Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya qo‘shini Nyu-Yorkni egalladi

Rossiya qo‘shini Nyu-Yorkni egalladi

Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning Donetsk viloyatiga tegishli Nyu-York aholi punktini egalladi.

Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, «Sentr» qo‘shini bo‘linmalarining faol harakatlari natijasida Ukraina harbiy bo‘linmalari mag‘lubiyatga uchragan va Toretsk aglomeratsiyasidagi strategik ahamiyatga ega Nyu-York aholi punkti nazoratga olingan.

Hudud ruslar tomonidan egallanganini tasdiqlovchi boshqa manba yo‘q. Gap shundaki, Ukraina mudofaa vazirligiga yaqin axborot kanallari 20 avgust kuni tunda Donetsk viloyatida Nyu-York aholi punkti uchun og‘ir janglar ketayotganini xabar qilgan edi.

«Ukrainskaya pravda» nashri esa aholi punktining 20 foiz hududi Ukraina nazoratida ekani, rus harbiylari Nyu-Yorkning bir qismini egallab, Nelipovka hududi tomon harakatlanganini yozgan.

Donetsk viloyati Baxmut tumanida joylashgan Nyu-York aholi punktida urushga qadar 11 ming aholi istiqomat qilgan. Rossiya armiyasi ushbu hududni egallash uchun yoz oylaridan boshlab harakatga kirishgan edi.

Nyu-York aholi punktiga Rossiya imperatritsasi Yekaterina II tomonidan Sharqiy Ukrainaga taklif etilgan mennonitlar jamoasi asos solgan.  1951-2021 yillarda hudud Novgorodskoye deb atalgan.

Rossiya Ukrainaning Donetsk viloyati bo‘ylab ilgarilayotgan bo‘lsa-da, o‘z hududiga kirib borgan ukrain harbiy bo‘linmalarini hali ham chiqarib yubora olganicha yo‘q.

Avval xabar berganimizdek,  6 avgust kuni erta tongda Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk viloyatiga kirib bordi.

20 avgust holatiga ko‘ra, Ukraina armiyasi mintaqadagi 92 ta aholi punktini yoki jami 1250 kvadrat kilometr hududni nazorat qilmoqda. Rossiya minglab aholini hududdan evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaning Kurskka hujumini «Putin uchun dilemma» deb atagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring