Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Vashingtondagi aviahalokat aybdorini aytdi

Tramp Vashingtondagi aviahalokat aybdorini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda yuz bergan va 67 kishining hayotiga zomin bo‘lgan aviahalokatning sababini ochiqladi.

Tramp da’vosicha, xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik dasturi (Diversity, equity, and inclusion) hamda demokratlar Jo Bayden va Barak Obama olib borgan siyosat halokatga olib kelgan.

Respublikachi prezidentga ko‘ra, demokratlar boshqaruvi davrida tenglik va inklyuzivlik tamoyili sabab aviadispetcherlarga qo‘yilgan talablar yengillashtirilgan.

Tramp prezident Obama davrida Fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha federal boshqarma (FAA) xodimlari orasida «oqtanlilar ko‘p» ekani haqida hujjat imzolaganini aytgan. «Ayrim faoliyat yo‘nalishlari uchun bizga yuqori malakali mutaxassislar kerak», deya aviadispetcherlar malakasiga shubha bildirgan u.

Tramp Bayden davrida transport vaziri lavozimida ishlagan Pit Buttijichni ham keskin tanqid qilgan. Ushbu shaxs AQShda vazir lavozimiga tayinlangan ilk noan’anaviy jinsiy oriyentatsiya vakili ekani aytiladi.

Oq uyning amaldagi xo‘jayini demokratlar davrida amalga tatbiq etilgan inklyuzivlik dasturi Fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha federal boshqarma tizimiga nomunosib kadrlar ishga kirishiga yo‘l ochganini qayd etgan.

«Men lavozimga kirishgunga qadar (ishga qabul qilish bo‘yicha) turli yo‘riqnomalar bo‘lganiga e’tibor qaratmoqchiman. Ulardan birida Fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha federal boshqarma dasturlari xodimlari xilma-xilligini ta’minlash uchun og‘ir aqliy va ruhiy buzilishlar kuzatilgan odamlarni ishga qabul qilishga alohida e’tibor qaratilishi bayon etilgan», – degan Tramp.

Aviahalokatga aynan nima sabab bo‘lgani hozircha aniq emas. Ammo Tramp demokratlar davrida faol targ‘ib-tashviq etilgan Xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik dasturiga qat’iy qarshi ekani aniq. Ushbu dastur etnik ozchilik vakillari, kam sonli madaniyat namoyandalari bilan birgalikda  noan’anaviy jinsiy oriyentatsiya egalarini ham dastaklashni nazarda tutadi.

Tramp 47-prezident sifatida rasman ishga kirishgan kundayoq «AQShda faqat ikki jins – erkak va ayolni tan olishi»ni ta’kidlagandi.

Eslatib o‘tamiz, 30 yanvar kuni Vashingtonda Bombardier CRJ700 yo‘lovchi uchog‘i va Black Hawk harbiy vertolyoti to‘qnashuvi ro‘y berdi.

Oqibatda samolyotdagi 60 yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi hamda harbiy vertolyotdagi uch kishi – jami 67 odam halok bo‘lgan. Oq uy ham mudhish halokatda tirik qolganlar yo‘qligini tasdiqlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring