Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Sharof Boshbekovning so‘nggi tug‘ilgan kuni

Sharof Boshbekovning so‘nggi tug‘ilgan kuni

Taniqli dramaturg, «Temir xotin» tragikomediyasi va boshqa pesalar, badiiy filmlar, «Charxpalak» teleseriali muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sharof Boshbekov shu yilning 26-yanvarida vafot etdi. Kamina bilan suhbatda u 1997-yili o‘zining insultga duchor bo‘lganini aytib bergan edi.

Men o‘zimning ssenariyim asosida «Farhod plyus Shirin» degan filmni suratga olayotgandim (keyinchalik boshqa rejissyor uni «Doka ro‘mol qurishi» nomi bilan film qildi). Charchadimmi, ko‘p asabiylashdimmi, mazam qochib qoldi. Vrachlar «insult» deb tashxis qo‘yishdi. Kasallik tufayli bir necha yil ijoddan to‘xtab qoldim. Qo‘l ishlamaydi, til ishlamaydi, lekin kalla ishlaydi-ku! Insult miya kasalligi, degan edi Sharof aka.

Bu kasallik dramaturgni yana bezovta qildi. O‘limiga ham insult sabab bo‘ldi.

Ajal ekan, insult bo‘ldilar, – deydi Sharof Boshbekovning rafiqasi Mavjuda Orifxo‘jayeva g‘am-anduh bilan. Uchinchi marta. 97-yili birinchi insult ro‘y bergan bo‘lsa, keyin, ya’ni bundan to‘rt-besh yil oldin qattiq grippga yo‘liqib, kasallik yana qaytdi.

Sharof Boshbekov uzoq yillar muqaddam ko‘p sigareta chekib, fortochkani ochib o‘tirib ishlagan. Rafiqasining aytishicha, ilk insult sababi shu!

O‘shanda vrachlar operatsiya qilish kerakligini tushuntirishdi. Boshdagi tomirda qon qisilib qolgan edi. Lekin Sharof akaga kimdir shipshidi, «Operatsiya qildirmang, to‘rt soat mobaynida hayotdan uzib qo‘yishadi, yurak, bosh, buyrak hamma a’zolarni apparatga ulashadi. Men operatsiya qildirib odam bo‘lmay qoldim. Shunday yashayvering», dedi. Sharof aka ukoldan rosa qo‘rqardi, Samarqanddan keltirilgan noyob dori-darmonlarni ham xohlamadi. Operatsiyani qat’iyan rad etdi.

Insultdan so‘ng Sharof Boshbekov yana 25 yil yashadi. Ammo orada oyoqlaridagi varikoz qiynadi. Do‘rmonda dam olayotganida oyoqlariga issiq qo‘yib o‘tirib, mazasi qochdi. Shishib ketdi. Oyog‘ini operatsiya qildirishga to‘g‘ri keldi. «Insult qaytaladi, shekilli», dedi Sharof akaning o‘zi.

Sharof Boshbekov yo‘lbars yilida tug‘ilgan, indamas, lekin o‘jar edi. Xarakter odami bo‘lgan. Asarlari hazil-mutoyibaga boy bo‘lsa-da, o‘zi ancha jiddiy, ovozi chiqmas, uch kunlab gapirmasligi ham mumkin edi.

O‘tgan yilning oxirlarida Sharof akani Yozuvchilar uyushmasiga taklif qilishdi. Kitoblaringiz chiqyapti, keling, deyishdi. Odatda u kishi, men kasalman, der, ahvoli yaxshi bo‘lsa ham telefon qilganlarga, «alo-o-o, mazam yo‘q» deb zaif ovozda javob berardi. «Menga shunday gapirish yoqadi, yengil tortaman», derdi. Mavjuda opa iltimos qildi. «Uyushmaga borganda o‘zingizni yaxshi tuting, tetik yuring», dedi. «Bo‘pti, sen uchun shunday qilaman», dedi Sharof aka. Keyin esa u yerda gapirishga ham holi kelmadi. «Mukofot sizga nima beradi?» – deb so‘ragan telejurnalistga, «mas’uliyat», deb boshqa gapirmadi. «Xotinim gapirsin», dedi va Mavjuda opa javob berdi.

2022 yil 4 yanvarda Sharof Boshbekov tug‘ilgan kunini nishonladi. Uyga ko‘p odam keldi. Mehmonlar orasida kasal bo‘lganlar, qarindoshlar, yo‘talayotgan kishilar ham bor edi. Keyingi kunlari Sharof akani qattiq yo‘tal tutib, grippga duchor bo‘ldi. Kasallik mehmonlardan yuqdi, shekilli, uydagilarning hammasi yo‘talib qoldi. Ayniqsa, Sharof akada bu og‘ir kechdi. Aslida u qalin kiyinmas, yengil libosda kirib-chiqib yuraverardi. Ahvoli og‘ir bo‘lsa-da, shifoxonaga yotishni xohlamadi.

Poliklinikaga qo‘ng‘iroq qilsak, koronavirusga test topshiringlar, deyishdi, – deydi Mavjuda opa. Sharof aka zo‘rg‘a yuryapti o‘zi. Men, ahvollari og‘ir, borolmaydilar, dedim. Poliklinikadan ukol uchun dori-darmonlar berib, vitaminlar tavsiya qilishdi. Sharof aka ukolga ikki kun chidadi, keyin rad etdilar. Kerak emas, deb ko‘nmadilar. Tuzalib ketadilar, deya men ham ko‘p qistamadim.

Boshbekov toza-ozoda yurishni yaxshi ko‘rardi. Yotavergani uchun bezovta bo‘ldi. «O‘zimning hidim yoqmayapti», dedi. Mavjuda opa cho‘miltirib qo‘yishini aytdi. Egizak singillari bor, ularni yordamga chaqirdi. Vannaga ko‘tarishib kirishsa bo‘ldi, deb o‘yladi. Singillari ertasi kuni kelishdi. Sharof aka ularni ko‘rib quvonib ketdi. Mavjuda opa hamshira bo‘lib ishlagan singlisi orqali Sharof akaga ukol qildirmoqchi bo‘ldi. Sharof aka baribir ko‘nmadi.

Ha, Boshbekov yana dori ichishni istamadi. U qandaydir o‘zgargan edi. Balki... o‘lim ayon bo‘lgandir. «Men, – dedi xotiniga, – juda dangasa bo‘lganman. Daryoda cho‘milganimda uzoq suzardim. O‘rtasiga borib charchab qolsam, o‘lsam o‘lay, deb suzishdan to‘xtab cho‘kib ketaverardim. Odamlar o‘zlari qutqarib chiqishardi. Juda ko‘p o‘limdan qolganman. Insult bo‘lganimda shifoxonada hayotim tugadi, deb o‘ylagandim. Yana yashab ketdim».

O‘limidan uch kun oldin Boshbekov o‘zining ijodxonasiga qayta-qayta g‘alati qarab qo‘yaverdi. Xuddi u yerda birov borday. Mavjuda opa hayron bo‘ldi. Kimga qarayapsiz, deb so‘radi. Sharof aka indamadi.

Mavjuda opa erining o‘lishini sira kutmagan edi. O‘sha kuni u singillari bilan sholg‘om va sabzini qirg‘ichdan o‘tkazib, yumshoq palov damlamoqchi bo‘ldi. Zahro singlisiga pochchasiga qarab turishni tayinladi. Vaqt peshindan ancha o‘tgan edi. Mavjuda opa orada tahorat olib, namoz o‘qimoqchi bo‘ldi. «Pochcham chaqiryaptilar», deb qoldi singlisi. Mavjuda opa yugurib kirdi. «Mazam bo‘lmayapti», dedi Sharof aka behol. Uning qand kasali ham bor edi. «Saxari tushib ketgan», deb o‘yladi Mavjuda opa. Shokolad yedirdi, novvot choy ichirdi. Shunday qilsa, tuzalib qolardi-da. Biroq o‘zgarish sezilmadi. Mavjuda opaning sabri yetmadi, Kamola qiziga telefon qildi. «Tez yordam»ni chaqirishni tayinladi.

Sharof akaning mazasi qochaverdi. «Qand kasalligi tufayli komaga tushyapti», deb o‘yladi Mavjuda opa. Qon bosimini o‘lchashdi. «Bir yuz yigirma, bu yaxshi», dedi Zahro opa. Qand kasalini tahlil qilish uskunasini ishlatishdi, ammo qon chiqmadi. «Tez yordam» keldi. Sharof aka ularga qaramadi-da, qaynsinglisiga: «Zahro, boshimni qattiq qis», dedi. Zahro opa u aytgandek qildi. Sharof aka na «uf» dedi, na... g‘arg‘ara keldi.

Hammasi bir daqiqaning ichida ro‘y berdi, – deydi Mavjuda opa. – Sharof aka menga qarab turdilar. Ko‘zlari shunaqangi yorqin, chiroyli ediki, yoshlik davrini eslatib yubordi. Shahlo edi ko‘zlari. Ular katta ochilgandi. Bu ko‘zlardan nur taralardi. Men u kishini o‘ladi, deb o‘ylamadim. O‘layotgan odamning ko‘zlari boshqacha bo‘ladi, parda tushib, talvasa yuz beradi. Sharof akaning kulib turgan ko‘zlarida esa hayot aks etardi. «O‘lmaydilar, qand tufayli komaga tushyaptilar», deb o‘yladim yana. Ko‘zlarini yumdilar. Yuz ko‘rinishlari judayam xotirjamlik kasb etdi.

Do‘xtirlar – ikki qiz Sharof akaning qon bosimi va yurak urishini o‘lchab ko‘rishdi. «O‘lgan», deyishdi. Mavjuda opa ishonmadi. Ukol qilishlarini so‘radi. Ular esa ishontirishga urindilar. Ko‘zlarini ochib, «qorachiqlari tepaga qarayapti», deyishdi. Keyin esa, «Mayli, ko‘nglingiz uchun», deb bitta ukol qilishdi. O‘zgarish bo‘lmadi. «Xola, joni uzilgan», dedilar.

Qirq besh yil jarrohlik bo‘limida ishlagan Zahro opa buni allaqachon sezgan ekan. Mavjuda opa ovqatga unnayotganida Sharof aka aytgan ekan. «Zahro, hech nima yegim kelmayapti. Rizqim tugadi, shekilli. Lekin rizqi tugasayam, ovqat yemasayam, umri yakun topmasa, odam o‘lmas ekan». Mavjuda opa bir kun oldin Sharof akani ovqat yeyishga majbur qilganida, u kishi urishib bergandi. «Bo‘ldi, yemayman, o‘z holimga qo‘y. Men tinch yotishni xohlayman. Ukol, dori-pori tiqishtirma menga», – degan o‘shanda  Sharof aka...

Mavjuda opa erining jasadini mahkam quchoqlab yig‘ladi. «Ketmaydilar», dedi nuqul.

Keyinroq qizi aytdi, Sharof akaning chap qulog‘i ko‘karib ketgan ekan. «Boshida tomiri yorilgan», – dedi doktor.

O‘zbekning zo‘r ijodkori, mohir dramaturg, ajoyib yozuvchi, rejissyor va ssenariynavis Sharof Boshbekov bu dunyoni abadulabad tark etgandi. O‘shanda 2022 yil yanvarining oxirgi kunlari, so‘nggi tavallud ayyomidan 22 kun o‘tgan edi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети