Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi matni e’lon qilindi

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi matni e’lon qilindi

Xabaringiz bor, OAV va blogerlar tomonidan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilikka biror marta e’lon qilinmasdan, hattoki kichik xabari ham berilmasdan Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingani, keyinchalik Senat Yalpi majlisiga kiritilganiga e’tirozlar bildirilgan edi.

E’tirozlardan so‘ng, Senat Yalpi majlisi kun tartibidan bu masala chiqarib tashlandi. Bugun esa Senat saytida qonun loyihasining to‘liq matni e’lon qilindi.

Aslida bu ishni Qonunchilik palatasi qilishi kerak edi. Qonunchilikda Senat tomonidan qonun loyihalari matni e’lon qilinishi haqida birorta band yo‘q. Ammo «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasida birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasining matni, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi aytilgan.

Qonunchilik palatasi 24-noyabrda qabul qilgan qonuni haqida hech bo‘lmasa bir og‘iz xabar berib ham qo‘ymagan, jamoatchilikdan buni negadir «sir saqlagan». E’tirozlardan keyingina Rasul Kusherbayev umumiy mazmunda o‘z kanali orqali ma’lum qilgandi.

Xullas, xalq saylagan, lekin haligacha o‘zini xalqdan baland panjaralar bilan ajratib turadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu ishiga 2 baho qo‘ygan bo‘lardim. 1 qo‘ysa ham bo‘ladiyu, ha, mayli, Hojiboy Tojiboyevning latifasi hurmati 2 qo‘ydim.

Butun boshli Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni qabul qilishib, lekin bu haqda jamoatchilikka lom-mim demagan Parlamentga yana qanaqa baho berish mumkin, bilmadim?

Xullas, qonun matni bilan Senat saytidagi mana bu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Mening fikru ojizimcha, bu Qonun 1-yanvarga qadar tezlashtirilgan tartibda Senat tomonidan ma’qullanib, undan keyin imzodan chiqsa kerak. Chunki daryoni ko‘rmasa ham etigini yechib qo‘ygan sud tizimidagi mas’ullarimiz allaqachon yo‘q sudlarning yo‘q lavozimiga sudyalarni tayinlab qo‘ygan. Farmonga ko‘ra, ular 1 yanvardan ishini boshlashi kerak. Agar 1-yanvargacha Konstitutsiyaga o‘zgarish kirmasa, ular havoda muallaq osilib qoladi. Va o‘z-o‘zidan sud tizimi, shu islohotlarning boshida turganlar biroz sharmanda ham bo‘lishadi. Shu sharmandalikning oldini olish uchun Konstitutsiyaga juda tez, shoshilinch ravishda o‘zgartirish kiritish talab etiladi.

Bu shunchaki mening taxminlarim, albatta. Qolganini boshimiz omon bo‘lsa, ko‘raveramiz.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети