar bo‘lsa kerak. Imtihonlardan keyin ba’zilari yo‘qlaydi, ayrimlari yo‘q (kuladi) Muhimi, ular hayotda o‘rnini topsa bo‘ldi. Ayrim yillar o‘qishga kiruvchilar bir mavsumda 30-40 nafargacha yetadi. Masalan, 2020-yilda o‘ttiz bir o‘quvchim talabaga aylandi, — deydi Najmiddin Isomiddinov.

Paxta dalasidagi «aytishuv»

Ma’lumki, avvallari yuqori sinf o‘quvchilari paxta yig‘im-terimiga jalb etilardi. O‘ttiz-qirq kunlab davom etadigan hasharlarda o‘quvchilar bir qiyinchilikka duch kelishadi: bilimlarni mustahkamlash tugul, ularni esda saqlab qolish muammo.

Najmiddin Isomiddinovning shogirdi, yurist Akram Rahimov quyidagicha eslaydi:

- Saharlab dalaga chiqamiz. Xayolimiz imtihonu, o‘qishga kirishda. Dildirab, paxta egatlariga enamiz. Ayrimlarning qo‘ltig‘i, etagiga kitob-daftar qistirilgan bo‘ladi. Biror kilo paxta terib, pana-panada kitob titamiz. Til va adabiyot bo‘yicha bahslarimiz ko‘p bo‘lardi. Bir kuni qiziq ustida bahsga berilib, o‘qituvchining tepamizga kelib qolganini sezmabmiz. Chug‘urlashib Gulxaniyning «Zarbulmasal»ini tahlil qilayotgandik.

O‘qituvchimizni ko‘rgach, hamma qotib qoldi. Ammo domla lom-lim demay kitobni oldi va savol-javobni davom ettirishni buyurdi. Shu kuni hatto tushlikka ham chiqqimiz kelmadi. «Paxta dalasidadagi aytishuv» chuqur yodimda qolgan. Chunki u vaqtda terim vaqti bo‘sh o‘tirganlar tugul, kam terganlar ham jazolanar edi...

«Isomiddinovcha temir intizom»

— O‘quvchi zoti o‘zgaruvchan tabiatga ega bo‘ladi. Tuppa-tuzuk bolaga bir hafta tuzuk e’tibor qilmasangiz aynib qolishi mumkin. Maktab-internatda ishxona yaqinidan ijaraga uy olib ishlaganman. O‘quvchining darsga borishi, to‘garaklarga qatnashishi, hatto nechchida ovqatlanib, uyquga yotishigacha, rejalashtirib, nazoratga olganmiz. Bundan tartibga chiday olmay qochib ketganlar ham bo‘lgan. Ammo oldimizda boshqa chora yo‘q: ota-onalar bolam o‘qishga kiradi, deb umid qiladi.

Bugun o‘sha tartibda o‘qiganlar prokuratura, IIB, sud organlarida ishlayapti, nufuzli tashkilotlarda matbuot kotibi bo‘lganlar, televideniye yuziga aylanganlari ham bor. Yaqinda Tokiodagi nufuzli universitetga o‘qishga kirgan shogirdim internet orqali qo‘ng‘iroq qilib, rahmat aytdi. Bir o‘qituvchiga mukofot shuncha bo‘ladida, — deydi ustoz.

«Uyimga chamadonda pul ko‘tarib kelganlar ham bo‘ldi...»

— Afsuski, besh qo‘l barobar emas. Oliy ma’lumotli bo‘lish uchun jon koyitishni xushlamaydiganlar ham bor. Ayrim hollarda ota-onalar ham ularga qo‘shiladilar. Pul hamma eshiklarni ochadi deb o‘ylashadi. Yashirmayman, uyimga pul ko‘tarib kelib, o‘qishga kiritib bering deguvchilar ham bo‘ldi.

Uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib aytaman: halol tirishqoq o‘quvchi har qadamida ustoziga maqtov olib kelaverar ekan. Yuqoridagi toifa esa... Mayli, ular orasida ham ilm kaliti mehnatda ekanini anglaganlar ham yo‘q emas.

Shunday insonlar bor

Bugun bizda ko‘pchilik ta’limning sifatidan noliydi. Ammo tarmoqlar va muhokamalar qahramoni ko‘proq shou-biznes vakillari bo‘ladi. Qachonki bizda o‘qituvchi,shifokor kabi oddiy kasblar trendga chiqsa, jamiyat tafakkuri o‘zgargan bo‘ladi.

Keling, birgalashib, shu aziz kasb egalarini e’tibor markaziga chiqaraylik. Yo‘qsa, kelajak avlod oldida qattiq javobgarlikka qolishimiz hech gap emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring