Suriyalik isyonchilar Hafiz Asadning maqbarasiga o‘t qo‘yishdi (video+foto)

Suriyalik isyonchilar marhum prezident Hafiz Asadning maqbarasini tahqirlashdi. BBC tekshirgani aytilayotgan videoyozuvlarda Latakiya hududidagi Qardahada o‘t qo‘yilgan maqbara fonida yurgan ko‘plab qurolli shaxslarni ko‘rish mumkin.
«Hayyat Tahrir ash-Sham» harakati boshchiligidagi isyonchilar yashin tezligida Suriyani qo‘lga kiritib, Asadlar oilasining 54 yillik hukmronligiga nuqta qo‘ydi. Mamlakatni tashlab qochgan prezident Bashar Asad va uning oilasiga Rossiya boshpana berdi.

Butun mamlakat bo‘ylab marhum prezident Hafiz hamda uning o‘g‘li Basharning haykallari va suratlari ularning hukmronligiga barham berilganini nishonlayotgan suriyaliklarning shodiyonalari ostida yo‘q qilinmoqda.

2011-yilda Bashar Asad demokratiya ruhidagi tinch namoyishni shafqatsizlarcha bostirib, mamlakatni vayronkor fuqarolik urushiga giriftor qilgan, oqibatda yarim milliondan ortiq suriyalik halok bo‘lgan, 12 million fuqaro o‘z uylarini tashlab ketgandi.
Uning otasi Hafiz Asad Suriyani 1971-yildan 2000-yilgacha (o‘limiga qadar) boshqarib, mamlakat jilovini o‘g‘li Bashar Asadga topshirib ketgan edi.

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter