Mehnat muhojirlari AQSh va Yevropani tanlamoqda – sabab nimada?

2005—2015 yillarda O‘zbekistondan Rossiyaga va qisman Qozog‘istonga mavsumiy ishlashga ketish eng urf bo‘lgan palla edi. Jarayon o‘zi 2000-yillar boshida boshlangan edi (tojik va qirg‘iz qo‘shnilardan keyinroq), so‘ng kuchayib ketdi, natijada o‘zbeklar Rossiyadagi mehnat muhojirlari ichida tezda birinchi o‘ringan chiqib qoldi (chunki odam soni ko‘p).
Migratsiya kuchayishining sabablaridan biri 2005 yilgi Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekistonga qo‘yilgan sanksiyalar, iqtisodiy va siyosiy yopilish ortidan daromad tusha boshlagani edi. O‘z navbatida, Rossiya bu yillarda gurkirab rivojlanib, boyib borayotgan edi. 2011—2014 yillarda eng ko‘p o‘zbek Rossiyada ishlash patenti olgani qayd qilingan. Aynan o‘sha yillarda, masalan, Moskvada shunchaki "Ashan"da aravachalarni to‘plab yurgan odam ham oyiga 30 ming rubl (kuniga ming rubldan) topardi. Rubl kursi 1 dollarga 32—34 yurardi. Ya’ni deyarli hech qanday malakaga ega bo‘lmay, bemalol ming dollarga yaqin pul topish mumkin edi.
2014 yilgi voqealardan so‘ng (neft narxining tushishi, Qrim anneksiyasi, rubl qadrining tushishi) Rossiyaga borib-keluvchilar soni ko‘payishi to‘xtadi, raqamlar barqarorlashdi. Lekin Rossiyada juda katta o‘zbek diasporasi shakllanib ulgurdi (maksimal raqam — 4 mln gacha).
2016—2018 yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish ro‘y berdi, daromadlar biroz oshdi, lekin bu migratsiya oqimini kamaytirmadi. 2022 yilgi Ukraina bosqinidan keyingina bu oqim pasaydi.
Lekin oqim boshqa tomonga yo‘nalmoqda. Endilikda ko‘proq o‘zbek AQShga, Yevropaga ketishga intilmoqda va bu migratsiya oldingisidan ancha farq qiladi. 2005—2015 yillarda gap tirik qolish haqida ketayotgandi, shunga Rossiya, Qozog‘iston eng tezkor va oson variantlar edi, topilgan daromad (ming dollargacha) tirikchilikka yetar edi.
Hozirgi migratsiyadan maqsad tirik qolish emas, balki oshib ketgan ehtiyojlarni qoplashdir. Rossiya, Turkiya, Qozog‘istonda topiladigan oylikni yoki unga yaqin daromadni, umuman olganda, O‘zbekistonda ham topsa bo‘ladi, Janubiy Koreyaga ketish imkoniyati esa cheklangan. Shunga boshqa, 2 ming dollardan yuqoriroq daromad keltiriladigan bozorlarga intilish kuchli.
Migratsiya mavzusi birdan xayolga kelib qolib, bu bo‘yicha tadqiqot va analitikani o‘rganib, shunaqa ma’lumotlar oldim xullas. Va bitta xulosa qildim o‘zim uchun — O‘zbekistondan chet ellarga mehnat migratsiyasiga ketish hali ham davom etayotgan bo‘lsa ham, bu migratsiyaning sifati va muhojirlarning daromadga qo‘yadigan talablari oshgan. Oldin tirikchilik maqsadi qo‘yilgan bo‘lsa, hozir endi chiroyli hayot, kattaroq daromad maqsadi qo‘yilmoqda. Yangi bozorlardagi yashash va ishlash sharoitlari ham Rossiya va Qozog‘istondan yaxshiroq.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning ichida daromad biroz oshishi migratsiyani to‘xtatmagan, chunki ehtiyojlar ortib bormoqda. Aholi 20 yil davomida to‘plangan mehnat migratsiyasi tajribasini ishlatib, daromad tarmoqlarini yanada kengaytirmoqda, xizmatini qimmatroqqa sotishga urinmoqda.
Menimcha, O‘zbekiston iqtisodi o‘sib ketsayam, migratsiya uncha-munchaga to‘xtamasa kerak. Birinchidan, ishchi kuchi hamisha ortig‘i bilan bor. Ikkinchidan, xorijda tayyor tajriba, o‘rnatilgan aloqalar, qurilgan ijtimoiy tarmoqlar, egallangan bozorlar bor. Uchinchidan, daromad oshishi ehtiyojlar ham ortishiga olib keladi, buning natijasida odamlar yanayam ko‘proq pul topishga intilaveradi, bu halqa do‘nib kelaveradi.
Eldor Asanov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter