Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Eronni xakerlik hujumida aybladi

Tramp Eronni xakerlik hujumida aybladi

Tramp Eronni uning saylovoldi resurslarini buzishda aybladi. Sobiq prezidentning jamoasi uning ichki kommunikatsiyalari buzib kirilganini ma’lum qilgan.

Bu haqda Reuters saylov kampaniyasi vakili Stiven Chung bayonotiga tayanib yozmoqda.

Trampning o‘zi «Truth» ijtimoiy tarmog‘ida Eron hukumati uning saylovoldi kampaniyasining «ko‘p saytlaridan birini» buzib kirganini aytdi.

«Ular faqat omma uchun ochiq bo‘lgan ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lishdi, ammo shunga qaramay, ular bunday ish qilmasliklari kerak», – dedi sobiq prezident.

Microsoft avvalroq eronlik xakerlar prezidentlik kampaniyasida ishtirok etgan «yuqori martabali amaldor» akkauntini buzishga uringani haqida xabar bergan, biroq gap qaysi amaldor haqida ketayotgani, uning lavozimi yoki partiyaviy mansubligi haqida aniqlik kiritmagan edi.

Ko‘p o‘tmay, Politico Tramp saylovoldi tashviqotiga oid ichki hujjatlarni anonim manbadan olganini ma’lum qildi. 271 varaqdan iborat hujjatlardan biri Tramp vitse-prezidentlikka saylagan Ogayo shtati senatori Jey Di Vens haqidagi batafsil ma’lumot bo‘lgan.

Stiven Chungning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjatlar «2024-yilgi saylovlarga aralashish va butun demokratik jarayonga tartibsizlik uyushtirish maqsadida Qo‘shma Shtatlarga dushman bo‘lgan xorijiy manbalardan noqonuniy ravishda olingan».

«Eronliklar prezident Tramp Oq uyda ishlagan birinchi to‘rt yilida bo‘lgani kabi, ularning terrorini to‘xtatishini bilishadi», – deydi saylov kampaniyasi rasmiysi.

Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi bu iddaolarni izohlar ekan, Reuters agentligiga mamlakat rasmiylarining AQSh prezidentlik saylovlariga aralashish niyati va maqsadi yo‘qligini aytdi. Shuningdek, Tramp jamoasi taqdim etgan ma’lumotlar haqida gapirar ekan, «bunday xabarlarga ishonmasliklarini» ta’kidlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring