Germaniyadagi o‘zbek. U qanday qilib olamshumul loyiha ishtirokchisiga aylandi? (Eksklyuziv intervyu)
Germaniya aerokosmik markazi olimlari 149 projektordan iborat sun’iy quyosh yaratishgani haqida internetda xabarlar tarqalgan edi. Mazkur sun’iy quyosh projektorlarining nuri bir nuqtaga yo‘naltirilsa, harorat Selsiy bo‘yicha 3 yarim ming darajaga yetar ekan. Qurilma shu qadar kuchli ekanidan, uni radiatsion himoyalangan binoga joylashtirishga to‘g‘ri keladi. Lampalar yoniqligida xonaga kirgan odam o‘sha zahoti kuyib ketadi.
Tadqiqotchilarning maqsadlaridan biri — vodoroddan ekologik sof yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun qurilmaning imkoniyatlarini o‘rganishdir.
Germaniya aerokosmik markazining ushbu olamshumul loyihasida Zafar Ismoilov ismli o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchi ham qatnashayotganini aniqlagach, ijtimoiy tarmoq orqali u bilan bog‘lanib, «Xabar.uz» uchun maxsus intervyu uyushtirdik.
- Zafar Ismoilov — Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. Oilada uchinchi farzand, uylanmagan. Otasi pochta tarmog‘ida bosh hisobchi, onasi esa Chiroqchi tuman kutubxonasida kutubxonachi bo‘lib ishlagan. Hozir ular nafaqada. Bolaligidan uyidagi ishdan chiqqan elektr jihozlarini ta’mirlash xobbisiga aylangan va bu uning texnologiyalarga qiziqishini oshirgan.
Tamal toshi
— Boshlang‘ich ta’limni Chiroqchi shahridagi nemis tiliga ixtisoslashgan o‘rta maktabda olganman, — deya suhbatni boshladi Zafar. — Maktabda, shuningdek, matematika fani chuqurlashtirilgan holda o‘tilardi va o‘qituvchimiz ham kuchli matematik edi. Bugungi erishgan natijalarimga aynan o‘sha maktabda tamal toshi qo‘yilgan desam, adashmayman.
Maktab davrida turli to‘garaklar bo‘lar edi. Men shaxmat va milliy kurash to‘garagiga katta qiziqish bilan qatnashar edim. Bu ikki sport turi bo‘yicha tuman miqyosida yuqori ko‘rsatkichlarga erishganman.
Sakkizinchi sinfdan keyin musofirchilik hayotim boshlangan. Dastlab, Samarqand shahridagi Respublika olimpiya sport maktabiga dzyudo sport turi bo‘yicha o‘qishga qabul qilindim. Tahsil davomida respublika miqyosidagi turli musobaqalarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Sport maktabini a’lo baholar bilan tugatib, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (hozirgi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti)ning elektrotexnika fakultetiga o‘qishga kirdim.
Sportdan texnika sohasiga
Nega sport yo‘nalishidan birdaniga texnika sohasiga o‘tib ketgan ekan, deb hayron qolgan bo‘lsangiz kerak. Bolaligimdan elektr va elektronika jihozlarini ta’mirlashga qiziqishim juda baland bo‘lgan. Shu qiziqish meni elektrotexnika yo‘nalishiga yetakladi. Institutni tugatgach, o‘qishni davom ettirish uchun Germaniyaga yo‘l oldim. Germaniyaning Bonn-Rhein-Sieg universitetida Mechanical Engineering (mashinalar qurish muhandisi) mutaxassisligi bo‘yicha o‘qidim.
Maktabdan boshlab nemis tilini chuqur o‘zlashtirganim va bu mamlakat haqida ko‘p ma’lumot olganim meni Germaniyada ta’lim olishga bo‘lgan intilishimni oshirgan. Shuningdek, Germaniyada zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan ilg‘or rivojlangan, bu jihat ham menga turtki bergan.
Sportchi, elektrotexnik va dasturchi
Mutaxassisligim hozirda dasturchi hamda Bonn-Rhein-Sieg universitetida Tizimli muhandislik informatikasi yo‘nalishida magistraturani tamomlamoqdaman. Shuningdek, Germaniya aerokosmik markazida tadqiqotlarda ishtirok etyapman.
«Qoramol go‘ngidan gaz ishlab chiqaruvchi uskuna yaratganmiz»
Dastlabki ish faoliyatimni Germaniyaning Ditfurt shahrida «General Electric» kompaniyasida boshlaganman. Bu yerda biogaz qurilmasi loyihasida boshidan oxirigacha ishtirok etib, qurilmani ishga tushirishda qatnashganman. Bu qurilma loyihasi juda qiziqarli bo‘lgan. Bir guruh yosh izlanuvchilar oddiy qoramol go‘ngidan gaz ishlab chiqaruvchi uskuna yaratganmiz. Ushbu uskuna orqali ishlab chiqarilgan gaz ichki yonuv motorlarini ishlata oladi va har bir motorga generatorlar o‘rnatilgan bo‘lib, 800 kVt/soat elektr toki ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Mashhur DHL kompaniyasidagi tajriba
Keyinchalik, DHL kompaniyasiga ishga kirib, paket va xatlarni taqsimlash uskunalarini dasturlashda faol qatnashganman.
Odatda har bir paket yoki xatda yuboriladigan manzillari yozilgan bo‘ladi. Ayrim mijozlar kompyuterdan chiqarilgan bosma shakldagi manzilni yopishtirsa, ayrimlar esa qo‘lda ruchka bilan yozadi. Shu har xil yozuvlarni va shuningdek, ularni turlicha (teskari, yonbosh) holatlarda ham skaner qurilmasi o‘qishi lozim. Qurilma o‘qiy olsagina, uskunada paket va xatlar taqsimlanadi. Biz yaratgan dastur shu vazifani bajargan. Ta’kidlash lozimki, DHL kompaniyasining asosiy taqsimlovchi uskunasi aynan shu skaner hisobiga ishlaydi.
Dunyodagi yagona markazga qanday ishga qabul qilingani haqida
Germaniya aviatsiya va kosmonavtika markazi dunyoda yagona hisoblanadi. Ushbu markaz tanlov e’lon qilganini eshitgach, sun’iy quyosh qurilmasi loyihasi bo‘yicha tanlovda g‘olib chiqdim va ishga qabul qilindim. Tabiiyki, bu loyihada ishtirok etishni istagan talabgorlar juda ko‘p edi. Loyiha rahbarlari asosan germaniyalik bo‘lgan raqiblarim orasidan aynan meni tanlashganidan faxrlanaman. Loyihada mexanika, elektronika hamda informatika dasturlash vazifalarini bajaraman.
Mazkur loyiha 149 dona projektordan iborat bo‘lib, har birining diametri 1 metrni tashkil etadi. Qurilmaning balandligi esa 15 metrga teng, projektorlar o‘z holatini o‘zgartirish imkoniga ega va ularni bitta nuqtaga yo‘naltirish mumkin. Ushbu 149 projektor birgalikda bir nuqtaga yo‘naltirilganda, tabiiy quyosh nuridan kamida 10 ming marotaba kuchli bo‘lgan yorug‘lik intensivligi yuzaga keladi.
Mazkur qurilmadan asosiy maqsad keyingi yillarda quyoshdan olinadigan energiya ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirishdan iboratdir. Shuningdek, quyosh issiqlik elektrostansiyalari sohasidagi tadqiqotchilar va sanoat korxonalari yoki aerokosmik sanoati korxonalari (fazo kemalarining qobig‘ini yaratish uchun) ham ushbu qurilmadan unumli foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston aerokosmik sanoatini yaratish istiqbollari
«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi loyihasiga O‘zbekiston aerokosmik sanoatini yaratish rejaga kiritilgani haqida eshitdim.
Bu loyihaning amalga oshishi internet texnologiyalari sohasi uchun juda katta rivojlanish bo‘ladi va juda ko‘p imkoniyatlarni yuzaga keltiradi, deb o‘ylayman. Misol uchun, kelajakda uchiriladigan sun’iy yo‘ldoshimiz orqali internet tarmog‘i ham uzatilib beriladigan bo‘lsa, shunda internet texnologiyasida katta rivojlanish bo‘ladi. Chunki internet tarmog‘i orqali turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Oddiy misol, avtomobillarni internet yoki GPS tizimi bilan ta’minlanishi orqali avtohalokatlarning oldini olish, qoidabuzarliklarni aniqlash mumkin bo‘ladi. Va, albatta, haydovchiga manzilni qisqa yo‘ldan ko‘rsatishi orqali yonilg‘i tejash kabi qulayliklar yuzaga keladi. Bu bir yo‘nalishdan misol, xolos. Internet texnologiyalari iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlari rivojlanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.
«Sen Vatan uchun nima qilding»
Yilda bir marta, gohida ikki yilda bir marotaba O‘zbekistonga borib turaman. «Vatan sen uchun nima qildi emas, balki sen Vatan uchun nima qilding» shiori ostida O‘zbekistonda «Bola aksiyasi» jamg‘armasini tashkil qilganman va hozirda uni rivojlantiryapman. Bu aksiya og‘ir bemor bo‘lgan jajji bolajonlarga davolanishi uchun moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish tashabbusi hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekistonni Yevropaga tanitish maqsadida «Afsona» nomli (usbek-shop.de) onlayn do‘kon tashkil qilganman. Ushbu do‘konda asosan milliy suvenirlarimiz, hunarmandchilik mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. Onlayn do‘kon daromadining 20 foizi «Bola aksiyasi» jamg‘armasiga ajratiladi.
Sport — bu hayot!
O‘n yoshimdan milliy kurash bilan shug‘ullanganim, keyinchalik sport maktabida tahsil olganim bois, Germaniyadagi o‘qishim davomida ham sportning dzyudo turi bo‘yicha turli musobaqalarda ishtirok etdim. Ayniqsa, 2016-yili Finlyandiyada bo‘lib o‘tgan butunjahon universiadasida dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston nomini dunyoga tanitdim. Albatta, hozir ham sport bilan muntazam shug‘ullanib turaman.
Sport — men uchun hayot belgisi. U bilan o‘zimni ham jismonan, ham aqlan tetik his qilaman.
Yosh dasturchilarga tavsiya
Yaxshi dasturchi bo‘lish uchun, avvalambor, biror, masalan, C++ dasturlash tilini yaxshi o‘zlashtirish lozim deb hisoblayman. Chunki u hozirda keng ishlatiladigan dasturlash tili hisoblanadi. Ushbu kasbni egallayotgan yosh dasturchilar, talabalarga ko‘proq mustaqil o‘qib-o‘rganishlarini, mashq qilishlari, turli masalalar ustida izlanishlar olib borishlari va, albatta, sabrli bo‘lishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter