Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

9-may... Sobiq ittifoq qaytishidan xavotirlanmang!

9-may... Sobiq ittifoq qaytishidan xavotirlanmang!

Foto: «Gazeta.uz»

Xotira va qadrlash kuni arafasida turibmiz. Har kuni ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilganlar, shu vatan uchun jon fido etganlar haqida lavhalarni tomosha qilayapmiz, o‘zimiz ham baholiqudrat yoritayapmiz. Ammo bu bayram arafasida yurtimiz afkor ommasida hadiksirovchilar guruhi shakllanib qoldi. Ular har bir elementdan sobiq ittifoqqa qaytish ruhini izlamoqda va bunga qarshilik qilmoqda.

Tarix g‘oliblar tomonidan yozilishi, shuningdek har bir davlatning, millatning o‘ziga xos talqini bo‘lishi ma’lum. Shuningdek yana bir muhim jihat bor — tarixni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, tamom!

Hozir biz rasman Ikkinchi jahon urushi deb atayotgan tarixdagi eng qirg‘inbarot urush 1939 — 1945-yillarda bo‘lib o‘tgan. Ammo sobiq ittifoq, xususan O‘zbekiston bu urushga 1941-yilda kirgan va u Ulug‘ vatan urushi deb nomlangan.

Albatta, yillarda va faktlarda tafovut bo‘lsa-da, mustaqil bo‘lganimizdan so‘ng «Ulug‘ vatan urushi» atamasidan voz kechganimiz mafkuraviy jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan. Chunki aynan o‘sha «Ulug‘ vatan»dan mustaqil bo‘laturib yana «Ulug‘ vatan urushi» deyaversak, mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi. Shuningdek «G‘alaba kuni» atamasi ham mazmunan kengaytirilib, «Xotira va qadrlash kuni» deb o‘zgartirildi. Chunki faqat xotira bilan cheklanmasdan qadrlash ham yangi bosqichga olib chiqildi. Faqat Ikkinchi jahon urushi doirasida qolmasdan, shu yurt uchun jonidan kechgan vatan o‘g‘lonlari ham qamrab olindi.

Hozir gap bu haqda ham emas.

Ikki yildirki, bu bayram ko‘lami nihoyatda kengaydi. Urush qatnashchilariga bo‘lgan e’tibor, rag‘batlantirish keskin kuchaytirildi, tadbirlar juda rang-barang tus oldi. Aynan mana shu joyda bahstalab mavzular tug‘ildi. Bayram tadbirlarida ishtirokchilarning liboslari, ramzlari, shuningdek taqdim etilgan orden va medallar namoyishi o‘zlarini mustaqillik hamda millat ozodligi kuychisi hisoblovchi qatlamda hadik uyg‘otdi. Bu tasvirlar ortidan sobiq ittifoq qaytishi ko‘zlangan, deya bong urila boshlandi.

Albatta, ko‘pchilik bir holatga turlicha baho berishi tabiiy. Shuningdek har bir insonning o‘z fikriga ega bo‘lishi tahsinga loyiq. Lekin bir o‘ylab ko‘raylik, bu bayram asosan kim uchun? Birinchi navbatda o‘sha mash’um urushda g‘alaba qilgan, vatan deganda o‘z uyini, oilasini tushunib qon kechgan, yilni-ku qo‘ying, oydan-oyga, kundan-kunga safi siyraklashib borayotgan bobolar uchun emasmi?

Bir fotomuxbir ukamiz aytgandi. Mana shu bayram arafasida urush qatnashchisi bo‘lgan otaxonni suratga olish topshirig‘i bilan borgan. Otaxon juda xursand bo‘lgan va bayram liboslariga orden-medallarini taqib suratga tushib, mazmunli intervyu ham bergan. Fotomuxbir sifatli suratlarni olib gazeta tahririyatiga topshirgan. Hammasi risoladagidek go‘yo.

Lekin bayram o‘tib ketadiki, suratlar ham, maqola ham chiqmaydi. Otaxonning o‘zi keyin sekin so‘raydi (har qanday inson kutadi-da).

Fotomuxbir surishtirsa, tahririyatda shunday javob berishibdi: «Urush qatnashchisi suratlarida sobiq ittifoq orden va medallari bor ekan. Shuning uchun chop etilmadi».

Fotomuxbir otaxonning ko‘ngli o‘ksishi mumkinligini aytsa: «Orden va medallarini ko‘rsatmay, boshqatdan suratga tushib bersin, balki chiqararmiz...», — deyishibdi.

Ming xijolat bilan borib shunday deganida otaxon o‘ksinib: «Axir men bu ordenlarni qon kechib olganman, endi ulardan voz kechishim kerakmi?!», — deya ko‘ziga yosh olgan ekan.

O‘sha yillari suratda faqat boshi, yoki videolavhalarda uzoqdan ko‘ringan urush qatnashchilari talaygina edi. Qarang, mafkurani rosa mahkam ushlagan paytlarimiz bo‘lgan ekan-da...

Hozir ular nafaqat ko‘kraklarini kerib o‘tiribdi, balki har birining qarshisida o‘sha urush yillarining yorqin xotiralarini uyg‘otuvchi sahna ko‘rinishlari namoyish qilinmoqda, qo‘shiqlar kuylanmoqda, tadbirlarga o‘sha kunlar, g‘alaba onlari ruhi singdirilmoqda — ammo «qizil» mafkura emas! Chunki bu «qizil» mafkura g‘alabasi emas, yosh jonini fashist o‘qiga tutgan, hozirda davramiz to‘rida o‘tirgan mana shu bobolarimiz g‘alabasi! 

Yuqoridagi ta’kidlaganimiz — hadiksirovchilar guruhi o‘sha urush paytidagi jangchilar libosi-yu kuylangan qo‘shiqlarni, ayniqsa «Katyusha»ni obdan tanqid qilibdi. Bunday ko‘rinishlar milliyligimizga mutlaqo yotligi-yu sobiq ittifoqning hidi kelayotganini tushuntiribdi.

Savollar tug‘iladi: tarixni qanday o‘zgartirasiz? Vatan deya jangga kirgan vatandoshlarimiz «milliyligimiz shu» deb sovutu qilichda jangga kirganmidilar? Ular har qadamda ajal poylab turgan jang maydonlarida biri rus, biri ukrain, biri qozoq, biri gruzin safdoshlari bilan yelkama-yelka kuylagan qo‘shiqlarning nimasidan hadiksiraysiz? Axir bu qo‘shiqlar har kuni aytilmayapti, «xit» sifatida xit qilib aylantirilmayapti, qo‘ying endi, shunday kunlarda tarixni bir eslatsin!

Yana bir jihat. Muhim jihat. Mustaqilligimiz mustahkam! Har qanday mayda-chuydalar endi bu tuyg‘umizga putur yetkaza olmaydi. Shunday ekan, keling, o‘tmishning bugungi bir kunlik kichik in’ikosidan emas, bugunning kelajakdagi asrlarga tatigulik buyuk loyihalaridan gaplashaylik.

Комментарии 2

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети