Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Izboskandagi bu poyezd yo‘lini har kuni yuzlab odamlar kesib o‘tadi, kesib o‘tishga majbur

Izboskandagi bu poyezd yo‘lini har kuni yuzlab odamlar kesib o‘tadi, kesib o‘tishga majbur

Foto: «Xabar.uz»

2018-yil 18-iyul kuni ertalab Andijon viloyatining Izboskan tumani hududidan o‘tuvchi «Poytug‘» – «Andijon 2» temir yo‘li oralig‘ida Izboskan tuman Ittifoq mahallasida yashovchi M.F. (2001-yilda tug‘ilgan) poyezd ostida qolib ketgan. Xabarlarga qaraganda, o‘smirning qulog‘ida quloqchin bo‘lgan va kelayotgan yuk poyezdi ovozini eshitmagan.

Bu mudhish voqea haqida batafsil va aniq ma’lumot hozircha rasman taqdim etilmadi. Lekin e’tiboringizni boshqa holatga qaratmoqchiman. Mazkur fojia yana qaytarilmasligiga kafolat bormi? Javobi aniq: YO‘Q! Chunki ushbu poyezd yo‘lini har kuni kamida yuzlab odamlar kesib o‘tadi, kesib o‘tishga majbur va boshqa iloji yo‘q.

Sababini tushuntiraman. Yana bir marta. Chunki bu muammo juda ko‘p ko‘tarilgan. Ya’ni Izboskan markazi Poytug‘ shahridagi bozor masalasi haligacha hal bo‘lgan emas. Aynan shu muammo bo‘yicha alohida jurnalist surishtiruvi o‘tkazganmiz. Tuman hokimligi 10 kun ichida bir yoqlik qilishga va’da berganigayam, mana, xudo xohlasa, 20 kundan oshib qoldi. Balki harakat boshlangandir ham.

Xo‘sh, muammo nimada? Muammo ikkita: birinchisi, kiyim bozori va dehqon bozori alohida joylashgani, aynan kiyim bozori xuddi shu temir yo‘l bo‘yida ekani. Ikkinchisi esa dehqon bozoriga olib boradigan yo‘l faqat temir yo‘l orqali o‘tgani.

Bozor ro‘parasidagi temir yo‘l
Foto: «Xabar.uz»

Samarqanddagi Diana Yenikeyeva fojiasi kuzatilmaguncha majburiy mehnat masalasi bee’tibor qolavergan. Ya’ni kimdir qurbon bo‘lgan. Andijonda ham balki mana shunga ishora boshlangandir. Axir mutasaddilar hanuzgacha bozor masalasini hal qilishga panja ortidan qaramoqdalar.

Xo‘sh, bevaqt hayotdan ketgan 17 yoshli o‘smirning joni uchun kim javob beradi? U bola ataylab o‘zini poyezd tagiga tashlamagandir. Tegishli mutasaddilar bir tanasiga o‘ylab ko‘rsin: axir bu yigit poyezd yo‘lini kesib o‘tayotib halok bo‘ldi! Poytug‘ shahrida har kuni yuzlab odamlar ushbu temir yo‘lni kesib o‘tishdan boshqa chorasi yo‘q, chunki bozorga olib boradigan boshqa yo‘l yo‘q! Yo temir yo‘lni olib tashlash kerak, yoki bozorni bitta qilib, unga olib chiqadigan yo‘lni xavfsizlantirish lozim.

Qachondir mustaqil ravishda qaror qabul qilamizmi o‘zi? Yoki, albatta, kimdir qurbon bo‘lishi, yoxud hukumat darajasiga qadar chiqishi kerakmi? Nahotki Andijon viloyati hokimi ham bunga befarqlik bilan qarasa?!

Yo‘q, bu shundayligicha qolmaydi. Endi bizda jamoatchilik nazorati bor. Hurmatli Izboskan ahli! O‘z muammoingizni o‘zingiz hal qilishga kirishasiz chog‘i. Mutasaddilar mudramoqda. Yo‘qsa, yana qurbonlar bo‘lishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring