Buxoroda 586 nafar mansabdor jarimaga tortildi
Buxoroda 2024 yilda mehnat qonunchiligi normalariga amal qilmagan, o‘z ishchi-xodimlarining mehnat huquqlarini buzgan 586 nafar mansabdor shaxslardan 1 milliard 700 million so‘m jarima undirilgan. Bu haqda Buxoro viloyati sudi tashabbusi bilan mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish, mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlar va nizolarni adolatli hal qilish yuzasidan o‘tkazilgan amaliy seminarda ma’lum qilindi.
Buxoro viloyatida mehnat nizolarini tartibga solish, mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlar, ularni adolatli hal qilish, kelgusida ularning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.
Ma’lumki, 1995 yilning avgust oyida qabul qilingan «Mehnat kodeksi» 2023 yilning may oyidan boshlab, yangi tahrirda chop etilgan. Bunda yangi normalar belgilanib, ularni hayotga tatbiq etilishida turli xil yo‘nalishlar paydo bo‘lgan. Mehnat nizolarini hal qilishda ijtimoiy sherikchilik kuchaygan.
Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan amaliy seminarda ta’kidlanishicha, Buxoroda xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida mehnat inspeksiyasi tomonidan korxona va tashkilotlarda o‘rganishlar o‘tkazilganda, 2024 yilda 1701 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Ularni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga 13 ta ko‘rsatma kiritilgan. Bugungi kunga qadar 671 ta qonunbuzilish holati bartaraf etilib, 451 nafar xodimning huquqlari tiklangan. 29,6 million so‘m kompensatsiya to‘lovlari undirilgan. Shuningdek, 67 nafar xodimning ish haqidan g‘ayriqonuniy ravishda 610,4 million so‘m ushlab qolinishi oldi olingan.
«Xodimlarning bugun adolatli sharoitlarda ishlashib, ish beruvchining g‘ayriqonuniy tazyiqlaridan, mehnatga kamsitishlaridan qonuniy yo‘l bilan himoyalanishga bo‘lgan ishonchlari oshgan. Bu ish beruvchilardan ham mehnat to‘g‘risidagi qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha mas’uliyatini oshirishni talab etadi. Ish beruvchining mehnat qonunchiligini turlicha talqin qilgani, to‘g‘ri qo‘llanilmagani ish beruvchining mehnat huquqlarining buzilishiga olib kelgan. Buxoro viloyati sudi tomonidan ham ko‘rilgan ishlarning 478 tasi ish haqi undirish, 194 tasi ishga tiklash, 20 tasi mehnat ta’tili berish, 15 tasi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning kechiktirganlik uchun kompensatsiya undirish, 6 tasi ishga qabul qilishni noto‘g‘ri rad etish va qolgani boshqa toifadagi mehnat nizolari bilan bog‘liq. Ishga tiklash haqidagi da’volar bo‘yicha ko‘rilgan 194 ta ishlarning 115 tasi yoki qariyb 60,0 foizi yuzasidan ish beruvchilarning buyruqlari g‘ayriqonuniy, deb topilib, xodimlar ishga qayta tiklandi», - deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudlov sudyasi IkromjonToshov.
Ishga tiklash nizolari nisbatan ko‘paygan sohalar kesimida tahlil qilinganda, bank tizimida 27 ta, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining quyi bo‘g‘inlarida 25 ta, Ichki ishlar vazirligi va unga tegishli tashkilotlarda 23 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligi va unga tegishli tashkilotlarda 21 ta, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidagi tashkilotlarda 11 ta, Mahalliy davlat hokimiyati organlarida 7 ta hamda boshqa davlat idoralari va organlarida 45 ta ishlar ko‘rilgan va bunda ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligini g‘ayrivonuniy ravishda buzilgani holati aniqlangan.
Jami mehnat nizolari yuzasidan ish beruvchilardan xodimlar foydasiga 4.928.447.516 so‘m miqdorida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda 593.500.000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, qanoatlantirilgan talablar bo‘yicha 10.486.283.288 so‘m ish haqi, 2.649.667.737 so‘m majburiy progul uchun haq, 2.421.274.940 so‘m ma’naviy zarar va ish yakuni bo‘yicha 1.055.163.538 so‘m davlat boji undirilgan. Sud buyrug‘i tartibida esa 9.439.702.725 so‘m ish haqi egasiga qaytarilgan.
«Ish beruvchi mehnat qonunchiligi talablari va normalariga to‘la amal qilishga majbur. Xodimning mehnat huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, aslida, ish beruvchi, ya’ni mansabdorning vazifasi, burchi. Birgina 2024 yilning o‘zida 586 nafar mansabdorning shaxsdan salkam 2 milliard, ya’ni 1 milliard 700 million so‘m miqdorida jarimaga tushgani bu o‘z-o‘zidan shuncha nafar ish beruvchining mehnat qonunchiligi normalariga amal qilmaganini ko‘rsatadi», - deydi Buxoro viloyati sudi raisi Uchqun Ro‘ziyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter