Tramp: AQSh G‘azo sektorini o‘z nazoratiga oladi
![Tramp: AQSh G‘azo sektorini o‘z nazoratiga oladi](https://static.xabaruz.com/crop/3/9/920__95_3924801425.jpg)
Vashington G‘azo sektorida keng ko‘lamli minalardan tozalash ishlarini olib borish va keyinchalik hududni tiklash uchun nazorat o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Oq uy rahbari G‘azo sektori ulkan vayronagarchilik zonasiga aylangani, u yerda deyarli hamma narsa yer bilan yakson qilinganiga e’tibor qaratdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar eksklav aholisi qo‘shni mamlakatlarda, birinchi navbatda Misr va Iordaniyada quriladigan yangi turar-joy majmualariga ko‘chib o‘tishsa, «yaxshiroq bo‘lardi».
«AQSh G‘azoni nazoratga oladi va u yerda ish olib boradi. Biz barcha portlamay qolgan bombalar va boshqa qurollarni olib tashlash, hududni tekislash va vayron bo‘lgan binolardan qutulish uchun javobgar bo‘lamiz», — deya qo‘shimcha qilgan Oq uy rahbari.
Avvalroq ham Tramp G‘azo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 1,5 million aholisini Misr va Iordaniyaga ko‘chirish kerakligini aytgandi. Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Trampning bu taklifini «zo‘r g‘oya» deb atagandi.
Biroq Iordaniya ham, Misr ham falastinliklarni majburiy ko‘chirish tashabbusini rad etgan.
Hatto AQShning Yevropadagi ittifoqchilari ham Tramp ilgari surgan taklifga qarshi chiqqandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter