Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

O‘quvchi «qarmog‘iga» ilingan ustoz, XTB va boshqalar (video)

O‘quvchi «qarmog‘iga» ilingan ustoz, XTB va boshqalar (video)

Bir balo avlod yetishib kelyapti. To‘g‘ri, hammasini kommunikatsiya yo elektronikaga bog‘lash, ularni aybdor qilish oson. Telefonlar yo‘q payti undoq edi, bundoq edi, deyish qiyin emas. Aslida esa muammo boshqa joyda.

Qarang, kecha bir tiktokchi o‘quvchining «shantaji»dan 5 kishi ishdan ketgani aytildi. Lekini shundaki, kadrlar, ayniqsa, o‘qituvchilar taqchil bo‘lgan hududlarda osongina bo‘shatib yuborishni qanday izohlash mumkin?

Xo‘sh, nima qilish kerak edi? 27 aprelda bo‘lgan voqea 15 mayda ommaga oshkor bo‘ldi. Shu paytgacha Bandixon XTB yo maktab ma’muriyati bu narsadan bexabarmidi? Juda yaxshi bilishgan. Shunchaki videoning tarqalib, jamoatchilik e’tibori va e’tiroziga tushgani ularga qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi.

Video qanday qilib va nima maqsadda tarqatildi, deb o‘ylaysiz? Kecha «Yoshlar» telekanali surishtiruvida videokamerani yashirincha joylashtirgan o‘quvchi bola intervyu berdi. Qanday o‘rnatgani, nega bu ishni qilganini aytdi. Ular sinf rahbari bolani urishini oldindan bilgan va buni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylashni rejalashtirgan.

Endi o‘ylab ko‘ring, nega ular avvaldan bilgan? Chunki bu o‘quvchilar doim shu ishni qilib yurgan va o‘qituvchidan dakki va kaltaklar yegan. Axir sinf rahbari oldin ham tarqalgan video uchun ularni urishgan-ku. Videoni nega tarqatdinglar, degan videosi ham, mana, yana tarqalib turibdi.

O‘quvchilarning doim shu ishni qilib yurgani bo‘yicha esa boshqa o‘qituvchilarning gapi bilan xaspo‘shlash mumkin. Ammo ularning tiktokchi ekanini aniqlash qiyin emas. Ko‘cha janglarida bir-birini urayotgan, tepayotgan bu o‘smirlar tiktokka shu sahnalarni joylab, obunachi yo layk orttirgan. Darsda yaxshi o‘qimasligini esa o‘sha jabrdiydaning onasi ham tasdiqlagan.

Xo‘sh, endi savol: bu bolalar hozirdan shantajni o‘rgansa, bir-birini yo ustozlarini «sotish»ni o‘rgansa, ertaga kim bo‘ladi? Vatanini sotmasligiga kafolat bormi? Maktabda o‘qimasa, kuni va o‘y-xayoli tiktokni gullatish bilan o‘tsa, bulardan yana nima kutish mumkin?

Ularning ustakorligini qarangki, sinfxonaga kamerani yashirincha o‘rnatgan. Bu «qarmoq»qa maktab ma’muriyati, tuman XTB ham tushgan. Darrov ishdan bo‘shatilgan. Bolani urmasin, so‘kmasin, biz ham shuning tarafdorimiz. Lekin qars ikki qo‘ldan chiqadi-ku. O‘qituvchi urmasligi uchun o‘quvchi ham tarbiyali va a’lochi bo‘lishi kerakmasmi? Tarbiyani esa ota-ona beradi.

Tarbiyasiz va bilimsiz ekan, ilm olishni istamas ekan, kelajagini tiktokda ko‘rayotgan ekan... Bilamiz, ustozlar talabchan bo‘ladi va o‘z o‘quvchisini shu talabiga yarasha bilimli qilishni xohlaydi. Doimiy dars qilmagandan keyin shuncha mehnatiga achinadi, alami kelishi tabiiy, shunda o‘zini tutib turolmasligi mumkin. Axir o‘quvchi yomon bo‘lsin, demaydi-ku.

Paradoks shundan iboratki, Andijonda o‘qituvchilarni beburd qilganlar bitta uzr bilan qutulib qolishi kerakmi? Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadigan qancha hokimu o‘rinbosarlar ham kechirim so‘rab qo‘ya qolishgan. Xalq ta’limi vazirligi shunday zo‘r ekan, bittada bo‘shatib tashlarkan, unda bu ishini hammaga birdek qilsin-da. Yo hamma uzr bilan qutulib qolsin, yo barcha ishdan haydalsin!

Bu yerda aslida boshqacha yechim ham bor: masalan, o‘sha kaltaklanish ortidan maxsus guruh tuzilib, o‘rganish olib borib (o‘rganib chiqishdi-ku axir), ota-onalar va o‘qituvchilar bilan gaplashishsa bo‘lardi. Otaga o‘g‘lining beboshligini aytsa, tushunar, odam-ku uyam, erkak-ku!

Xullas, ustozlarni ishdan haydash, ularni jazolayverish bilan muammoni hal qila olmaymiz. E’tiborni tarbiyaga qaratish kerak. Sherzod Shermatov Xalq ta’limi vaziri bo‘lganda aynan shu narsani yo‘lga qo‘ygandi. Farzandi qilmishi uchun ota-onasini chaqirib, ularga asl holatni yetkazish amaliyotini joriy qilgandi. Hozir bu bormi yo yo‘q, bilmayman.

O‘qituvchilarning obro‘sini oshirish davlat rahbari darajasida turgan ekan, boshqa mutasaddilar bu siyosatga qarshi chiqmasligi kerak. Urgan odam qilmishiga yarasha jazosini olsin, lekin bolani kim tarbiyalaydi?

Endi o‘qituvchilar bizni qanday urganlarini aytsak, hozirgi yoshlarga cho‘pchakka o‘xshaydi. O‘qimaganimiz yo bezoriligimiz uchun kaltak yerdik. Otamizga aytib borsak, kamiga qo‘shimcha qilib berardi: «kazyollik» qilganimiz, yaxshi o‘qimaganimiz, yomon xulqli bo‘lganimiz uchun. Chunki o‘qituvchi bekorga jazolamasligini juda yaxshi bilishardi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети