Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘rqoq xo‘jayin va million dollarlik zarar

Qo‘rqoq xo‘jayin va million dollarlik zarar

Agar ong-shuurning salbiy qurilmalari muvaffaqiyat sari yo‘lingizni to‘sayotgan bo‘lsa, endi bu vaziyatni o‘zgartirish fursati yetdi. Salbiy fikrlaydigan odam har qanday muammo yoki xalaqit berishni yengib bo‘lmas to‘siq sifatida qabul qiladi. Ijobiy idrokli inson esa nafaqat to‘siqni bartaraf etish yo‘llarini topadi, balki uni o‘zining foydasi manbaiga aylantiradi.

Luiziana shtatida katta yer maydoni sotuvga qo‘yilgandi. Xarid uchun ikkita talabgor bo‘lib, biri qo‘shni maydon egasi edi. U juda past narxni tavsiya qildi, chunki savdoga qo‘yilgan yer bambuk nihollari bilan qoplangan, o‘zining fikricha, bu joydan amalda foydalanib bo‘lmas, yaroqsiz edi.

Boshqa xaridor ikki baravar ziyod narxni taklif etdi. U yer maydonini sotib olgach, bambuklarni qirqib, ulardan baliq ovlash uchun qarmoq yasashda foydalandi. Keyin shunday katta pulga sotdiki, foydasi yer maydonini sotib olishga ketgan mablag‘ni deyarli qopladi.

Farqini ko‘ryapsizmi? Bunday ijobiy tafakkur muvaffaqiyat uchun imkoniyat yaratadi. Ayni paytda salbiy fikrlash esa ularni nari itaradi, undan hech qanday foyda chiqarib olish mumkin emas. Hatto bunday imkoniyat yonma-yon bo‘lsa hamki, sira nafi bo‘lmaydi.

F.V.Vulvort tutqichlar sotiladigan do‘konda oddiy xizmatchi bo‘lib ish boshladi. U mol-mulk yillik ro‘yxatga olinganda do‘konda bir necha ming dolarlik eskirgan mollar to‘planib qolganiga e’tiborini qaratdi. Ular amaliy jihatdan yaroqsiz edi. Vulvort do‘kon egasiga bu mollarni sotib yuborish va shu yo‘l bilan turib qolgan tovarlardan xalos bo‘lishni taklif etdi. Xo‘jayin rad etdi, ammo Vulvort xuddi boshqa ijobiy fikr yurituvchi odamlardek qat’iy talab qiladigan sabotli, matonatli odam edi. U toki xo‘jayin bu rejani amalga oshirib ko‘rmaguncha yonidan ketmadi.

Eski mollarning har birini o‘n sentdan narxlashdi. Mollar shu qadar tez sotildiki, Volvort yana bitta shunday savdo o‘tkazishga ruxsat oldi. Buning muvaffaqiyati avvalgisidan kam bo‘lmadi.

Shundan so‘ng Vulvort do‘kon egasiga u bilan birga paylar asosida yana bir do‘kon ochishni, unga jihozlar keltirib berishni taklif etdi. Buning uchun boshlang‘ich mablag‘ qo‘yish kerak edi. ammo xo‘jayin xuddi oldingidek bu g‘oyani ham rad etdi. Vulvortga sotish uchun butun boshli do‘kon ham yetmaydi, degan bahonani vaj qilib oldi.

 Natijada Vulvort o‘zi mustaqil ravishda xuddi shunday do‘kon ochishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin esa do‘konlarning butun boshli tarmog‘ini rivojlantirishga asos soldi. Oradan bir necha yil o‘tgach, mo‘ysafid Vulvortning eski xo‘jayini shunday dedi: «Obrazli qilib aytadigan bo‘lsam, Vulvortning har bir rejasini rad etgan so‘zlarim menga salkam million dollar zarar bo‘lib tushgan».

Salbiy fikrlash hamisha shunday xususiyatlar, ya’ni qo‘rquv qat’iyatsizsiz, gumonsirash, ishni tobora ortga surishga moyillik, qahr-g‘azabga minish kabilar bilan yonma-yon hamroh bo‘lib yuradi. Ular odamlarni zaruriy, yoqimli imkoniyatlardan nari surib, tobora uzoqlashtiradi. Ijobiy ichki qurilmalar esa o‘zida ishonch, g‘ayrat-shijoat, shaxsiy tashabbus, ichki intizom, tasavvur va maqsadning aniqligini qamrab oladi. Bu xususiyatlar odamlarni hamda ajoyib imkoniyatlarni o‘ziga jalb etadi.

Darvoqe, ichki ijobiy qurilmani qay tarzda saqlash va qo‘llab-quvvatlash mumkin? Siz har qanday reja tuzish va har qanday maqsadga intilishda «buni albatta qilish kerak» degan pozitsiyadan turib o‘ylang va xuddi shu tarzda yondashing. Shu bilan birga har bir ishda yuzaga keladigan turli to‘siqlarni yengib bo‘ladi, deb ishoning. «Hech nima qilib bo‘lmaydi» degan xulosani bir umrga unuting, vassalom!

(Napoleon Xill kitobidan)

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring