Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

O‘tmishni xotirlash jinoyatmi?

O‘tmishni xotirlash jinoyatmi?

Sarlavha emas, savol qo‘ydim. Chunki shu vaqtgacha yaqin o‘tmishni xotirlash ham qonunsiz man etilgan edi. Mabodo, bexosdan xotirlab qo‘ysangiz, darhol «O‘tmishni qumsab qoldingmi» deya o‘chirib bo‘lmas tamg‘a bosib qo‘yishardi. Menimcha, hozir unday emas, shekilli. Keling, sinab ko‘rish uchun yaqin o‘tmishni bir xotirlab ko‘ramiz.

«Moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir»

2004 yil boshida «Sport» telekanali yangi tashkil etilganda, radio va televideniyedan xodimlar bilan to‘ldirilgan. Ammo ikkitagina shtatni gazetada ishlaydigan xodimlardan, ya’ni yozuv-chizuvni biladiganlardan olamiz, degan niyatda saqlab qolishgan ekan. Shunda «Sport» gazetasidan bir xodim va kaminani («Adolat» gazetasidan) ishga taklif qilishdi. Darhol yugurib bordim. 2004-yil. 2-mart kuni O‘zteleradiokompaniyaning «Sport» telekanaliga rasman ishga kirdim...

Yodimda o‘sha damlar, o‘zi uchar gilamlar...

Faqat shuni aytishim shartki, televideniyeda ishlagan ilk bir yarim yilini, ya’ni Abdusaid Ko‘chimov raislik qilgan davrni xotirlamoqchiman, xolos. Keyingi davrni esa eslashni istamayman. Chunki yolg‘on gapirishga vijdon qurg‘ur yo‘l qo‘ymaydi. Haqiqatni  aytish esa qo‘rqinchli.

O‘sha damlarda omadli va baxtli inson sifatida javlon urib ishladim. Ertalab ishga, kechqurun uyga oshiqardik. Maoshlar ham anchagina edi. O‘sha damlarda gonorar haqida «ko‘p» yoki «kam» degan tushuncha umuman bo‘lmagan. Deyarli har oyda biror bayram sabab rag‘batlantirilib turilardi. Yangi yil, 8 mart (faqat xotin-qizlarga), Navro‘z, 27-iyun (matbuot va OAV xodimlari kuni), Mustaqillik bayrami, 8 dekabr – Konstitutsiya kuni va ikkita hayitga kamida bir okladdan bayram pullari muntazam berilar edi. Shuningdek, undan oldinroq «kartoshka» puli, 13-oylik degan maoshlar ham bo‘lgan. Xodimlar umuman maosh tashvishini o‘ylamasdi. O‘ylagani faqat ijod edi. Hattoki, televideniye hududi ichida maxsus arzonlashtirilgan oshxona ham bo‘lardi. Qisqasi, faqat o‘sha damlardagina jurnalistika kasbini tanlaganimdan pushaymon bo‘lmaganman.

Men qisqagina bir yarim yilni bolalik yillarini sog‘ingan qariya kabi og‘ir bir xo‘rsinish bilan xotirlayman. Zo‘r damlar bo‘lgan. Xodimlar rahbarini, rahbar xodimlarini bekorchilikdan sotmas edi. Rahbarlar uchun aqlli va qobiliyatli xodimlar xatarli hisoblanmagan. O‘sha paytda ham xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lgan. Ammo rahbar qo‘yni bo‘rining qo‘liga topshirgani kabi ijodkorlarni rejim xizmatining izmiga tutqazib qo‘ymagan. Xodimlarini bo‘lar bo‘lmas hodisalar uchun qurbonlik keltirmagan. Aksincha, har qanday ofatli tashkilotlardan himoya qila bilgan. Faqat ijod va ijodkor uchun o‘zini qurbon qilgan.

Ijodkor bo‘lsa-da, Abdusaid akada rahbarlik qobiliyati ham g‘uj-g‘uj edi. Reklama topib kelgan xodimga kompaniya hisobiga tushirgan mablag‘ning 25 foizigacha mukofot sifatida ajratib bergan. Xodimlarining boyib ketishidan umuman hadiksiramagan. O‘sha davrlarda xodimlar kasbga oddiy bir «xobbi» sifatida emas, aksincha, mas’uliyat bilan qaragan. U televideniyega 8 yil rahbarlik qildi. Kamina esa o‘sha farahbaxsh kunlarning oxirgi bir yarim yillik davrida ishlab qolishga muyassar bo‘lgan.

O‘tgan qisqagina bir yarim yillik baxtli damlarimdan shuni bilamanki, sobiq rais xodimlarning bir tiyiniga ham xiyonat qilmagan. Uyida och yotgan norasida go‘daklarning haqiga ko‘z olaytirmagan. Shu jihati bilan hali-hanuz yaxshi rahbar sifatida xotirlanadi. Taniganlar hurmat va ehtirom ila davralar to‘ridan joy berishadi. U televideniye raisligidan bo‘shaganida, ortidan qo‘ylar so‘yilmadi, aksincha, ko‘zda yosh bilan kuzatishdi. Har qanday rahbar ham bunday baxtga muyassar bo‘lishi amrimahol.

Uning 8 yillik rahbarlik davrida jurnalistlarning xalq orasida obro‘yi shu darajada oshib ketdiki, hattoki boshqa tashkilotlar rahbarlarining g‘azabini ham qo‘zg‘ab qo‘ygan ekan. «Agar televideniyega rahbar bo‘lsam, jurnalistning obro‘sini bir pul qilaman», degan «yaxshi niyatlar» bilan birrovga rahbar bo‘lib ketganlarni ham ko‘rdik. Garchi, birrovga kelgan bo‘lsa-da, missiyasini bajarib ketdi-ya, 111 yil yashshagur.

Sobiq rais yaltoq va olchoqlarni yoqtirmas edi. Xodimlarni bir-birining ortidan kompromat yig‘ishiga esa umuman yo‘l qo‘ymagan. Ijodkor va texnik xodimlar ham shuni inobatga olib, faqat ijod bilan shug‘ullanishar edi. Boshqa narsani hatto xayoliga ham keltirmagan. Biror bir ijodkor qog‘ozbozlik ishlariga jalb qilinmagan. Chunki televideniye hech qanday tashkilotga hisobot bermasdi. Yaqin o‘tmishni sarhisob qilib ko‘rsangiz, hozirgi yoshlar o‘zlarining kumiri darajasida ko‘radigan mashhur jurnalistlarning bari A.Ko‘chimov faoliyati davrida shakllangan ekan.

Men bu inson bilan biror marta ham suhbatlashmaganman. Ammo ilk ishga kirgan kunlarim ikki oy mobaynida menga salom berib yurganini ming bir istihola bilan eslayman. Uni xonasiga eltadigan yo‘l men ishlagan bino oldidan o‘tar ekan. O‘rta jussali, qorachadan kelgan, istarali bir odam o‘tishda doim menga salom berardi. Men ham televideniyega endigina ishga kirib, yettinchi osmonda uchib yurganim bois, notanish kishining salomiga istar-istamas alik olib qo‘yar edim. Oradan ikki oy o‘tib, bir hamkasbim «shu odam rais Ko‘chimov bo‘ladi», deb qoldi. Avval boshida hazillashayati, deb o‘yladim. Chunki, televideniye rahbari qimmat mashinada eshik oldigacha keladi, deb o‘ylar edim (har tugul qariyb 2 ming kishi ishlaydigan dargohning rahbari). Keyin bilsam, u mashinasini nariroqda qoldirib, piyoda yurib kelar ekan. Shunda o‘zimdan o‘zim qattiq hijolat bo‘lganman. Shundan buyon tanigan tanimagan kishiga salom berishni odat qildim. Yana bir niyatim bor: endi hayotda u kishi bilan ro‘baro‘ kelsam, albatta oldin o‘zim salom beraman.

Ma’zur tuting, hamkasblar, men ham  bir «maddohlik» qilib ko‘rdim. Bu ishim maddohlarga yoqmasligi aniq. Zora shu maqolamdan keyin maddohlikka qarshi qonun chiqarilsayu, xushomadgo‘ylik butunlay tugatilsa, qaytib boshqa birovni maqtamayman.

Bu maqolamni o‘qib, ustozlar yoki hamkasblar: «Nima qilarding, o‘tmishni eslab, jim yursang bo‘lmasmidi», degan dashnomlarni ham berishi aniq, garchi ularning ham dilidagi gaplarni aytgan bo‘lsam ham. Ushbu maqola chiqqan kundan boshlab menga yovqarash qilishlarini ham bilaman. Chunki bu hayotiy tajribamdan o‘tib bo‘lgan. Hattoki, men bilan gaplashishni siyosiy xato deguvchilar ham ko‘payib qoladi. Mayli, nima deyishsa deyishaversin, afsuski, menda o‘zining o‘ylaydigan fikrlarini ham senzura qiladigan qusur yo‘q. Shu fe’l-atvorim bilan doim hayotda ko‘p qoqilganman.

Uzr hamkasblar, jim yurish uchun bu kasbni tanlamaganman. O‘rnatilgan tartibdan tashqari fikrlashni konstitutsion tuzumga tahdid deb baholovchi «ustoz»lar o‘gitiga ham muhtoj emasman.

Abdusaid aka maqolamni o‘qib xafa bo‘lishi ham mumkin. Shuni bilsam-da, jurnalistlar ustozini ozgina bo‘lsa ham maqtab qo‘ydim. Shu tarzda yillar davomida ichimda yig‘ilganlarni oqqa tushirmasam, oshqozoni bezovta bo‘layotgan bemor kabi qiynalib yuraman.

U kishidan minnatdorchilik bilan uzr so‘ragan holda,

Sherali Otaboyev, jurnalist

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети