Fransiyada oltinchi respublika eshik qoqmoqdami? (video)
Joriy yilning 28 iyun kuni Fransiyaning Parij shahrida 17 yoshli jazoirlik bolaning politsiyachi tomonidan otib o‘ldirilishi ortidan Fransiyada katta to‘lqindagi norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Namoyishlar kundan kunga kuchayib, bir nechta shaharlarni ham qamrab oldi.
«Xabar.uz» ushbu mavzuda siyosatshunos Jahongir Akramov va jurnalist Ilhomiddin Said Olim bilan suhbatlashdi.
– Nega Fransiyada namoyishlar ko‘p sodir bo‘ladi?
Jahongir Akramov siyosatshunos:
– Fransiya xalqining «ozodlik, tenglik va birodarlik», degan shiori bor. Bu shior 1789 yilda bo‘lgan «Buyuk Fransuz» inqilobidan qolgan. 17 iyul – Fransiyada milliy bayram kuni hisoblanadi. Ya’ni, shu kuni Bastiliya ozod qilingan. Bastiliya – siyosiy mahbuslarni saqlab turuvchi qamoqxona bo‘lgan. 1789 yil 14 iyul kuni xalq namoyishga chiqib, Bastiliyani ishg‘ol qilib, siyosiy mahbuslarni ozod qilgan. Mana shundan keyin fransuz xalqi juda ko‘plab huquqlarga ega bo‘lgan.
Fransiyada 5 marta inqiloblar natijasida, 5 marta respublika vujudga kelgan. Ayni vaqtda Fransiyada beshinchi respublika davri hisoblanadi. Hozir «Fransiyada inqilob natijasida oltinchi respublika o‘rnatilishi mumkin», degan hazil gaplar tarqalib ketdi. Ya’ni, fransuz xalqida «kurashsak, erishamiz», degan mentalitet shakllangan. Ular uchun namoyishga chiqish, o‘z haq-huquqlarini talab qilish, davlatning biror-bir qaroriga qarshi chiqish siyosiy qadriyat.
Bundan tashqari, Fransiyada turli madaniyatlarning aralashib ketgani ham namoyishlarni ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Masalan, Fransiyada Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan kelgan insonlar ko‘p va ular alohida, o‘zining hududida istiqomat qiladi. Mana shu omil ham ularni namoyishlarda faol qatnashish potensialini oshiradi.
Men namoyishlarga chiqish fransuz xalqiga tarixan xos xususiyat deb o‘ylayman va ijtimoiy-demografik holat ham Fransiyada namoyishlar ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘ladi, degan fikrdaman.
Ilhomiddin Said Olim jurnalist:
– Fransiyada so‘ngi bor «sariq nimchalilar» tomonidan eng yirik namoyish tashkil qilingan edi. Bu namoyishga asosan ijtimoiy tarmoq turtki bergan. Fransiyada namoyishlarni bostirmaslik an’anasi mavjud. Hatto, bu konstitutsiya orqali ham mustahkamlab qo‘yilgan. Ya’ni, xalq ko‘chaga chiqsa, ularga nisbatan kuch ishlatib, qamab bo‘lmaydi.
Hozirda ko‘plab G‘arb davlatlari Fransiya xalqqa katta erkinlik berib yubordi deb aytmoqda. Odatda Fransiyada kichik maishiy muammolar ham katta namoyishlarga sabab bo‘ladi. Bu namoyishlardan foydalanib qoluvchilar ham bor. Masalan, o‘ta o‘ngchi hisoblangan Mari Le Pen partiyasi shu namoyishlardan foydalanib qolishga harakat qilmoqda.
Fransiya AQShga o‘xshashga harakat qiladi. AQSh butun dunyoga «biz demokratiyaning yetakchisimiz» deb iddao qiladi. Bu borada Fransiya ham AQShdan ortda qolmaslikga harakat qiladi. Lekin hozir iqtisodiy tahlilchilarning fikricha, Emmanuel Makronning migrantlardan foydalanib, pensiya yoshining oshirib olishi iqtisod uchun juda katta foyda keltiradi. Chunki migrantlarning ko‘payishi, ishchi kuchini arzonlashtiradi. O‘z o‘rnini migrantlarga berishni istamagan fransuzlar esa uzoqroq ishlashga majbur bo‘ladi.
– Namoyishlar ortidan Makronning reytingi ancha pastladi. Makrondan keyin hokimiyatga o‘ta o‘ng millatchilar kelib, migratsiyani cheklashi mumkinmi?
Ilhomiddin Said Olim jurnalist:
– Hozir siz aytgan masalani butun Yevropadagi o‘ta o‘ng millatchilar ko‘tarmoqda. Fransiyadagi namoyishlardan aynan millatchilar foydalanib qolmoqchi. Lekin ayrim tahlilchilar bu namoyishlarni Ukrainaga berilayotgan harbiy yordamdan chalg‘itish uchun harakat deb baholamoqda.
– Fransiyada namoyishlarni boshlanishiga politsiya tomonidan 17 yoshli o‘smir bolaning otib o‘ldirilishi sabab bo‘ldi. Lekin bu namoyishlar ortida boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkinmi?
Ilhomiddin Said Olim jurnalist:
– Agar Fransiyaning tarixini o‘rganib, bugungi kun bilan bog‘lasangiz, Fransiyaning sobiq mustamlakalari (Jazoir, Tunis va Marokash)dan kelgan immigrantlar hali ham fransuz xalqi bilan assimilyasiya bo‘lib keta olmagan. Oxirgi vaqtlarda Fransiyada musulmonlarni huquqlarini cheklovchi qonunlar qabul qilindi. Hatto, islomofobiya kuchayib ketdi. Fransuz jamiyati boshqa millat, din vakillari bilan yaxshi assimilyasiya bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkin, lekin fransuzlarning musulmonlar bilan assimilyasiya bo‘lib ketishi negadir qiyin kechmoqda.
Jahongir Akramov siyosatshunos:
– Haqiqatdan ham Fransiyada immigrantlarning jamiyatga assimilyasiya jarayoni yaxshi emas. Hatto, 80-yillarda ham shu muammo bo‘lgan. Fransua Mitteran davrida ham migrantlarning o‘limi bilan bog‘liq namoyishlar bo‘lib turgan. Lekin nima uchun bunday holat Angliyada uchramaydi? E’tibor bersangiz, bugun Angliya bosh vaziri Rishi Sunak asli hind millatiga mansub. Yo bo‘lmasa, London shahrining meri Sodiq Xon asli pokistonlik. Ya’ni, boshqa millat vakillari Buyuk Britaniya jamiyatiga kuchli tarzda integratsiya qila oladi.
Yaqinda ham Shotlandiyaning Britaniya tarkibidan ajralib chiqish tarafdori bo‘lgan partiyaga pokistonlik musulmon rahbar bo‘ldi. Eng qizig‘i, Shotlandiyaning Britaniya tarkibida qolish tarafdori bo‘lgan partiyaning rahbari ham asli pokistonlik. Ya’ni, bu kabi muammolar to‘g‘ri dasturlar asosida hal etiladi. Lekin Fransiyada bironta Islom diniga e’tiqod qiluvchi deputat yoki vazirni ko‘rmaymiz. Mana shuni o‘zi ham Fransiyadagi ma’lum bir millat vakillari orasida o‘ksinish yoki o‘zini begona his qilish kayfiyatini vujudga keltiradi. Bu ularda davlatga bo‘lgan norozilikni kuchaytiradi.
AQShning tajribasi Fransiyaga qo‘l kelishi mumkin. 1960 yilda Jon Kennedi davrida universitetlarga kirish uchun qora tanli insonlarga alohida imtiyozlar ajratilgan ekan. Bu hozir bekor qilinish jarayonida. Lekin shuning o‘zi ham qaysidir ma’noda Barak Obama kabi insonlarning AQSh prezidenti bo‘lishiga ta’sir qilgan.
2000 yillarning boshida «B-13» nomli kino chiqqan edi. Shu filmda ham Parijning alohida-alohida dahalarga ajralib qolishi tasvirlangan. Aslida, ma’lum bir irq vakillari alohida ayrim hududlarni egallab olishiga davlat ijtimoiy va qonuniy tomondan yo‘l qo‘ymasligi kerak. Ya’ni, davlat integratsiya uchun imkon yaratishi lozim.
Mening shaxsiy fikrimcha, 2020-2021 yildagi pandemiya davri aholining iqtisodiy jihatdan imkoniyatlarining pasayishi ham qaysidir ma’noda namoyishlar bo‘lishiga ta’sir qiladi. Och odamda agressivlik kuchli bo‘ladi. Ya’ni, aholida qancha iqtisodiy imkoniyatlari pasaysa, ularda agressivlik kuchayib ketadi. Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik masalasiga ham e’tibor qaratish lozim. Chunki bugun Fransiyadek rivojlangan davlatda yoshlar orasida talonchilik kuchayib ketgan.
– Davomli namoyishlar Fransiyadagi davlat tuzumiga qattiq zarba berib qo‘ymaydimi?
Jahongir Akramov siyosatshunos:
– Fransiyada demokratik institutlar juda yaxshi rivojlangan. Hozir Fransiyani ko‘proq iqtisod o‘ylantirmoqda. 30 iyun kuni yetkazilgan iqtisodiy zarar bir necha milliardga yetgan. Bu hukumatga bir ishora. Ya’ni, katta iqtisodiy zarar ko‘rmasdan turib, namoyishlarni to‘xtatish kerak.
2017 yil saylov vaqtida Emmanuel Makron multikulturalizmga qarshi chiqqan edi. Ya’ni, Markon assimilyasiyani ma’muriy choralar orqali hal qilmoqchi bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ni masxara qilib, uning karikaturasini chizgan fransuzni chechen muhojiri o‘ldirgan edi. Shunda Fransiya prezidenti «Islom hozir inqiroz davrida yashamoqda» degandi. Bu umuman diplomatiyaga to‘g‘ri kelmaydigan, Fransiya prezidentiga yarashmaydigan, Fransiyada yashovchi ko‘plab aholini yerga uruvchi bayonot bo‘lgan. Bu bilan u Fransiyada birinchi o‘rinda multikulturalizm emas fransuz madaniyati birinchi o‘rinda turishini ko‘rsatib qo‘ydi.
2017 yilda Fransiyada politsiyachilar oq tanli odamdan ko‘ra, qora tanli yoki arab millatiga mansub bo‘lgan odamlarni 20 barobar ko‘p to‘xtatar ekan. Agar shu muammolar o‘z o‘rnida hal etilmasa, Fransiya davlatchiligiga zarar yetkazishi mumkin.
Ilhomiddin Said Olim jurnalist:
– Umuman davlatchilikda asosiy qarorni qabul qiladigan markazlar bo‘ladi. Davlatchilik tizimi biror-bir qaror qabul qilishi uchun bir davo yoki arz bo‘lishi kerak. Fransiyadagi immigrantlar muammosi uzoq yillardan beri yechimini kutayotgan masala. Buni ustiga immigrantlar kamayishni o‘rniga ko‘payib bormoqda. 2011 yilda Yaqin sharq davlatlarida «Arab bahori» voqealarining sodir bo‘lishi Yevropada migrantlarni ko‘paytirib yubordi. Tabiiyki, bundan ular vahimaga tushib qoldi. Baribir migrantlar muammosini hal etish uchun qandaydir bahona kerak. Ya’ni, davlat mexanizmi reaksiya berishi uchun bahona zarur.
Hozir bo‘layotgan namoyishlarning asl sababi nima? Migrantlar yashovchi hududlar shu darajada kriminallashib ketgan edi-ki, migrantlar ma’lum hududlarda o‘zining hokimiyatini o‘rnatib olgan. U hududlarga fransuz politsiyasi kira olmaydi. Mana shu yerdagi migrantlar hozir ko‘chaga chiqib, yirik shaharlarga kirib bordi. Fransiyaning qonunlari esa ularga nisbatan kuch ishlatishga yo‘l bermayapti. Gap shunda!
Fransiya ochiq, demokratik davlat bo‘lgani uchun bunday qila olmaydi. Emmanuel Makronning o‘rnida kim kelsa ham baribir shu muammoga duch kelaveradi. Shuning uchun Fransiya hukumati bir kunmas bir kun ijobiy qaror qabul qilishga majbur bo‘ladi.
– Fransiyadagi namoyishlarga dunyo mamlakatlari qanday munosabat bildirmoqda?
Jahongir Akramov siyosatshunos:
– Xalqaro munosabatlarda eng birinchi o‘rinda milliy manfaatlar turadi. Bizga yaqin bo‘lgan Rossiyaning ommaviy axborot vositalari Fransiyadagi namoyishlarni ko‘rsatib «mana demokratiyaning ahvoli, qattiq qo‘l hokimiyat kerak», deb o‘zidagi kuch ishlatish siyosatini oqlamoqda. Ya’ni, Rossiya OAVlari namoyishlarni ko‘rsatib, mana tub fransuzlarga migrantlar qarshi chiqmoqda, shuning uchun biz qattiq turushimiz kerak, degan qarashni ilgari surmoqda.
Lekin umumiy holatda Germaniya, AQSh va Buyuk Britaniya Fransiyadagi umumiy demokratik institutlarni buzilmasligini istaydi. Chunki Fransiya ham G‘arbning katta qismi, uning kuchsizlanishi G‘arbning kuchsizlanishiga olib kelishi mumkin. Ya’ni, G‘arbning rivojlangan mamlakatlari Fransiya G‘arbning «Axill tovoni» bo‘lishini xohlamaydi.
Ilhomiddin Said Olim jurnalist:
– Barcha davlatlar Fransiyada biror fojia ro‘y bersa, prezidentga diplomatik kanallar orqali maslahat berishi mumkin. Lekin har bir davlat bu voqealardan fakt sifatida foydalanadi. Ayniqsa, bu namoyishlar avtoritar va totalitar tuzumlarda erkinlikni cheklashga olib kelishi mumkin. Demokratik davlatlar esa kelajakda Fransiyaning holatiga tushib qolmasligi uchun bu namoyishlardan o‘ziga yarasha xulosa chiqaradi.
Sardor Ali suhbatlashdi
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter